Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishonish qiyin bo‘lgan dunyo ajoyibotlari! (2-qism)

Ishonish qiyin bo‘lgan dunyo ajoyibotlari! (2-qism)

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali jahondagi ko‘plab ajoyibotlardan bahramand bo‘lishingiz uchun qiziqarli maqolalar berishni davom ettiradi.

Bir necha kun avval ishonish qiyin bo‘lgan dunyo ajoyibotlari haqida ma’lumot berishni boshlagan edik.

Quyida uning ikkinchi qismini e’tiboringizga havola etamiz.

Sahara ko‘zi

Mavritaniya g‘arbidagi Sahara cho‘lida gumbazsimon geologik ajoyibot mavjud. Diametri 25 milni tashkil etadi. Hatto, uni kosmosdan ham tomosha qilish mumkin.

Dastlab ushbu hosila meteorit ta’sirida vujudga kelgan krater sifatida ko‘rilgan. Lekin, so‘nggi tadqiqotlar buni oqlamadi. Olimlarning fikricha, u 66 million yil oldin qattiq va yumshoq tuproq jinslari aralashuvidan paydo bo‘lgan.

Sevgi tunneli

Siz rasmda ko‘rib turgan ajoyib manzara – sevgi tunneli nomi bilan mashhur. U Ukrainada joylashgan bo‘lib, mamlakatdagi temir yo‘lning bir qismi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu sevgi tunnelidan kuniga 3 marta poyezd harakatlanadi. Ammo, bu yer poyezd bo‘lmagan paytlar sevishganlar eng ko‘p tashrif buyuruvchi maskan hisoblanadi.

Kamalak havza

Kolumbiyadagi mazkur kamalak havza yilning ma’lum vaqtlarida qizil, ko‘k, yashil, sariq va qora rangli suv o‘simliklari tomonidan qoplab olinib, ajoyib manzarani hosil qiladi.

Bu jarayon asosan iyun va noyabr oylariga to‘g‘ri keladi.

Lencois Maranhenses milliy bog‘i

Suratdagi manzara bir qarashda o‘zga sayyorani tasvir etayotgandek ko‘rinadi. Aslida esa, bu joy Braziliya qirg‘oqlarida joylashgan Lencois Maranhenses milliy bog‘idir.

Ushbu park ikkita ajoyib xususiyatga ega. Ya’ni, yomg‘irli akvalagonlar va oq qumtepalar.

Mono ko‘li

Ushbu g‘ayritabiiy ko‘l nafaqat Qo‘shma Shtatlar, balki jahonda ham eng qadimiy ko‘llardan biri bo‘lib, Kaliforniya shtatida joylashgan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, u qariyb 1 million yildan beri mavjud.

Ko‘ldagi «Tufa minoralari» esa, turli minerallardan tarkib topgan va unga o‘zgacha ulug‘vorlik kasb etgan. Qolaversa, ko‘l Shimoliy Amerika qit’asidagi eng chiroyli ko‘llar qatoriga kiradi.

Oq sahro

Ha, bu sahro oq rangga egaligi bilan hayratga soladi. Sahro Misrda joylashgan bo‘lib, undagi ulkan oq toshlarning ba’zilari 15 fut balandlikkacha boradi. Ushbu toshlar kalsiydan tarkib topgan.

Ikki xil rangdagi daryoning birlashish joyi

Shveysariyadagi Jeneva shahrida ikki xil rangdagi tog‘ daryolari – Ron va Arve o‘zaro kesishgan joy g‘ayritabiiy manzarani kasb etgan.

Rasmdagi chap tomondan oqib kelayotgan Ron daryosi ko‘k-yashil rangni Lehman ko‘lidan olgan. O‘ng tomonda esa, Chamonix vodiysining erigan muzliklaridan loyqa tusi bilan Arve yuqori tezlik bilan oqib keladi.

Vulqon nuqtasi

Siz rasmda ko‘rib turgan ko‘l ichidagi vulqon nuqtasi Tinch okeanining Filippin arxipelagida joylashgan. Ushbu vulqon mamlakatdagi eng faol vulqonlardan hisoblanadi. 1991 yildan beri u o‘nlab marta otilib chiqqan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, vulqonning faolligi natijasida ko‘l tobora kengayib bormoqda.

Atakama cho‘lidagi qo‘l haykal

Ushbu ro‘yxatdagi boshqa mo‘’jizalardan farqli o‘laroq, Cho‘ldagi qo‘l haykali ona tabiat tomonidan emas, balki odam tomonidan yaratilgan. Chililik mashhur haykaltarosh Mario Irarrezabal 1992 yil bepayon Atakama cho‘lining o‘rtasida qo‘l haykalini bunyod etdi.

Aytishlaricha, qo‘l haykalni 36 fut balandlikda ko‘rish juda ta’sirli.

 

Suv ostidagi istirohat bog‘i

Avstriya markazidagi Xochshvab tog‘lari sayyohlarning ko‘p tashrif buyuruvchi jannatmonand va qishda qorga burkangan ajoyib joyidir. Ammo, qishdan keyin sodir bo‘luvchi jarayonlar ushbu maskanni chinakam o‘ziga xos joyga aylantiradi. Ya’ni, iyun oyi tog‘lardan qor erib bu yerda Grune See nomli ko‘l paydo bo‘ladi.

Uning tubi esa, daraxtlar, piyodalar uchun ko‘priklar, o‘tirg‘ichlar, o‘tloqli dov-daraxtlar – barchasi yashil rangga burkanadi.

Ko‘l juda qisqa muddat mavjud bo‘lib, bir oydan ortiq davom etmaydi.

Yer osidagi shahar

Turkiyada Derinkuyu kashfiyoti fantastik asarlardagi holatga o‘xshaydi. 1963 yil uy ta’mirlayotgan ishchilar egasi bilmagan xonani ochib berish uchun devorni buzgan va bu xonada 20 ming kishi va ularning chorva mollari, oziq-ovqat mahsulotlari joylashgan qadimiy shaharga olib keladigan tunnel ochilgan.

Hayratlanarli! Lekin, bu ayni haqiqat va shahar haqiqiydir. Aslida, Kapadokiya viloyatida ko‘plab yer osti uylari mavjud bo‘lib, Derinkuyu eng kattasi hisoblanadi. Uning qachon va qay maqsadda qurilgani noma’lum.

Taxminlarga ko‘ra, Derinkuyu millodan avvalgi 1200 yillarda qurilgan va qo‘shni bosqinchilardan panoh sifatida foydalanilgan.

Quinta da Regaleria

Yer osti uylari haqida gap ketganda kam sonli odamlargina Portugaliyadagi ajoyib san’at asari – Quinta da Regaleriani eslashadi. Bu yerda siz bog‘lar, g‘orlar, minoralar, ibodatxonalar, favvoralar, shuningdek Roman va Manuyelin, Renesans va Gotikagacha bo‘lgan me’moriy uslublarni uchratishingiz mumkin.

Mazkur muhtasham ob’yekt italiyalik arxitektor Luiji Manini tomonidan ishlab chiqilgan va 6 yillik samarali qurilishdan so‘ng 1910 yil foydalanishga topshirilgan.

Fransiyadagi Palais Ideale

Suratdagi yovvoyi inshoot asli kasbi pochtachi bo‘lgan fransuz Ferdinand Chevalning 34 yillik tinimsiz harakati mahsulidir. Ushbu ajabtovur saroy Liondan 30 chaqirim janubda joylashgan.

Bino qurilishida Xitoy, Jazoir va Shimoliy Yevropa me’morchiligining ko‘plab uslublaridan foydalanilgan.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring