Uchinchi jahon urushi va boshqa xatarlar. 2035-yilda dunyo qanday bo‘ladi?

Atlantika kengashi o‘tkazgan so‘rovnoma yaqin o‘n yillikda Uchinchi jahon urushi yuz berishi ehtimoli yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Daily Mail yozdi.
Ma’lumot uchun: Atlantika kengashi — Vashingtonda joylashgan tahlillar markazi, xalqaro xavfsizlik va jahon iqtisodiy taraqqiyoti kabi masalalarni o‘rganadi.
Jahon urushi — 2035-yilgi tahdidlar ro‘yxati yetakchisi
Atlantika kengashi so‘rovnomasida 357 nafar siyosiy strateg va mutaxassis qatnashib, insoniyatning 2035-yilgacha bo‘lgan kelajagiga baho berdi.
Respondentlarning 40,5 foizi kelayotgan o‘n yillikda AQSh, Xitoy yoki Rossiya kabi yirik davlatlar ishtirokida katta urush yuz berishi mumkin degan fikrda.

Xitoydagi harbiy parad.
Foto: The Telegraph
Uchinchi jahon urushi yaqinlashayotganiga ishonuvchilarning fikricha, bu urushda yadroviy qurol qo‘llaniladi, janglar fazoda ham kechadi.
Donald Tramp tomonidan 2019-yilda AQSh fazoviy kuchlariga asos solinganligi respondentlarni shunday bashorat qilishga undagan bo‘lsa ajabmas. Ushbu yangi harbiy-kosmik bo‘linma o‘z veb-saytida bildirishicha, «Fazoviy kuchlar kosmosda va kosmosdan ta’sir qilish, rivojlanish va jangovar imkoniyatlarni namoyon qilish qudratiga ega, ya’niki AQSh va uning ittifoqchilariga «AQSh fazoviy salohiyati»ga qaratilgan istalgan potensial xavfni tiyib turish, zarur bo‘lganda yo‘q qilish imkonini beradi.

AQSh fazoviy kuchlari.
Foto: Audacy
Iqlim o‘zgarishi — o‘n yillikning global tahdidlari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda. Ekspertlarning o‘ndan uch qismi asosiy xavfni shu tomondan kutmoqda.

Foto: El Pais
Respondentlarning atigi 1,7 foizi kelayotgan o‘n yillikda yangi pandemiya jahon aholisiga ta’sir qiluvchi jiddiy inqiroz bo‘lishini, 5,1 foizi esa tinimsiz o‘sib borayotgan moliyaviy qarzdorlik dunyoni parokanda qilishi mumkinligini taxmin qildi.
«So‘rovnomada qatnashganlarning 62 foizi o‘n yildan keyin dunyo hozirgidan yomon yashashini, faqat 38 foizi hayot yaxshilanishini kutmoqda», — deyiladi Atlantika kengashi bayonotida.
2035-yilda yangi ittifoqlar paydo bo‘ladi
357 nafar xalqaro ekspertning fikricha, yaqin o‘n yil ichida AQSh va NATOga tahdid sola oluvchi yangi global alyanslar paydo bo‘ladi.
So‘ralganlarning qariyb yarmi (47,4 foiz) taxminiga ko‘ra, Xitoy rasman Rossiya, Eron va Shimoliy Koreyani bog‘lovchi yangi alyans yetakchisiga aylanadi.

Foto: Getty Images
Xitoy, Rossiya va Eron a’zoligidagi BRIKS hukumatlararo tashkiloti hozirda 10 mamlakatni birlashtirib turibdi. BRIKS ittifoqi hademay «Katta yettilik» (AQSh, Kanada, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya) raqobatchisiga aylanishi mumkin.
Yangi koalitsiya asosiy a’zolarining qariyb 65 foizi Xitoyning Tayvanga bostirib kirishga urinishini ma’lum darajada yoki to‘liq oqlaydi, buni yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma ko‘rsatdi. O‘tgan yilgi so‘rovnomaga nisbatan 15 foiz o‘sish kuzatilgan.

Foto: AP Photo
Ekspertlarning 45 foizi yaqin o‘n yilda Rossiya NATO bilan ochiq urushga kirishadi deb hisoblaydi.
Yaqin Sharqdagi voqealar tobora murakkab tus olmoqda. Aksariyat ekspertlar (62,5 foiz)ning fikricha, Falastin bilan bog‘liq vaziyat kelgusi 10 yilda o‘zgarmaydi. Bu davr mobaynida Isroil va Eron do‘stona munosabatlar o‘rnatishi mumkinligiga ishonuvchilar ekspertlar orasida 10 foiz ham chiqmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter