Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Minglab markaziy osiyolik Ukraina urushiga yuborildi — Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari

Minglab markaziy osiyolik Ukraina urushiga yuborildi — Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari

Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olgan 20 ming nafar muhojir Ukraina frontiga yuborildi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumida ma’lum qilgan.

Mulozimning so‘zlaridan urushga majburan yuborilgan fuqarolarning asosiysi qismi Markaziy Osiyo – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston vakillari ekanini anglash mumkin.

“Harbiy tergov boshqarmamiz reydlar o‘tkazmoqda. (Ushbu reydlar davomida) urushning oldingi safiga borish u yoqda tursin, harbiy bo‘linmada hisobdan o‘tishni ham istamayotgan 80 ming nafar Rossiya fuqarolarini aniqladik. 80 ming kishini tutdik, harbiy hisobga qo‘ydik. (Ulardan) negadir O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonda yashash yoqmagan 20 ming nafar Rossiyaning “navqiron” fuqarolari allaqachon urushning oldingi safiga yo‘llangan”, – degan Aleksandr Bastrikin.

RF Tergov qo‘mitasi rahbari 2023 yil  yanvar oyida ham Rossiya fuqaroligini olgan Markaziy Osiyo va Kavkazorti o‘lkalari vakillarini urushga yuborish lozimligi haqida gapirgan edi.

“Oxirgi 5 yilda O‘rta Osiyo va Kavkazorti mamlakatlaridan kelgan bir milliondan ziyod shaxs, jumladan, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan 550 ming kishi fuqarolik oldi... (Fuqarolik) huquqlar berib qolmay, ayni choqda, qabul qiluvchi mamlakatni himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlarni ham ko‘zda tutadi”, – degan  edi u.

Mehnat muhojirlariga qarshi bayonotlari bilan tanilgan Bastrikin Rossiya fuqaroligini olgan migrantlar urushda ishtirok etishdan bosh tortsa fuqarolikdan mahrum etilishi kerakligini ham aytgandi.

U, shuningdek, 2024 yilgi Peterburg xalqaro yuridik forumida migratsiya siyosatini yanada qattiqlashtirish kerakligidan bahs etgan.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya fuqaroligini olmay, u yerda tirikchilik qilayotgan mehnat muhojirlarini ham turli yo‘llar bilan Ukraina urushiga yuborish holati ko‘payayotgani aytilmoqda.

Jamoat faollari Rossiyada mehnat qilayotgan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston vatandoshlarini urushga yuborishga qaratilgan targ‘ibot kuchayganidan ogohlantirmoqda.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotida qayd etilishicha, Rossiya hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat muhojirlarini Ukraina urushida qatnashishga ko‘ndirishga urinmoqda. Ixtiyoriy ravishda ajal komiga borish evaziga muhojirlarga 4160 dollar oylik maosh, shuningdek, Rossiya fuqaroligi va’da qilingan.

BBC Rus xizmatiga ko‘ra, 2022 yil 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi boshlanganidan bir yildan ko‘proq muddat o‘tib, kamida 93 nafar Markaziy Osiyo fuqarolari, jumladan, 34 nafar o‘zbekistonlik jang maydonida halok bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring