Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston tomoni Rossiyada migrantlarga qarshi reyd bo‘yicha xavotirini bildirdi

O‘zbekiston tomoni Rossiyada migrantlarga qarshi reyd bo‘yicha xavotirini bildirdi

Migratsiya agentligi Rossiyadagi reyd jarayonida mehnat muhojirlariga nisbatan kuch qo‘llanilishi holati yuzasidan rasmiy munosabat berdi.

Qayd etilishicha, 2025 yil 8 iyun kuni Moskva shahri Sokolniki tumanida ushbu davlatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotganlarni huquqiy maqomini tekshirish uchun o‘tkazilgan tadbirlar chog‘ida RF Milliy gvardiyasi tomonidan fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch qo‘llanilgan.

Agentlikka ko‘ra, ayni paytda mazkur holat yuzasidan Rossiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan rasmiy ma’lumot kutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi ushbu masalani nazoratga olgan.

Aniqlanishicha, mazkur reyd yakunida hujjatlarida muammosi bo‘lgan 5–6 nafar shaxs ushlab qolinib, holatni aniqlash maqsadida ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan va ular orasida ikki nafar Tojikiston fuqarosi deportatsiya qilingan.

«RF Hukumati vakillari va yirik ish beruvchilar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini ushbu mamlakatga tartibli va tashkillashtirilgan tarzda ishga jalb qilishga yildan - yilga keskin qiziqish ortib borayotgan bir sharoitda, ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan chet el fuqarolariga nisbatan bunday qo‘pol munosabatni kuzatilishi taassuf uyg‘otadi», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, ushbu vaziyatda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjud bo‘lsa, jumladan, ularga tan jarohatlari yetkazilgan, huquqlari buzilgan yoki boshqa muammolarga duch kelgan bo‘lsalar, Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasiga quyidagi aloqa vositaalari orqali murojaat qilishlari so‘ralmoqda:

  • Tel.: +7 925 045-47-44
  • Telegram: @pomoshrussiamigrant
  • Telegram-bot: @huquqiy_yordam_uzbot
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring