Buxoroda maktabni «tomoshagoh»ga aylantirganlar ishdan bo‘shatildi

Buxoro shahridagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan holat yuzasidan «Xabar.uz»da maktab o‘quvchilarini urgan shaxsga sud hukmi o‘qilgani haqida xabarda voqea sodir bo‘lgan chog‘da maktab qorovulidan tortib, sinf rahbariyu mas’ullarigacha «tomoshabin» bo‘lib turishgani, direktor bilan ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmagani haqida so‘z borgan.
Shuningdek, xabar tayyorlanishi davomida Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Iroda Oripova maktabning befarq mas’ullariga ham chora ko‘rilishi belgilanayotganini ta’kidlagan.
Iroda Oripovaning «Xabar.uz»ga bildirishicha, begona shaxsning maktabga bemalol kirishiga yo‘l qo‘ygan maktab qorovuli Sh.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
O‘z xizmat vazifasiga nisbatan mas’uliyatsizlik bilan yondashgan hamda yuzaga kelgan holatni nazoratsiz qoldirgan maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ham bekor qilingan. Va shu xususda Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining rasmiy munosabati e’lon qilindi.
«Sinf rahbari va maktab direktorining tegishli o‘rinbosarlari faoliyatini o‘rganish maqsadida ayni paytda xizmat tekshiruvi amalga oshirilmoqda. Tekshiruv natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilamiz»,-deyiladi rasmiy munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter