To‘qayev jiddiy xatardan ogohlantirdi

Qozog‘iston yadro va biologik qurollarning tarqalmasligi yo‘lidagi siyosatni qat’iy ravishda davom ettiradi. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 29 may kuni Ostona xalqaro forumidagi nutqida ta’kidladi.
“Bugungi kunda to‘qqiz davlat 13 mingdan ziyod yadro kallaklaridan iborat yalpi arsenalga egalik qilmoqda. Ekspertlar (yadro qurolini) qo‘llash xatari oshib borayotgani va bu hodisa hisob-kitobda yanglishuv, tasodif yoki taranglik sabab ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Birgina portlash fojiaviy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Olimlarning fikricha, (yadro qurolining qo‘llanishi) bevosita vayronagarchiliklardan tashqari, global iqlim halokati va hosilning nobud bo‘lishiga olib keladi. Biz bu qanday fojia ekanini bilamiz. Qozog‘iston o‘z hududida o‘tkazilgan 450 ta yadro sinovining tarixiy oqibatlariga hali-hamon ro‘baro‘ kelmoqda. Biz tinchlik deya, (sobiq Ittifoqdan) meros bo‘lib qolgan yadro arsenalidan voz kechdik”, – dedi Q.To‘qayev.
Qozog‘iston rahbari dunyo bo‘ylab urushlar avj olganini xavotirli tendensiya deb baholagan.
“O‘tgan yilgi ma’lumotlarga qaraganda, 52 davlat qurolli to‘qnashuv holatida. Zo‘ravonliklar oqibatidagi iqtisodiy yo‘qotishlar 19 trillion dollarga yetgan, bu jahon YaIMning 13,5 foizi demakdir. Bu raqamlar ortida xavotirli voqelik yashirin: zamonaviy ixtiloflar tobora uzluksiz va murakkab tus olmoqda”, – dedi siyosatchi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaziyatda tarixiy iddao va siyosiy g‘animlik ortidan boshlangan urushlarni oqlab bo‘lmaydi.
“Urushlarga kirishish o‘rniga biz xalqlarimiz, birinchi galda, yosh avlodni taraqqiyotga erishish va ma’rifatli jamiyatni shakllantirish ishiga jalb etishimiz kerak”, – deb xulosa qildi Q.To‘qayev.
Ma’lumot o‘rnida: 29-30 may kunlari davom etadigan Ostona xalqaro forumida (Astana International Forum) dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar yetakchilari, ilmiy va tijoriy doira vakillari jahon taqdiriga daxldor muhim masalalarni muhokama qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter