Dunyoviy davlatda barchaning huquqlari birdek va so‘zsiz ta’minlanadi

Har bir jamiyat hayotida fuqarolarning yashash huquqi, mulk huquqi, ma’naviy huquqlari, ta’lim olish, sifatli tibbiy yordam va yuridik yordam olish huquqlarini hamda shaxsiy va so‘z erkinliklarini ta’minlash muhim hisoblanadi. Bunday huquqlar faqatgina dunyoviy davlatlarda so‘zsiz kafolatlanadi.
Shu o‘rinda, dunyoviy davlat yoki dunyoviylik o‘zi nima degan savol tug‘iladi. Dunyoviy davlat – bu boshqaruvning barcha bo‘g‘inlarida dindan holi bo‘lgan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda Konstitutsiya va qonunlarga asoslanadigan, har bir shaxsning e’tiqod va vijdon erkinligini dunyoviy asoslarda ta’minlaydigan davlatdir. Dunyoviylik esa umuminsoniy qadriyatlar va umummilliy manfaatlarga asoslangan xulq-atvor va ahloq me’yorlarini ifodalovchi qarashlar tizimi hisoblanadi.
O‘z navbatida mamlakatda adolatli mehnat sharoitlari yaratilishi, ilm-fan rivojlanishi, texnologik taraqqiyotning jadallashib borishi tabiiyki inson huquq va erkinliklari ta’minlanganligi bilan bog‘liq.
O‘tmishga nazar tashlasak, davlatchilik tarixida dunyoviylik tamoyillari bo‘lmagan davrlarda astronom, matematik, mexanik, iqtisodchi olimlarni ta’qib qilish holatlari kuzatilgan.
Jumladan, yerni quyosh atrofida aylanishi nazariyasini aniqlagan Nikolay Kopernik doimiy ravishda ruxoniylarning ta’qibi ostida bo‘lganligi sababli o‘z tadqiqotlariva kashfiyotlarini oshkora amalga oshira olmagan.
Yana bir misol, tabobat ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino tibbiyot va musiqa ilmlari bo‘yicha tadqiqotlari mutaassib dindorlarning qarshiligiga uchragan. Shunday bo‘lsada, uni dunyoviy ilmlarni qo‘llab-quvvatlagan o‘sha davrdagi islom dunyosining qudratli davlati bo‘lgan Somoniylar hukmdorlari muhofaza qilgan. Keyinchalik Somoniylar davlatining inqirozidan so‘ng Ibn Sino Xorazmga, G‘aznaviylar bosqinidan so‘ng esa bir qancha muddat Eron va Xurosonning turli shaharlarida sarson-sargardonlikda yashashga majbur bo‘lgan.
Ushbu tarixiy voqeliklardan ayonki, jamiyatning barcha jabhalarida yuksalish uchun davlat boshqaruvi dunyoviylik tamoyillariga asoslanishi va unga amal qilishi taraqqiyot kaliti ekanligini teran anglamog‘imiz lozim. Shuning uchun ham, bugungi kundagi eng dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu masalalarni barchaga birdek tushuntirib beradigan va bir xilda talqin etiladigan rasmiy qoidalar ham kerak.
Xususan, Yangi O‘zbekistonning dunyoviy davlatchiligi tamoyilini o‘zgarmas qoida sifatida belgilash va shu bilan birga vijdon erkinligini to‘la kafolatlash, shuningdek, dunyoviylikni demokratiya, suverenitet, huquqiylik va ijtimoiylik barobarida O‘zbekiston milliy davlatchiligining asosi sifatida qaror toptirish zarurati namoyon bo‘lmoqda.
Bugungi kunda dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlari o‘z konstitutsiyasi yoki qonunlarida davlatning dunyoviy maqomi rasman belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga diniy davlat hisoblanadigan yoki biror dinni rasmiy davlat dini sifatida e’tirof etishiga qaramasdan Angliya, Shotlandiya, Finlandiya, Kanada kabi davlatlar boshqaruvi dunyoviylikka asoslanadi.
Yangi O‘zbekistonning dunyoviy davlat sifatidagi maqomi Konstitutsiya darajasida belgilanishi davlatning dunyoviylikka asoslangan qonun-qoidalar asosida boshqarilishini anglatadi. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonunlarimiz ham dunyoviylikka asoslanadi. Shu bilan birga, davlat boshqaruvidada umuminsoniy umummilliy va diniy qadriyatlar birdek hurmat qilinadi.
Dunyoviylik aslida nima? Lo‘nda qilib aytganda, dunyoviylik har bir shaxsning o‘z fikrini erkini ifodalay olishi, jamiyatda barchaga millati, irqi, tili, dini va e’tiqodidan qat’iy nazar ijtimoiy adolatning bir xilda ta’minlanishi, huquq va erkinliklar, tinchlik va xavfsizlikning davlat tomonidan kafolatlanganligidir.
Vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlanishi bu, davlat tomonidan fuqarolarning biror bir dinga e’tiqod qilishi yoki qilmasligibilan bog‘liq bo‘lgan yohud, turli diniy-konfessiyaviy tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hurmat va murosa o‘rnatilishiga erishishdir. Qolaversa, ijtimoiy munosabatlarda ziddiyatlar va qarama-qarshiliklarning keskinlashuviga, turli din va konfessiyalar o‘rtasida adovatni avj oldirishga, aqidaparastlik va diniy ekstremizmnm targ‘ib etishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi.
O‘z navbatida diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalari yoki ularni bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi,shu bilan birga, davlat ham diniy tashkilotlarning qonunchilikka zid bo‘lmagan faoliyatiga aralashmaydi va ularning faoliyatini moliyalashtirmaydi. Shuningdek, dinga e’tiqod qiluvchilar va qilmaydiganlar o‘rtasida ayirmachilik yoki turli kamsitilishlarga yo‘l qo‘ymaydi. Shunday ekan, dunyoviy davlat diniy bag‘rikenglik tamoyillarini, har bir din vakillarining erkin e’tiqod qilish huquqlarini kafolatlab beruvchi bosh mezondir.
Ta’kidlash lozimki, davlat boshqaruvining dunyoviyligi quyidagilar asosida ta’minlanadi:
Birinchidan, umumjamiyat manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan qonunlar asosida amalga oshiriladi. Bunda ma’lum bir doiradagi diniy, milliy yoki etnik guruhlarning manfaatlarini ifodalovchi alohida tartib-qoidalar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ikkinchidan, siyosiy partiyalar hech qanday diniy belgilarga ega bo‘lmaydi. Ularning dasturlarida ma’lum diniy mafkura va g‘oyalar aks ettirilmaydi. Shaxsning diniy e’tiqodidan kelib chiqib siyosiy partiyalarga a’zolikni cheklash yoki bu borada ustuvorlik berish man etiladi.
Shuningdek, mamlakatimizda diniy ruhdagi siyosiy partiyalarni tuzish man etiladi. Ko‘plab mamlakatlarning achchiq tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, diniy ruhdagi partiyalar mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga, milliy birdamlikka rahna solgan holda og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi turli nizolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Uchinchidan, diniy tashkilotlar saylov jarayonlariga jalb etilmaydi. Diniy-konfessiyaviy birlashmalarning xizmatchilarini Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Saylovlarda xolislik va diniy betaraflikni ta’minlash maqsadida ularning saylovoldi tashviqotini olib borishi ta’qiqlanadi.
Shuningdek, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.
To‘rtinchidan, davlat xizmatchilari xizmat faoliyatida dunyoviy qadriyatlarga asoslanadi.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati faqat Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq shakllantirilgan rasmiy sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Sudlar o‘z faoliyatini faqat Konstitutsiya va qonunlar asosida amalga oshiradilar. Diniy normalar asosida sud hujjatlari qabul qilinmaydi. Diniy sudlar faoliyatiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Beshinchidan, davlat xizmati uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish dunyoviy qadriyatlar asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolarining dunyoviy ta’lim olish huquqi, ularning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar, ta’minlanadi.Ta’lim muassasalari dindan holi tarzda faoliyatini olib boradi. Diniy ta’lim muassasalaridan boshqa barcha ta’lim dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umuman olganda, dunyoviy davlatda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi, barcha dinlar birdek hurmat qilinadi, davlat boshqaruvi diniy asoslar va normalardan ajratiladi, ammo jamiyat dindan ajratilmaydi. Qisqa qilib aytganda, e’tiqod erkinligini ta’minlanishi faqatgina dunyoviy davlatlarda kafolatlanadi.
Dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, jamiyat manfaatlari individual manfaatlardan ustun hisoblanadi. Shu bilan birga, shaxsiy makon va jamoaviy makonda barchaning huquqlari kafolatli ta’minladi, ularni qonunda belgilanganidan boshqa holatlarda biror-bir cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu sababli, O‘zbekistonda ham dunyoviylik qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash uchun yagona yondashuv va qoidalarni rasmiy hujjatlarda belgilash, ushbu sohadagi munosabatlarni aniq va to‘g‘ri tartibga solish juda muhim hamda bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi.
Farhod Primov, Yuridik fanlari doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter