«Agar xorijiy tilni bilganimda edi...» — kechagi orzu va bugungi imkoniyatlar haqida

O‘tgan asrning 90-yillari boshlari. O‘zbekiston endigina mustaqillikka erishgan, elektr tarmoqlarida muammolar kuzatilayotgan, “internet” degan so‘z hali lug‘atimizga kirib ulgurmagan davrlar edi. Ammo mitti qalbimizda katta havas bor edi — chet tillarini o‘rganish, xorijda o‘qish va dunyoda o‘z o‘rnimizni topish...
Afsuski, ko‘pchilik uchun bu orzu bo‘lib qoldi. Maktabda chet tilini o‘qitadigan muallimlar yetishmasdi, qo‘shimcha tayyorlanishga esa hali o‘quv kurslari ochilmagandi. Qiziqishimiz bor, lekin imkoniyat yo‘q. Hatto shahodatnomaga ham chet tili fanidan baho qo‘yilmagandi. Ana shunday “tilsiz qanot” bilan qanchadan-qancha orzularimiz parvozsiz qoldi. Birgina menda emas, minglab, balki yuz minglab yoshlarda shunday armon qoldi.
Xayriyatki, bugun vaziyat tubdan o‘zgargan. O‘zbekiston ta’lim sohasida, xususan, xorijiy tillarni o‘rganish borasida keskin burilish davrini boshidan kechirmoqda. Davlat rahbarining ta’limga, ayniqsa chet tillariga bo‘lgan qat’iy e’tibori tufayli butun tizim qayta ko‘rib chiqildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida chet tillarini o‘rganish tizimini takomillashtirish alohida qayd etildi.
Bu maqsad yo‘lida qator platforma va dasturlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Har bir hududda davlat va xususiy sektor hamkorligida xorijiy tillarni o‘qitish markazlari ochildi. Hatto chekka tumanlarda ham zamonaviy multimediya uskunalari bilan jihozlangan til markazlari ish boshladi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lgan bitiruvchilar soni bir necha barobarga oshgan.
Prezident maktablari bitiruvchilarining barchasi xalqaro til sertifikati (IELTS, TOEFL) olishga erishishmoqda. Ba’zilarining natijasi — 8.5 ballga teng. Bu nafaqat ta’lim sifatining oshishi, balki o‘ttiz yil avvalgi bitiruvchilar uchun imkonsiz bo‘lib ko‘ringan orzularning hozirgi avlod uchun oddiy maqsadga aylanganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda, xalqaro sertifikatga (IELTS, TOEFL) ega o‘quvchilarinng oliygohga kirishda imtihondan ozod etilishi, ularning bilimi tan olinishi, haqiqiy inqilobdir.
Chet tili o‘qituvchilarining ijtimoiy maqomi ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. IELTS, TOEFL, CEFR darajali sertifikatlarga ega bo‘lgan pedagoglar uchun ustamalar joriy etildi. Ustozlar orasida 1000 AQSh dollari miqdorida maosh olayotganlar soni kam emas. Ayniqsa, olis hududlarda faoliyat yuritayotgan chet tili mutaxassislari uchun alohida rag‘bat mexanizmlari joriy qilingan.
Yoshlar zamonaviy texnologiyalarning qulayliklaridan unumli foydalanish orqali dunyo universitetlariga yo‘l olishmoqda. Masofaviy kurslar, onlayn sertifikatlar, frilans platformalar orqali daromad topayotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni ham ortib bormoqda. Ular chet tili va “AyTi”ni o‘rganish orqali xalqaro mehnat bozorida kuchli raqobatchiga aylanmoqda. Google, Meta, Microsoft va shu kabi yirik IT-kompaniyalarda ishlayotgan yoshlar soni oshib bormoqda. 2024 yilda 900 million dollarlik IT xizmatlari eksporti – buning katta qismi aynan chet tilini biluvchi mutaxassislar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu jarayondagi eng katta yutuq inson salohiyatiga bo‘lgan ishonchning qaytishi, yosh avlodning imkoniyatlari oshganidir. Chet tillarini va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirgan yoshlar jamiyatda faol, tashabbuskor, tadbirkor va eng muhimi – ertangi kunga ishonchi mustahkam shaxslarga aylanmoqda.
Shukrki, bir vaqtlar biz maktabda chet tilidan dars o‘tilishini orzu qilgan bo‘lsak, bugun farzandlarimizdan “men IELTS oldim, grant yutib, xorijga o‘qishga ketyapman” degan quvonchli so‘zlarni eshityapmiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter