Biz bunga arziymiz: O‘zbekiston Jahon chempionati ostonasida!

2025 yil, 5 iyun. Abu-Dabi shahridagi «Ol Nahayon» stadioni. BAA—O‘zbekiston uchrashuvi. Butun O‘zbekiston bir lahzani – tarixda ilk bor milliy jamoamiz Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishini kutmoqda...
12 yoshli Shohruxning xonasida Messi, Ronaldu, Yamal va boshqa futbolchilarning suratlari bor. Ularning eng tepasida esa O‘zbekiston terma jamoasining rasmi.
U milliy jamoamizning har bir o‘yinini tomosha qiladi, har bir golni futbolchilar bilan birdek nishonlaydi, mag‘lubiyatlarda esa ko‘ziga yosh qalqiydi.
Unda futbolga qiziqish 24 yoshli akasi Jahongirdan o‘tgan. Birgalikda stadionlarimizga tushib, «O‘zbeyeyekiiiistooon!» deya hayqirishdan charchamaydi. Uning ham, akasining ham katta orzusi bor — Vatan jamoasi mundialga yo‘l olganini ko‘rish.
BAAdagi hal qiluvchi o‘yin arafasida ular aviachipta va stadionga kirish chiptasini olish uchun pul jamg‘arishdi. «BAAga borib stadionga kirish oson emas, sarson bo‘lmanglar», deganlar ham bo‘ldi. Ular esa qarorida qat’iy turishdi.
Nihoyat, kutilgan kunlar kelib, BAA yo‘l olindi. Aeroportda ularni biroz noxush holatlar qarshi oldi — turli bahonalar bilan bir necha soat ushlab turishdi. Savollar, tekshiruvlar, sun’iy kechiktirishlar. Biroq ular taslim bo‘lishni istashmadi. «Nima maqsadda keldingiz?» degan savolga, Shohrux: «O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga kelyapman. Bayrog‘imizni ko‘tarish uchun», deb ingliz tilida javob qaytardi.
Jahongir ukasiga g‘urur bilan qaradi. Bu so‘zlarda pok niyat, Yangi O‘zbekiston farzandining bukilmas irodasi aks etgandi.
O‘zbekistonning diplomatik xizmatlari vaziyatga aralashdi. Konsullik xodimlari, hatto BAAdagi mahalliy o‘zbeklar ham yordam qo‘lini cho‘zishdi. Bu yangi davrning belgisi edi. Endi o‘zbek pasporti egalari dunyo aeroportlari terminallarida yolg‘iz qolib ketishmaydi.
Nihoyat, ular turli to‘siqlarni yengib, stadionga kirishdi. Bugun bu yerda tarixning yangi sahifasi yozilishi mumkin. Shohrux qo‘lida bayrog‘imiz bilan jamoamizning chiqishini intizorlik bilan kutmoqda...
Kelajakka ishonch
Uning o‘zi ham futbol bilan jiddiy shug‘ullanadi. Toshkentdagi «Odil Junior» futbol maktabida tarbiyalanadi. Bugun mamlakatimizda futbolimiz rivoji uchun nimalar qilinganini u yaxshi biladi. Xususiy futbol maktablari, bolalar va o‘smirlar akademiyalari, murabbiylarni tayyorlash, 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiya, seleksiya jarayonlarining yaxshilanayotgani — barchasi natija bermoqda. Eldor, Abduqodir singari akalari Yevropaning grand jamoalarida to‘p surishmoqda. Bugun ularni dunyo taniydi.
Yaqindagina Osiyo chempionatida zafar quchgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarning aksariyati o‘zi o‘qiyotgan futbol maktabida tarbiyalanishadi. Ularni yaxshi taniydi. Akalarining Osiyo chempionati finalidagi tarixiy g‘alabasi — hakam mezbonlarga qancha yordam berishga harakat qilmasin, maydonda 9 kishi qolib ham chempion bo‘lib qaytishgani uning kelajakka bo‘lgan ishonchini yana ham oshirib yubordi.
Shohruxning o‘zi ham shunday pog‘onalardan o‘tib, kelajakda O‘zbekiston nomini dunyoga tanitadigan futbolchi bo‘lishni istaydi. Va bugun asosiy terma jamoamiz Jahon chempionatiga yo‘l olishiga qattiq ishonadi...
Bir paytlar murabbiylar almashardi, futbolchilar yangilanardi, ammo futbolimiz o‘zgarmasdi, o‘z-o‘zidan natija ham bo‘lmasdi. Endi futbolimizning o‘zi o‘zgarmoqda. Sportchilarimizda xarakter, fidoyilik va professionalizm paydo bo‘ldi. Bu xarakter, ana shu tribunada Vatani jamoasini qo‘llab turgan bolakaylarning ishonchi va umidi bilan to‘yingan.
Bosiq va xotirjammiz
Negadir BAAga qarshi muhim o‘yin oldidan ancha xotirjammiz. Qandaydir sun’iy to‘siqlar, bosimlarga qaramay, bugun g‘alaba qozonadigandekmiz. Kuzatilgan voqealar — aeroportda ushlab turishlar, tekshiruvlar, ayrim muxlis va jurnalistlarning qaytarib yuborilishi — ko‘proq bizdan qo‘rqishayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda.
Jamoamizdan, muxlislarimizdan cho‘chishyaptimi, demak bizdan ko‘ra ularning o‘zlarida bosim katta. Endi bu ustunlikni futbolchilarimiz natijada aks ettirishlari qoldi. Biz ularning yurtida, ularning ko‘z o‘ngida, ularning jamoasini mag‘lub etib, Jahon chempionatiga chiqqanimizni nishonlashimiz zo‘r messej bo‘lardi. Xuddi 17 yoshli o‘smirlarimizning jasorati kabi.
Shunga o‘xshash vaziyat 2012 yilda ham sodir bo‘lgandi. O‘zbekiston - BAA olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin Olimpiadaga chiqish uchun hal qiluvchi bahs edi. Faqat unda biz mezbon edik. BAAdan bir nechta samolyot muxlis va rahbarlar kelgan, Toshkentdagi JAR stadionining bir qismini to‘ldirishgan edi. Bizning arablardan farqimiz — ularning kelib-ketishiga to‘sqinlik bo‘lmagandi. Biz bag‘rikeng xalqmiz.
Uchrashuvda O‘zbekiston ikki gol urib hisobda oldinga chiqib olgan, biroq ikkinchi taymda BAA uchta gol urib, ko‘z o‘ngimizda Olimpiada yo‘llanmasini nishonlashgan edi.
Nasib etsa, bugun biz bayram qilamiz!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter