Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xonavayron ota, chala qolgan «1500 satr» va sovuq o‘lkadagi o‘lim

Xonavayron ota, chala qolgan «1500 satr» va sovuq o‘lkadagi o‘lim

U mashhur rus yozuvchisi, jahon adabiyotining umum tan olgan klassik adibi. Mutaxassisligi bo‘yicha shifokor. Imperator akademiyasining og‘zaki va yozma nafis adabiyot bo‘yicha faxriy akademigi. Dunyo miqyosida mashhur dramaturglardan biri. Anton Pavlovich Chexov asarlari jahonning yuzdan ziyod tiliga tarjima qilingan. Uning pesalari, jumladan, «Chayka», «Uch opa-singillar» va «Olchali bog‘» yuz yildan buyon dunyo teatr sahnalarida qo‘yib kelinmoqda. 25 yillik ijodi mobaynida Chexov 900 ga yaqin turli-tuman asarlar (qisqa yumoristik hikoyalar, jiddiy qissalar, pesalar) yaratdi. Ularning aksariyati jahon adabiyotining klassikasiga aylangan. Ayniqsa, «Dasht», «Zerikarli tarix», «Duel», «6-palata», «G‘ilofdagi odam», «Jarlikdagi kishi» keng ommaning e’tiborini qozongan...

Politsiya ko‘chasida...

1860-yilning 17- (29) yanvarida Rossiyaning Taganrogdagi Politsiya ko‘chasida yashovchi Pavel Yegorovich Chexov oilasida uchinchi farzand – Anton dunyoga keldi. Uning otasi g‘alati odam edi. Pavel Yegorovich Taganrogda baqqollik do‘koniga ega bo‘lib, biroq jon kuydirib ishlamasdi. U cherkovda xizmat qilish, ashula aytish va jamoatchilik ishlariga asosiy e’tibor qaratardi. Oilada erkaklar mavqei ustun edi: bolalar qatiqqo‘llik bilan tarbiyalanar, ularga nisbatan tez-tez jismoniy jazo qo‘llanilar, hech kimning bekorchilik qilishiga yo‘l qo‘yilmasdi. Dam olish kunlarida, maktabdan so‘ng, aka-ukalar otasining do‘konida qorovullik qilishar, har kuni ertalab soat beshda turib esa cherkov xorida kuylashardi. Chexov o‘zi aytganidek: «Mening bolaligimda bolalik bo‘lmagan». Kechqurunlari xor bo‘lib kuylashardi. Ota skripkani qoyilmaqom chalar, Masha fortepianoda jo‘r bo‘lar, xullas, butun boshli oilaviy tomosha tashkil etilardi.

Oila bekasi Yevgeniya Yakovlevna dehqonning qizi edi. U bolalari va eri uchun yashaydigan g‘amxo‘r va mehribon ayol bo‘lgan. Yevgeniya Yakovlevna yuvosh bo‘lib, farzandlarini hamisha erining qattiqqo‘lligidan himoya qilardi. U teatrni haddan ziyod sevar, biroq kam borardi. Bolaligida Taganrog xususiy pansionida raqs va yaxshi xulq-atvordan saboq olgan Yevgeniya Yakovlevna bolalariga ko‘ngilchanlik, ojizlar va mazlumlarga nisbatan hurmat-izzat, tabiat va olamga muhabbat tuyg‘ularini singdirdi. Anton Chexov keyinchalik shunday degani bejiz emas: «Mening iste’dodim otam tufayli, qalbim esa onam bois kamol topdi».

Bo‘lajak adib Taganrogdagi grek maktabida tahsil ola boshladi. 1868-yilning 23-avgustida esa u Taganrog gimnaziyasining tayyorlov sinfiga qabul qilindi. O‘g‘il bolalar klassik gimnaziyasi Rossiya janubidagi eski o‘quv dargohlaridan biri edi (1806-yili tijoriy maqsadlarda tashkil etilib, 1866-yildan e’tiboran klassik ilmgohga aylangan). Gimnaziyada Antonning dunyoqarashi, kitobga muhabbati, teatrga qiziqishi shakllandi. Bu yerda u o‘qituvchi Fyodor Platonovich Pokrovskiy tomonidan birinchi adabiy taxallusi – «Chexonte»ga ega bo‘ldi. Adabiy va sahnaga oid ilk bilimlari ham gimnaziyada shakllandi.

Bu orada 1876-yili Chexovlar oilasi Moskvaga ko‘chdi. Taganrogda savdo ishlari yurishmagan Pavel Yegorovich kasodga uchragan va kreditorlardan qochishga majbur bo‘lgan edi. Moskvada deyarli uch oy mobaynida qashshoqlikda yashashdi. Shunga qaramay, bolalar o‘qishni davom ettirdilar. Anton esa repetitorlik orqasidan pul topib, gimnaziyadagi tahsilini tugatguncha Taganrogda qoldi.

Adabiyotmi yo tibbiyotmi?

Musiqa va kitoblar yosh Chexovning ijodga intilishini uyg‘otdi. Bu borada Taganrog teatri katta ahamiyat kasb etdi. Anton ilk bor 13 yoshida teatrga borgan, Jak Offenbaxning «Go‘zal Yelena» operettasini ko‘rgan va teatrning ashaddiy muxlisiga aylangan edi. Keyinroq Chexov shunday deb yozadi: «Teatr menga qachonlardir ko‘p narsa bergan... Eng avvalo, mening teatrda o‘tirishim katta lazzat baxsh etardi». Uning «Fojiaviy rollar o‘ynovchi», «Komik», «Benefis», «Tovuq behuda kuylamadi» nomli dastlabki hikoyalari qahramonlari aktyor va aktrisalar bo‘lgani tasodif emas. Anton gimnaziyadagi o‘rtog‘i Andrey Drossining uyidagi spektakllarda ishtirok ham etgan.

Gimnaziyachi Chexov yumoristik jurnallarda asarlarini e’lon qildi, rasmlarga tagso‘zi topdi, mutoyiba hikoyalar, sahna chiqishlari haqida o‘yladi. Uning «Otasizlik» nomli birinchi dramasi 18 yoshida gimnaziyada tahsil olayotgan chog‘ida yozilgan edi. Aynan tahsil yillari Chexovning ijodiy ishlari uchun boy manba berdi, shaxsiyati, ma’naviy dunyoqarashi kamolga yetishi va shakllanishini ta’minladi. Uning asarlariida boshqalardan ajralib turadigan, xarakterli obrazlar paydo bo‘ldi.

1879-yili Chexov Taganrogdagi gimnaziyani tugatdi. Moskvaga ko‘chib o‘tdi va universitetning tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. Bu dargohda Nikolay Sklifosovskiy, Grigoriy Zaxarin kabi taniqli taniqli professorlar qo‘lida tahsil oldi. Xuddi shu yili Antonning ukasi Ivan Moskva yaqinidagi Voskrensk shahri maktabiga o‘qituvchi bo‘lib ishga joylashdi. Unga butun oila joylashishi mumkin bo‘lgan katta kvartira berildi.

Moskvada tiqilib yashaydigan Chexovlar yozda Ivanning shu go‘shasiga kelishardi. Voskresenkda Anton doktor P.Arxangelskiy bilan tanishdi, u Voskresensk (Chikinsk) davolash muassasi mudiri bo‘lib ishlardi. 1882-yili Chexov talaba sifatida bemorlarni qabul qilishda shifokorlarga yordam berardi.

1884-yili u universitetni tugatdi va Chikinsk davolash muassasasi uyezd vrachi bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Keyinroq Chexov Zvenigorodda ishladi, ma’lum vaqt shifoxonani boshqardi.

«Ogohlantirish» xati

1879-yilning 24-dekabrida birinchi kurs talabasi bo‘lgan Chexov «Strekoza» jurnalida «Olim qo‘shniga maktub» hikoyasi va «Romanlar, qissalar va shunga o‘xshash asarlarda eng ko‘p uchraydigan jihatlar» hajviyasini e’lon qildirdi. Bu uning nashrdagi birinchi chiqishi edi.

Shundan so‘ng Chexov hikoyalar, feletonlar, jajji hajviy asarlar va «Qora taloqsiz odam» hamda boshqa variantlarni Antosha Chexonte taxallusi bilan yoki imzosiz chop ettirdi. Mazkur asarlar Moskvaning «kichik matbuot» nashrlarida, «Budilnik», «Zritel» jurnallari va Peterburgning «Oskolki», «Strekoza» yumoristik haftanomalarida e’lon qilindi. Yosh adib «Peterburgskaya gazeta», «Novoye vremya» va «Russkiye vedomosti» bilan hamkorlik qildi.

1882-yili Chexov «Sho‘xlik» nomli birinchi to‘plamini tayyorladi, biroq senzura to‘sqinligi tufayli u chiqmay qoldi. 1884-yili adibning «Melpomenlar hikoyalari» kitobi nashr etildi.

1885–1886 yillar Chexovning «belletrist-miniatyurachi» – qisqa va asosan mutoyiba hikoyalar muallifi sifatidagi kamol topish davri hisoblanadi. O‘zining aytishicha, o‘sha paytlarda u har kuni bir sahifadan hikoya yozgan. Zamondoshlari Chexovni shu janrda qoladi, deb hisoblashardi. 1886 yilning bahorida adib taniqli rus adabiyotchisi Dmitriy Grigorovichdan maktub oladi, u Chexovni iste’dodini «mayda-chuyda»ga sarflayotganini tanqid qilgan edi. «Biz o‘z davrimizda ochqagandek och qoling, o‘ylaganlaringizni mehnat asosida ro‘yobga chiqarish uchun taassurotlarni asrang. Bitta shunday mehnat turli vaqtlarda gazetalarga uloqtirilgan yuzlab go‘zal hikoyalardan yuz karra yuqori baholanadi», – deb yozgandi Grigorovich. Aleksey Suvorin, Viktor Bilibin va Aleksey Plesheyevlar ham bu fikrga qo‘shilishdi.

Chexov Grigorovichning o‘gitiga amal qila boshladi. 1887-yildan e’tiboran u yumoristik jurnallar bilan hamkorlikni susaytirdi, «Budilnik»ka asar yubormay qo‘ydi. Yozuvchining hikoyalari hajmi cho‘zildi va jiddiylashdi. Chexov bilan yuz bergan yana bir o‘zgarish shu ediki, adib sayohat qilishni xohlab qoldi. O‘sha yili janubga, qadrdon maskani, so‘ng «Gogol zamini», Qrimga yo‘l oldi. Janubga sayohat u yerda o‘tkazgan yoshlik xotiralarini jonlantirdi va «Cho‘llar» uchun manba hadya qildi. U birinchi qalin asarini «Severniy vostok» jurnalida chop ettirdi. Bu esa tanqidchilarning avvalgiga nisbatan «Cho‘llar»ga ko‘proq e’tibor qaratishlariga sabab bo‘ldi.

Nega roman yozilmagan?

1887-yilning kuzida Chexov maktublarida «1500 satr» romani ustidagi ishlari borasida yozgan. Bu 1889-yilgacha davom etdi va adib o‘zini qiynagan katta hajmli asar yozish fikridan voz kechdi. «Men ikki-uch yil avval Grigorovichga quloq solmaganim va roman yozmaganimdan xursandman, – deb xat bitdi u yanvar oyida Suvoringa. – Agar amal qilganimda qanchadan-qancha yaxshilikka zavol yetkazishimni ko‘z oldimga keltiryapman... Manba va iste’dodning mo‘lligidan tashqari yana muhim narsalar kerak. Yetukli kerak, bu – bir. Ikkinchidan, shaxs erkinligi tuyg‘usi zarur, bu tuyg‘u esa faqat yaqindan boshlab menda o‘t ola boshladi».

Chexovning 1880-yil oxirlarida sayohat qilishiga ijodidan noroziligi sabab bo‘ldi. Biroq bir qator safarlardan ham ko‘ngli to‘lmadi. Chexovga yangi, katta sayohat kerak, adib bittasini tanlashi kerak edi: dunyo bo‘ylab, O‘rta Osiyo, Eron, Saxalin safari. U oxirgisini tanladi.

Adib o‘z ijodidan ko‘ngli to‘lmasa-da, shon-shuhrati oshib borardi. «Cho‘llar» va «Zerikarli tarix» e’lon qilingach, tanqidchilar va o‘quvchilarning diqqat-e’tibori uning har bir yangi asariga qaratildi. 1888-yil 7 (10) oktyabrda Chexov bir yil muqaddam yozgan «G‘ira-shira payt» asari uchun Fanlar akademiyasining Pushkin nomli mukofotiga (yarim ulushiga) sazovor bo‘ldi. Akademiya komissiyaning qarorida shunday deb yozilgan edi: «Garchand Chexov hikoyalari yuksak badiiy tanqidchilik mezonlariga javob bermasa-da, zamonamiz tavsifchilik adabiyotining go‘zal namunasi bo‘lib qoladi».

1880-yillarning oxirida Chexov uslubida ayrim zamondoshlar yutuq hisoblagan, ba’zilar esa kamchilik deb qayd etgan xususiyat paydo bo‘ldi: atayin qilingan zavq-shavqsizlik sezildi, muallif bahosi berilmasdi. Bu, ayniqsa, «Uyqu kelyapti», «Xotinlar» va «Knyaz zavjasi»da yaqqol namoyon bo‘ldi.

Chexov artist K.A.Karatigina bilan suhbatidan so‘ng Saxalinga safari haqida uzil-kesil bir qarorga keldi. O‘shanda 1889-yilning yozi edi. Biroq adib buni yaqin insonlaridan uzoq vaqt sir tutdi. Faqat 1890-yil yanvarida sayohati haqida oshkor etib, jamoatchilikni hayron qoldirdi. «Dabdurustdan» bunday qarorga kelish taajjubni kuchaytirgan edi.

Kutilmagan e’lon

Sibir bo‘ylab safar 82 kun davom etdi. Bu vaqt davomida Chexov «Sibirdan» umumiy nomi ostida to‘qqizta ocherk yozdi. U Saxalinga 11 (23) iyulda yetib bordi. Bungacha esa o‘lka odamlarining hayoti, surgun sabablari tarixi haqida bilib oldi. U orol kishilari haqida minglab kartochkalar yig‘di va Saxalin aholisini ro‘yxatga olish ishlarini ado etdi (bu qaydlar ilk marta 2005-yili Saxalin nashrlaridan birida e’lon qilindi. Mazkur ro‘yxat Chexovning Saxalinga uyushtirgan sayohati mobaynida yiqqan 10 mingdan ortiq so‘rovnoma kartasidan iborat edi).

Orol ma’muriyati siyosiy mahbuslar bilan gaplashishni qat’iyan taqiqladi, biroq Chexov taqiqni buzdi.

U Saxalin safaridan dengiz yo‘li orqali «Peterburg» kemasida qaytdi. Kema besh kun Vladiostokda turib qolganida Chexov Amur o‘lkasini o‘rganish jamiyati kutubxonasida ishladi va Saxalin haqidagi kitobiga qo‘shimcha manba yig‘di. Safar davom etdi: Gonkong, Singapur, Seylon oroli, Sues kanali, Konstantinopol, Odessa... 1890-yilning 7 (19) dekabrida qarindoshlar uni Tulada kutib oldilar.

Shundan so‘ng besh yil davomida Chexov «Saxalin oroli» kitobini yozdi. O‘zining e’tiroficha, ushbu o‘lka bo‘ylab sayohati badiiy ijodi, keyingi asarlarini yaratishiga katta ta’sir qilgan.

Saxalin safaridan so‘ng Moskvaga qaytgan Chexov Kichik Dmitrovkadagi asosiy uy yoniga qurilgan ikki qavatli binoda yashadi. Bu go‘shada «Saxalin oroli» kitobi, «Ninachi», «Duel», «6-palata» ustida ishladi. Shuningdek, yozuvchilar V.Korolenko, D.Grigorovich, V.Gilyarovskiy, D.Merejovskiy, taniqli aktyorlar A.Lenskiy va A.Yujin, rassom I.Levitan bilan uchrashdi (ushbu uy hozirgacha saqlanib qolgan).

1892 yili Chexov Melixovodan mulk sotib oldi. U yerda dehqonlarning bolalari uchun uchta maktab qurdirdi. Keyin esa qo‘ng‘iroqxona, o‘t o‘chirish saroyi barpo etdi, pochta va telegraf ochilishiga erishdi. Shuningdek, mingta olcha, tilog‘och, qayrag‘och, zarang, qarag‘ay, eman ko‘chatlari ekishni tashkillashtirdi.

Melixovoda yashagan davrida qadrdon Taganrogda jamoat kutubxonasini ochish fikri tug‘ildi. Shu maqsadda o‘zining ikki mingta kitobi, jumladan, muzey ahamiyatiga molik dastxati qo‘yilgan nashrlari hamda ilm-fan va san’at namoyandalarining portretlaridan iborat galereyani xayriya sifatida ajratdi.

Keyinroq adib Yevropa bo‘ylab sayohat qildi. 1898-yilning oxirida esa Yalta bo‘yidan tomorqa sotib oldi. Bu yerda bog‘-rog‘ barpo etildi va me’mor L.Shapovalov loyihasi bo‘yicha uy qurildi.

So‘nggi so‘zlar

Bora-bora Chexovda sil kasalligi kuchayib, tuzalish uchun doimiy ravishda Yalta bo‘yidagi uyda yashadi. 1901 yilning noyabrida u rafiqasiga shunday maktub bitdi: «Mening xonamda oddiy harorat +12 bo‘lib, kamdan-kam holatda +13 ga ko‘tariladi. Kaminga o‘t yoqib bo‘lmaydi, chunki kamindan ko‘zim og‘riydi. 12 gradusda esa ishlash qiyin».

Er-xotin bir necha oylab ko‘rishmasdilar. Olga Leonardovna teatrda band bo‘lar, Chexov esa vrachlar ko‘rsatmasiga ko‘ra, Yaltada yashashga majbur edi. Ayriliq har ikkalasi uchun ham azob bo‘ldi. «Biz birga emas ekanmiz, bunga men va sen emas, balki menga bakteriya joylagan, senga esa san’atga muhabbatni jo qilgan shayton aybdor», – deb xat yozdi Chexov rafiqasiga.

Klinikada adibning kasallik tarixini yuritgan davolovchi vrach Maksim Maslov yozib qoldirishicha, Chexov gimnaziyada o‘qigan davrida va talabaligida silning qorin pardasi yallig‘lanishi bilan kasallangan, biroq «ko‘krak suyagi toraygani»ni 10 yoshida his qilgan. 1884-yildan boshlab chap o‘pkadan qon ketishidan aziyat cheka boshlagan.

Ayrim tadqiqotchilar aytishlariga ko‘ra, yozuvchining hayotida Saxalinga sayohati hal qiluvchi rol o‘ynagan. O‘shanda loygarchilik bo‘lib, nam kiyim va ivigan kigiz etik bilan otda minglab chaqirim yo‘l bosishga to‘g‘ri kelgan. Chexovning o‘zi va yaqinlari ham kasallikni safar bilan bog‘lashgan. Sil kasalligi kuchayganining boshqa sababi esa adibning Yaltadan Moskvaga salomatlik uchun ob-havo nobop bo‘lgan paytlarda borgani bilan izohlandi.

1904-yilning yozida Chexov Germaniyadagi kurortga ravona bo‘ldi. Ammo sog‘ayib ketmadi, kasallik birdaniga zabtiga oldi.

Xotini Olga Leonardovnaning guvohlik berishicha, 1-iyuldan 2-iyulga o‘tar kechasi Chexov uyqudan uyg‘onib, umrida birinchi marta shifokorga odam yuborishni so‘ragan. So‘ng shampan keltirishlarini buyurgan. «Anton Pavlovich o‘tirdi va baland ovozda shifokorga nemis tilida «Ich strebe» dedi (u nemischani ham bilardi)». Keyin esa talaba yoki xotiniga tushunarli bo‘lishi uchun takrorladi: «Men o‘lyapman». Shundan so‘ng qadahni ko‘tardi, rafiqasiga yuzlandi va hayratomuz tabassum bilan dedi: «Anchadan buyon shampan ichmagandim». Chexov xotirjam alfozda shampanni oxirigacha sipqordi, chap yonboshi bilan yotdi va bir umrga mangu uyquga ketdi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring