Bir sinfda to‘qsonta bola?..

Ibratli tasodif
Buni bizga o‘qituvchimiz gapirib bergan.
O‘sha o‘qituvchimizning bir qarindoshi birinchi jahon urushi yillarida armiyada ofitser bo‘lib xizmat qilgan ekan. Kunlardan birida bu odam cho‘lda ketayotib qiziq voqeaning guvohi bo‘libdi: tipratikan bilan yo‘g‘on ilon «jang» qilayotgan ekan. Hujum qilayotgan tomon asosan tipratikan bo‘lib, u nuqul hamla qilar, har hamla qilganida o‘tkir tikanlarini ilonning tanasiga sanchib olarkan. Ilon chetroqqa o‘rmalab qochmoqchi bo‘lsa, yugurib oldidan chiqar, yana nayzasini suqib-suqib olaverarkan. Axiyri ilon shu darajada abgor bo‘libdiki, qimirlashgayam holi qolmabdi. Tipratikan yana hujumga shaylanib turganini ko‘rib, ofitser qo‘lidagi tayog‘i bilan uni bir-ikki marta tushiribdi. Tipratikan til tortmay o‘libdi, tayoq ham qars etib sinibdi.
Ofitser yo‘l-yo‘lakay singan tayog‘ini o‘ynab, o‘zi turgan chodirga yetib olibdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, tashqari chiqib qarasa, boyagi yo‘g‘on ilon chodirning ostonasida tasmadek cho‘zilib o‘lib yotganmish. Ustida singan tayoq bo‘lagi!
O‘qituvchimiz bu voqeani aytib bergach, bizga shunday degan edi:
– Tanasi ilma-teshik bo‘lib ketgan bir ilonning yaxshilikka yaxshilik qaytarish niyatida shuncha yo‘l bosib, tayoqning singan uchini sudrab kelishi aslida aql borvar qilmaydigan narsa. Lekin bu bo‘lgan voqea. Qolaversa, buni ibratli tasodif desa ham bo‘ladi.
Masxaraboz
Bemor doktorga o‘z dardini to‘kibdi:
– Doktorbey, mening tobim yo‘q. Hayotdan zavq ololmayapman. Iztiroblarimni unutolmay qiynalyapman. Ishtaham yo‘qolgan. Tomog‘imdan qil o‘tmaydi. Ko‘z oldimdan och-yalang‘och insonlar ketmaydigan bo‘ldi. Tonggacha uxlolmay ular bilan birga sovqotib chiqaman.
Jinoyat haqidagi xabarlarni o‘qiganda o‘sha jinoyatda mening ham aybim yo‘qmikan, deb o‘yga tolaman. Qotil ushlagan pichoqning sopi qo‘limni kuydirayotgandek bo‘laveradi. Otilgan har bir o‘q mening qalbimga sanchilgandek azoblanaman. Jamiyatdagi barcha ayb, jinoyat va gunohlarni ortmoqlab ketayotgandek his qilaman. Kulishni tamoman unutib yubordim. Doktorbey, menga yordam bermasangiz holim xarob – deya shikoyat qilibdi u.
Doktor bemorni tekshirgandan so‘ng yelkasiga qo‘lini qo‘yib deraza yoniga olib boribdi. Pardani tortib barmog‘i bilan ko‘cha betidagi afishani ko‘rsatibdi. Unda sirk masxarabozining rasmi bor ekan. Doktor o‘sha masxarabozga ishora qilib:
– Azizim, – debdi. – Anovi masxarabozni ko‘ryapsizmi? Har kuni oqshomda ajoyib tomoshalar ko‘rsatmoqda. Sizga tavsiyam, o‘sha tomoshaga boring, barcha iztiroblaringizni unutasiz, maza qilib kulib dam olasiz. Dilingiz yayraydi. Kasallikdan ham asar qolmaydi.
Bemor boshini egibdi va chuqur bir uh tortgandan keyin debdi:
– Doktorbey, o‘sha masxaraboz, menman!
Jo‘rovoz bo‘lib
O‘sha paytlarda Istanbulda hovli-joyimiz bo‘lguchi edi. Besh tanobcha yerimiz ham bor. Uydagi mushuk bilan kuchukcha birga katta bo‘lganligi bois judayam inoq edi.
Biz tomorqaga sabzavot ekib, bir chekkasida tovuq boqardik. Yana bir eshagimiz bo‘lib, men uni Chalabiy deb chaqirardim. Jonivor nihoyatda yuvosh edi. Kuchukcha bilan mushuk Chalabiyning ustiga chiqib olib, o‘sha yerda tong ottirgan paytlari ko‘p bo‘lgan. Ba’zan kuchukchaning Chalabiy bilan o‘ynashgisi kelib qolar, shunda u yugurib borib, naq g‘ajib tashlamoqchiday akillay boshlardi. Chalabiyning esa parvoyi palak edi.
Tovuqlar kurk bo‘lib, jo‘ja ochadigan payt keldi deguncha osmonda kalxatlar izg‘ib qolardi. Mabodo birorta kalxat jo‘jaga chang solish uchun yerga sho‘ng‘isa bormi, ona tovuq darhol qanotlarini kerib, patlarini hurpaytirib olar, bolalarini xatardan ogoh qilmoqlik uchun qaqillagan ovoz chiqarardi. Buni eshitib, jo‘jalar pana joylarga qochib qolishardi.
Mushuk bilan kuchukcha qayerda bo‘lmasin, tovuqning nolasini eshitishlari bilanoq darhol yordamga yetib kelardi. Jo‘jalarga ozor berish uyoqda tursin, ikkoviyam ularni onaiari bilan bir safda turib kalxatlardan himoya qilardi. Bir tomondan ona tovuq qaqillagancha yer bag‘irlab uchib yurgan kalxatga qarab sapchisa, ikkinchi tomondan mushukcha miyovlab, kuchukcha qattiq vovullardi. Xullas, tovuq, mushuk va it baravariga jo‘r bo‘lib, kalxat hujumini daf qilishardi. Sheriklarining ovozini eshitgan Chalabiy boyaqish biror xatar borligini sezardi-yu, ammo bir oyog‘i zanjir bilan qoziqqa bog‘lab qo‘yilganligi uchun bor kuchi bilan hangrab yuborardi.
Bir kuni yana hovlini tovuqning qaqillashi-yu mushukning miyovlab, itning vovullashi tutib ketdi. Chalabiy ham turgan joyida hangrab yubordi. Bir payt qarasam, Chalabiy oyog‘idagi zanjirni shildiratib shu tomonga qarab irg‘ishlab kelyapti. Zanjirning bir uchida temir qoziq. Bildimki, qoziqni bir amallab sug‘urib qochgan.
Chalabiy sheriklarining yoniga yetib kelgach, ikkala qulog‘ini ding qilib, kallasini osmonga ko‘tardi-da, tepada aylanib yurgan kalxatga qarab shunday bo‘kirib yubordiki, asti qo‘yavering. Eshagimiz bunaqa hangraganini shu vaqtgacha hecham eshitmagan edim.
Idol Branski
Mashinada Yevropadan Turkiyaga qaytayotib, Yugoslaviya orqali o‘tadigan bo‘ldik. Belgradga yaqinlashib qolgan edik, yo‘l chetida joylashgan bir xo‘jalikka ko‘zimiz tushdi. Surishtirib bilsak, bu yerda zotli itlar yetishtirisharkan. Uning egasi bir yugoslav bo‘lib, o‘zi shu sohada mutaxassis ekan. Xo‘jalikni aylanib chiqdik. Har xil toifali yuzlarcha itlarni ko‘rdik. Bitta kuchukcha bizga ma’qul tushib, uni sotib olmoqchi bo‘ldik. Egasi tug‘ilganiga endi yigirma kun bo‘lganini, o‘zi esa Londonda bo‘lib o‘tgan ko‘rikda birinchi o‘rinni olgan Idol Branski laqabli itning zurriyoti ekanini aytdi. Xullas, ikkinchi Idol Branskini sotib oldik. Bizga kuchukcha bilan birga uning nasl-nasabi yozilgan guvohnomani ham berishdi.
Kuchukchani uyga olib keldik. Oyim uni uy ichida saqlashga ko‘nmadi. Noiloj hovlidagi katalakka qamab qo‘ydik. Idol Branski yonidan jilishimiz bilan uvvos ko‘tarib yubordi. Keyin esa tuni bilan goh chiyillab, goh uvillab chiqdi. Na o‘zi orom oldi, na bizga va na qo‘shnilarga tinchlik berdi. Ertasi kuni rosa boshimiz qotdi. Kun bo‘yi uning yonidan jilmadik. Kechasi yana halovat bo‘lmasligi aniq edi.
Yaqin tanishlarimizdan biri maslahat berdi:
– Qo‘ng‘iroqli soat bor-ku, shuni to‘rvaga solib, yoniga qo‘yinglar-chi, g‘ingshimasa kerak.
Aytganini qildik. Idol Branskining akillashi tindi. Tuni bilan churq etmadi. Erta bilan uyg‘ongach, o‘lib-netib qolmadimikin, degan xavotirda katagiga borib asta mo‘raladik. U soat solingan to‘rvaga boshini qo‘yib, tinchgina uxlayotgan ekan.
Shundan keyin har kuni kechqurun buni takrorlab turdik. Bora-bora Idol Branski ulg‘ayib, soatsiz uxlaydigan bo‘ldi.
Bir kuni bizga maslahat bergan o‘sha tanishimizdan buning sababini so‘radik. U o‘zi bu ishni qilib ko‘rmaganini, lekin bir kitobda shu haqda o‘qiganini aytdi. Kitobda yozilishiga ko‘ra, kuchuk bolasi soatning tiqirlashini onasining yurak urishiga o‘xshatar ekan. Ma’lumki, kuchuk bolachalari odatda onasining qorniga boshini qo‘yib yotadi. Demak, Idol Branski soat solingan to‘rvaga boshini qo‘yib uxlashining sababi ham shunda.
Agar...
Qadrli do‘stim Bahri Filfil!
Maktub yo‘llab meni eslaganing uchun sendan minnatdorman. Agar ushbu xatim pochtada yo‘qolib qolmasa, agar senzuradan o‘tsa, agar xat tashuvchi manzilingni to‘g‘ri o‘qiy olsa, agar yashayotgan uying musodara qilinmasa yoki xo‘jayin seni uydan haydab chiqarmasa, umid qilamanki, albatta, senga yetib boradi.
Azizim Bahri Filfil!
Maktubingda qachon uylanishim haqida so‘rabsan. Agar qaylig‘im ish topa olsa, agar xo‘jayin unga tegajoqlik qilganida o‘jarlik qilgani uchun ishdan haydab yubormasa, agar maoshimizga loyiq kvartira topa olsak, agar ba’zi zarur mebellarni xarid qila olsak, agar bosh ministrimiz va’da qilgan iqtisodiy yuksalish ro‘y berib, esimni taniganimdan beri gapiriladigan turmush darajamiz yaxshilanib, maoshim oshsa, agar o‘n yildan buyon uylanishimni kutayotgan qaylig‘imning sabr-toqati tugamasa, agar meni ta’qib ostiga olishmasa, uzoqroqqa badarg‘a qilishmasa, ishdan haydashmasa, yaqin kunlarda, albatta uylanaman.
Sevikli Bahri Filfil!
Maktubingda Sayfi xolamning sog‘lig‘ini so‘rabsan. Agar u yettinchi doktori tavsiya qilgan dorini topa olsa, agar kasalxonada bo‘sh joy bo‘lib, uni operatsiya qilishsa, agar u operatsiyadan tirik chiqsa, agar u batamom sog‘ayib ketishi uchun Yevropaga borib davolanishga pul topa olsa, agar u tushgan kema cho‘kib, yonib ketmasa, boshqa mamlakatga qochmasa, musodara qilinmasa, agar bojxonadan o‘tganda xolamizning sog‘ligi yanada og‘irlashmasa yoki uning jomadonidan eriga sovg‘a uchun olgan galstukni topishib, kotrabandada ayblashib, qamab qo‘yishmasa, agar u bularning hammasiga bardosh berib, tirik qolsa, tez kunlarda, albatta sog‘ayib ketadi.
Qadrdonim Bahri Filfil!
Maktubingda komandamizning bu mavsumdagi ahvoli bilan qiziqibsan. Agar o‘yin paytida komandamiz darvozasi kichrayib qolsa, agar o‘yinchilarimiz ko‘zini quyosh qamashtirmasa, agar raqib darvozasi tomon kuchli shamol tursa, agar muxlislar tinimsiz qiyqshlirib, raqib komanda o‘yinchilarining o‘takasini yorsa, agar ularga so‘ta va temir kosov, shisha otib, birortasini mayib qilinsa, agar har bir uchrashuv oldidan o‘yinchilarimiz aziz avliyolarning qadamjolarini ziyorat qilib, bundan quvvat olsa, komandamiz, albatta, chempion bo‘ladi.
Maktubingda hol-ahvolimiz bilan qiziqibsan. Agar yomg‘irdan so‘ng radio, telefonlar buzilmasa, gaz berkilib qolmasa, agar elektr o‘chib, suv quvurlari yorilib, transport izdan chiqmasa, agar buning kasofatidan nonning narxi ko‘tarilmasa, turmushimiz juda farovon bo‘lishi aniq.
Sen yana amakimning ishlari bilan qiziqibsan. Agar amakim Anqaraga eson-omon yetib borib, pora, tanish-bilish va qing‘ir yo‘llar bilan ishini ijobiy hal etsa, agar maktabdan o‘rtog‘i unga tavsiyanoma bo‘lsa, agar ana shu tavsiyaga ko‘ra, bankdan qarz olib, savdo do‘koni osganidan keyin aqldan ozib qolmasa, yaqin kunlar ichida uning ishlari ham, albatta yurishib ketadi.
Qimmatli Bahri Filfil!
Sen yana kichkina Jengizning o‘qishini so‘rabsan. Agar ularning sinfida bu yil ham o‘tgan yildagiday to‘qsonta bola o‘qimasa, agar mashg‘ulotlar uch smenada o‘tmasa, agar darslar o‘qituvchi yetishmasligidan yo‘qqa chiqmasa, agar qayta imtihon topshirish yoki yomon baholar bilan sinfdan-sinfga ko‘chishga ruxsat bo‘lsa, yoki ministrlik buning uchun yana imtiyozlar joriy qilsa, bolakayning o‘qishi joyida bo‘ladi.
Og‘aynim Bahri Filfil!
Iltimos qilgan narsangni surishtirib, aniqladim. Menga aytishdiki, agar tepakallarning boshidan jingalak soch o‘sib chiqsa, ho‘kizlar majnuntol shoxlariga uya qo‘ysa, agar qora tanlilar oq tanliga aylansa, agar quyoshning yuziga loy chaplansa, agar mushuklar kir yuvsa, agar osmonga narvon bilan chiqishsa, agar tuyaning dumi yerga tegsa, sening iltimosing qondirilar ekan.
Qadrdonim Bahri Filfil, javobingga mushtoq bo‘lib, seni o‘pib qolaman.
Muallif: Aziz Nesin
Turk tilidan Miad Hakimov va
Mehmon Islomqulov tarjimasi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter