Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Uzpost» — O‘zbekistonning yirik operatori yangi brendga o‘tdi! (video, foto)

Sir emas, mamlakatimiz pochta tizimida oqsoqlik bor edi. Qilinayotgan ishlar yaqqol ko‘zga tashlanmayotgani ham bor gap. Ammo bugun «O‘zbekiston pochtasi» AJ katta ishlar boshlaganini e’lon qildi. Endi milliy pochta tizimi qanday yo‘ldan boradi, aholining pochta xizmatlariga ehtiyojlari qanday qondiriladi?

Bugun, 14 dekabr kuni «Hyatt Regency» mehmonxonasida «O‘zbekiston pochtasi» AJ «Yangi imkoniyatlar kuchi» nomli rebrending taqdimotini o‘tkazib, shunga o‘xshash savollarga javob qaytardi. Kamtargina, ortiqcha shov-shuvlarsiz o‘tgan taqdimotda pochta mutasaddilari kelgusi vazifalar haqida ma’lumot berishdi. Chiqishlardan anglaganimiz, eng birinchi vazifa – mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish.

Milliy pochta operatori xizmat ko‘rsatishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishni maqsad qilgan.

Endi kompaniya «Uzpost» – yangi nom, yangi logotip ostida xizmat ko‘rsatishga kirishadi. Logotip qanotida pochta yo‘llarining ramzi bo‘lgan uchta chiziqni ko‘rish mumkin, bosh tomondagi «tasdiq» belgisi esa muvaffaqiyatli yetkazib berilgan pochta va bajarilgan vazifalarni anglatadi.

Yangi tizim jarayonlarni optimizatsiya qilishga, pochta jo‘natmalarini rasmiylashtirish bosqichlarini qisqartirishga yordam beradi. Endilikda «O‘zbekiston pochtasi» mijozlari o‘z uylaridan chiqmasdan turib o‘z jo‘natmalarini veb-sayt, mobil ilova yoki telegram bot orqali rasmiylashtirishlari mumkin. IT-kod olgan mijoz o‘ziga yaqin pochta bo‘limiga keladi va uni ko‘rsatgan holda, operator mijoz tomonidan oldinroq kiritilgan ma’lumotlar bilan tizim orqali tanishib, jo‘natmani rasmiylashtiradi.

Shuningdek, «O‘zbekiston pochtasi» mijozlari endilikda yangi tizim orqali ular onlayn tarzda jo‘natmalarini kuzatib borishlari mumkin. Ushbu o‘zgarish nafaqat pochta mijozlariga, balki kompaniyaning o‘ziga ham yordam beradi. Chunki, pochta jo‘natmalarning qaysi bosqichlarida eng uzoq uzilishlar yoki kutishlar kuzatilishi haqida ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Ushbu ma’lumotlar asosida kompaniya joylardagi muammolarni aniq hal qilishga muvaffaq bo‘ladi.

Ta’kidlash lozim, «O‘zbekiston pochtasi» AJ avtoparki va infratuzilmasi ham yangilanib, kompaniya tomonidan  27 ta «Damas», 75 ta kichik  «Keddi», 4 ta katta «ISUZU» va ikkita yuk ortuvchi «Gazel» avtotransportlari hamda 417 ta elektroskuter va 200 ta velosiped xarid qilindi. Shuningdek, 15 foiz pochta bo‘linmalari qayta ta’mirlandi va qolgan barcha bo‘linmalar ham bosqichma-bosqich ravishda ta’mirlanmoqda. Pochta bo‘linmalariga yangi kompyuter, to‘lovni qabul qilishning mobil qurilmalari taqdim etildi.

Yangi formatdagi va yangi dizayndagi pilot bo‘linmalar ochildi, kelgusida ularning andozasi bo‘yicha mamlakat bo‘ylab barcha pochta bo‘linmalari yangilanadi. Shuningdek, kompaniya avtomatlashtirilgan majmualar – pochtamatlarni ham joriy qildi. Ular orqali mijozlar o‘z jo‘natmalarini o‘zlari olishlari mumkin bo‘ladi. Bugunga kelib respublika bo‘ylab 30 ta pochtamat o‘rnatilgan.

O‘zbekiston bo‘ylab 900 dan ortiq pochta bo‘linmalarida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 34 taga yetkazildi. Keyingi yil boshida «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan Toshkent, Buxoro, Xorazm va Asaka shaharlarida 4 ta fulfilment markazlari ishga tushiriladi. 2025 yilgacha mamlakat bo‘ylab avtomatlashtirilgan fulfilment markazlari soni 30 tagacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

Kompaniyaning «Unisavdo» deb nom olgan platformasi Android va iOS tizimlari uchun mobil ilovalari 2021yilning may oyida taqdim etilgan. 300 dan ortiq tadbirkorlar «Unisavdo»da o‘z mahsulotlarini joylashtirish uchun shartnoma imzolashgan. Bugungi kunga kelib platformada 14 000 dan ortiq mahsulot joylashtirilgan va ular respublika bo‘ylab yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston pochtasi» AJ to‘lovlarni qabul qilishning pul o‘tkazmalarini amalga oshirishning yangi tizimi – «Avval»ni ishga tushirdi. «Avval» tizimi pochta tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshiradigan yagona markazlashgan dastur bo‘lib, ushbu tizim yordamida mijozlar 100 dan ortiq xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Dastur quyidagi imkoniyatlarni beradi:

  • dasturga yangi servislari ulash;
  • mobil qurilma yordamida pochta operatorlari o‘z uchastkasida to‘lov qabul qilish;
  • mobil ilova orqali mijozlar to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin;
  • boshqa dasturiy maxsulotlar bilan integratsiya kilish imkoniyati mavjud.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring