Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Fayzullayev: Raqamlashmagan soha yutqazadi

Alisher Fayzullayev: Raqamlashmagan soha yutqazadi

«Xabar.uz» internet nashrining «110 metr balandlikda» deb nomlangan ko‘rsatuvining navbatdagi mehmoni – «O‘zbekiston pochtasi» AJ Bosh direktori Alisher Fayzullayev. Taklifimizni xat orqali yubordik. Alisher aka intervyu berishga rozilik bildirdi.  

Suhbatdoshimiz haqida:
Alisher Nasibullayevich Fayzullayev – 1966 yil 24 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1988 yili Toshkent elektrotexnika aloqa institutini tamomlagan. 2015-2016 yillar davomida O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari, 2016 yilning noyabridan 2019 yilning fevraligacha Intellektual mulk agentligi bosh direktori vazifalarida ishlagan.
2019-yilning 12 iyunidan boshlab «O‘zbekiston pochtasi» AJ Bosh direktori vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

– Keling, suhbatimizni oddiy savoldan boshlasak, Siz xat yozganmisiz?

– Xat yozganman, albatta. Bizni yoshligimizda pochta juda faol ishlaydigan payt edi. Akamga, armiyaga, armiyadan uyga yozganman. Hattoki, o‘sha paytda markaziy televideniyening «Ertaklar olami» ko‘rsatuviga ham xat yozganman.

 – 80-90 yillarda hamma pochtachi kelishini intiqib kutardi. Bir xonadonga kamida 7-8 dona gazeta-jurnallar kelardi. Siz ham pochtachi kelishini kutganmisiz?..

– Albatta, kutganman. Maktabda o‘quvchilar «Gulxan» jurnaliga, ota-onamiz esa gazetalarga obuna bo‘lishardi. «Gulxan»ni kelishini intiqlik bilan kutardik. Keyinchalik onamiz pensiyaga chiqdilar. Pochtachi xonadonimizga yaqin odam bo‘lib qolgandi. Bemalol uyga kirib kelardi. Sumkasidan hujjatlarini chiqarib, pensiya pulini topshirib ketardi.

– Hozir ham xat yozuvchilar bormi?

– Bor. Umuman olganda, dunyoda xat yozuvchilar kamaygan. Butunjahon pochta ittifoqining statistkasini kuzatib boramiz. Dunyo bo‘yicha pochta operatorlarida xatlar hajmi kamayyapti. Bizda esa haligacha xat yozuvchilar bor. O‘tgan yili 7 milliondan ortiq xat yetkazib beribmiz. Bu aholining tashkilotlarga, fuqarolarning bir-biriga yozgan xatlaridir. Davlat organlaridan aholiga yuboriladigan xatlarni gibrid pochta xizmati orqali yetkazib beryapmiz. Mana olti oylik natijalarni olsak, 15 millionta gibrid pochta va aholining 3,5 millionta xatlarini tashibmiz.

– Aytingchi, hozir dunyo bo‘yicha pochta tizimining umumiy ahvoli qanday?

– Ba’zi bir muammolar bor. Hech kimga sir emas, axborot texnologiyalarining rivojlanishi, internet tarmog‘ining keng tarqalishi, turli aloqa kommunikatsiyalarining paydo bo‘lishi tufayli pochtaning an’anaviy xizmatlariga ehtiyoj kamaygan. Shuning oqibatida pochtada iqtisodiy muammolar paydo bo‘ldi. Ba’zi mamlakatlarda davlat subsidiya hisobidan pochtani ushlab turibdi, ba’zilarda milliy operator statusini yo‘qotib, pochta xususiylashdi, ba’zilari qiyin ahvolda. Shu bilan birga, yangi imkoniyatlar paydo bo‘lyapti, jumladan, elektron tijorat. Albatta, yetkazib berish xizmatlari bor. Buni pochta operatorlari o‘ziga «O‘sish nuqtasi» sifatida ko‘rib, faoliyatini shunga moslashtiryapti. Boshqa pochta operatorlari bilan ma’lumot va tajriba almashib turamiz. Hozir holat shunaqa.

– Shu jumladan, mamlakatimiz pochta tizimi og‘ir damlarni kechirdi. Xodimlar soni keskin qisqardi. Iqtisodiy-moliyaviy muammolar paydo bo‘ldi. Bu hammaga kelgan to‘y edimi? Sabablari nimada edi?

– Avvalambor, buni hammaga kelgan to‘y edi, desak ham bo‘ladi. To‘g‘risini aytish kerak, bizda zamon talabiga moslashishni oldinroq boshlash kerak edi. Ikkinchidan, oldin pochta pensiyani yetkazib berar va jami daromadining 50 foizini shundan topardi. Keyinchalik qonunchilikka o‘zgartishlar kiritildi, pochtaning pensiya yetkazib berish funksiyasi bekor qilindi. Va shundan birdaniga pochta qiyin ahvolga tushib qoldi, bir qancha pochta bo‘limlari yopildi, 8 mingdan ortiq xodimlar qisqarishga tushdi.

– Pochta rebrending o‘tkazdi. Zamonaviy mashinalar, skuterlar xarid qilindi. O‘tgan yili O‘zbekiston pochtasi xalqaro pochta reytingida 41 pog‘onaga ko‘tarildi. Bu  natijalarga qanday erishildi?

– Gapni uzoqdan boshlasam. Bir necha yil oldin Davlatimiz rahbari ishtirokida pochta muammolariga oid selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda pochtani muhim strategik ahamiyatni hisobga olib, muhokamalardan keyin rivojlanish yo‘llari belgilab berilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 14 dekabrdagi «Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 4921-qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan tizim oldiga katta vazifalar qo‘yildi, uni amalga oshirish uchun moliyaviy manbalari belgilandi.

Birinchi navbatda, tizimda axborot texnologiyalari joriy qilindi, transport parki yangilandi, yangi xizmatlarga moslashildi, bir qancha axborot tizimlari ishga tushirildi. Shundan keyin rebrending o‘tkazildi. Bundan maqsad aholiga pochta yangilayotganini, yangi texnologiyalarga tayanadigan kompaniya ekanini ko‘rsatish edi.

Shu ishlarni amalga oshirganimiz, jahon pochta almashuvida ishtirokimiz faollashgani, pochta tranziti ko‘paygani, pochtani yetkazib berish muddatlari qisqargani hisobiga o‘tgan yili  «O‘zbekiston pochtasi» AJ Butunjahon pochta ittifoqining pochta aloqasi rivojlanishining integratsiyalashgan indeksining (2IPD) 2023 yilgi hisobotida mamlakatimiz 41 pog‘onaga yuqorilab, 172 ta davlat orasida 74-o‘rinni egalladi hamda «Pochta taraqqiyotining yuksaluvchi yulduzi» mukofoti bilan taqdirlandi. Bundan hamma xursand bo‘ldi, lekin bu joyni yo‘qotib qo‘yish ham mumkin. Endi yanada oldinga siljish uchun qiladigan ishlarimiz hali ko‘p.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ ko‘rsatayotgan xizmatlardan qaysi biri asosiy daromadni olib kelmoqda, pochta xizmatlari hajmi mamlakatimizning qaysi hududlarida eng yuqori, shahar va qishloqlarda pochta xizmatidan foydalanish farqi qanday, AKT, raqamlashtirish imkoniyatdan qanday foydalanilmoqda, milliy pochtasi operatori qay darajada raqobatbardosh, Uzum Market bilan hamkorlik, yoshlarni qanday yo‘l bilan sohaga jalb qilish mumkin? Shu kabi savollarga javob olish uchun ushbu intervyuni to‘liq shaklini saytimizning Yutubdagi sahifasida tomosha qilishngizni tavsiya qilamiz.

Ma’lumot o‘rnida:

* «O‘zbekiston pochtasi» AJ tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning umumiy soni 7 466 nafarni (shundan, ayollar 3 949 nafar yoki 53 foiz) tashkil etadi.

* Pochta tizimida 4 ta ixtisoslashtirilgan filial, 14 ta hududiy filial, 161 ta pochta aloqasi bog‘lamasi va 1 603 ta pochta aloqa bo‘limlari mavjud.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring