Bugun o‘zbek tilini kimlar va nima maqsadda o‘rganyapti? (video)
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 60 million kishidan oshgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tilining mavqeyi ham kundan-kun ortib bormoqda.
Mazkur mavzu doirasida Xabar.uz nashri jurnalisti o‘zbek tilini kimlar va nima uchun o‘rganayotganiga bilish maqsadida o‘zbek tili o‘qituvchilari bilan suhbatlashdi.
Mehriniso Sharipova, o‘qituvchi
— Asosan xorijiy davlat fuqarolari o‘zbek tilini o‘rganish ishtiyoqida kelishadi. Yaqinda hindistonlik va xitoylik ikki kishi o‘zbek tilini o‘rganish maqsadida murojaat qilishdi. Bu ularga ish yuzasidan kerak ekan. O‘zbek tilini o‘rganuvchilar orasida rusiyzabonlar ham bor. Ko‘pchilik ingliz yoki rus tilini o‘rganish bilan bir qatorda o‘zbek tilini ham o‘rganmoqda. O‘rganuvchilar kelajagini o‘zbek tilisiz tasavvur qilish qiyinligini tushunib yetishgan. Bir hindistonlik fuqaro 6 oy davomida o‘zbek tilini o‘rganib, hozirda sog‘ligida muammo bilan Hindistonga borayotgan yurtdoshlarimizga yordam beryapti. Yana bir xitoylik fuqaro ham 4 oy deganda o‘zbek tilini o‘rgandi. Bunga sabab u o‘zbek qizini yaxshi ko‘rib qolganida bo‘ldi. Bu xitoylik o‘quvchimiz hozir ham onlayn o‘qishni davom ettirmoqda.
Shohida Nasriddinova, o‘qituvchi
— Bugungi kunda o‘zbek tilini har xil soha vakillari o‘rganmoqda. Nafaqat o‘zbeklar balki, rusiyzabonlar ham ikkinchi til sifatida o‘rganishmoqda. Buni kimdir tilga qiziqish deydi, kimdir farzandim o‘rgansin deydi. Ko‘pincha, nevarasini yetaklab, buvilar til o‘rganishga kelishadi. Maktabda o‘rgatmayotganidan norozi bo‘lishadi. Nevarasining o‘zbek tilini o‘rganishini istab kelgan buvilarni hatto o‘zim yaxshi ko‘rib ketaman. Ota-ona qilmagan ishni buvilar qilishadi. Xuddi shunga o‘xshab, o‘zbek bo‘la turib, o‘zbek tilini mukammal bilmaydiganlar ham uchrab turibdi.
O‘zbekistonda yashaymiz, o‘zbek tilini o‘rgating, deydiganlar juda ham ko‘p. Bir kuni ikki yildan buyon O‘zbekistonda yashayotgan rossiyalik ish davomida o‘zbek tili kerak bo‘layotganini aytib keldi. O‘zbek tilini umuman bilmasdi. Umuman til bilmagan odamga til o‘rganish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bir koreyalik ayol o‘zimida – bankda ishlardi, shu kishi ham o‘zbek tilini o‘rgandi. Yaqinda gaplashib qolganimizda, mijoz bilan bemalol o‘zbek tilida gaplashganini faxr bilan gapirib berdi.
Zahro Gulmurodova, o‘qituvchi
— Kundan-kunga o‘zbek tilini o‘rganuvchilar soni ortmoqda. O‘zbekistonda yashayaptimi, o‘zbek tilini o‘rganishi shart bo‘lib qoldi. Bu yerda yashayotgan har bir chet ellik tilni bilishi kerak. Shu o‘rinda «Nima uchun? » degan savol tug‘iladi. Chunki ishlayaptimi, yashayaptimi unga til kerak! Faoliyatim davomida bir turk oilasiga o‘zbek tilidan dars berdim. Ular bu yerda yashash, ishlash maqsadida tilni o‘rganishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter