«O‘zbekiston pochtasi» 240 ta elektroskuter sotib oldi
Pochta va kur’yerlik jo‘natmalari, davriy matbuot nashrlari va boshqa jo‘natmalarni yetkazish uchun 240 ta elektroskuter sotib olindi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
«Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbai etib, «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyatining 100,0 mlrd.so‘m miqdordagi oddiy aksiyalarini qo‘shimcha chiqarish belgilangan.
Hozirgi kunga qadar, tijorat banklardan kredit va lizing mablag‘larini jalb etgan holda pochta va kur’yerlik jo‘natmalarni, davriy matbuot nashrlarni va boshqa jo‘natmalarni markazdagi pochta saralash bo‘limidan olib, oluvchilarga yetkazib berish (bunda aloqa bo‘limlari pochta jo‘natmalarini yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanmaydi) amaliyotini joriy etish maqsadida 240 ta elektroskuter sotib olindi va ish joylariga berildi. Pochta almashinuvlarini amalga oshirishda foydalanilayotgan avtotransportlar soni esa 388taga yetdi.
«Gibrid pochta» xizmatidan foydalanish bo‘yicha 50dan ortiq tashkilotlar bilan shartnomalar tuzildi. Shuningdek, ushbu xizmatni rivojlantirish va ish unumdorligini oshirish hamda pochta jo‘natmalariga ishlov berish jarayonida qo‘l mehnatini qisqartirish maqsadida, 2ta «Neopost» avtomat konvertlash uskunasi xarid qilinib, Toshkent shahrida sinov tariqasida ishlatilmoqda.
Mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi 30 ta avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar) sotib olindi hamda Toshkent shahridagi 13 ta pochtamat pochta aloqasi ob’yektlariga va aholi gavjum hududlarga, 17 ta pochtamat Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Nukus, Navoiy, Samarqand, Namangan, Farg‘ona (3 ta), Qarshi, Surxondaryo, Toshkent viloyati (3 ta) va Urganch shahriga o‘rnatildi. Bugungi kunda, ularni tarmoqqa ulash va axborot tizimlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi «UNISAVDO» brendi ostida Milliy onlayn savdo maydonchasi 2021 yil fevral oyidan sinov tariqasida va mart oyidan boshlab to‘liq ishga tushirildi. Shuningdek, may oyidan mobil ilovasi ishga tushirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter