Toshkentda issiq suvdan chiqqan qora zarrachalar bo‘yicha tushuntirish berildi
3 va 4 yanvar kunlari Toshkent shahrining ikkita tumanida yashovchi, «Toshkent issiqlik markazi» korxonasiga qarashli 1-IM qozonxonasi ishlayotgan hududlardagi issiq suv iste’molchilarining suvida qora zarrachalar va loyqalik paydo bo‘lgan.
Veolia Energy Tashkent (VET) bunga 3 yanvarga o‘tar kechasi 1-IM qozonxonasidagi suvni tozalash filtridan sulfatlangan ko‘mirning chiqishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Qozonxonadan sulfatlangan ko‘mir tushishi oqibatida Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlaridagi iste’molchilarning issiq suvlarida qora fraksiyalar (sulfoko‘mir) paydo bo‘lgan.
«Sulfoko‘mir suvni filtrlashda ishlatiladi va iste’molchilar uchun xavf tug‘dirmaydi. Issiqlik tarmoqlarida sulfatlangan ko‘mir oqimi bartaraf etildi, vaziyat qozonxona va VET’ning texnik xodimlari nazoratida», deyiladi xabarda.
VET hisoblagichlar tiqilib qolsa, profilaktika ishlarini olib borishga tayyorligini bildirdi. Iste’molchilardan hisoblagichlardagi plombalarni o‘zlari olib tashlamasliklari (bu taqiqlangan), balki hududdagi VET boshqarmalariga murojaat qilishlari so‘ralgan.
Kompaniya «Toshkent issiqlik markazi» Veolia Energy Tashkent uchun issiq suvning asosiy yetkazib beruvchisi ekanini ta’kidlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter