Toshkent va uning atrofidagi yashil hududlar uch barobarga ko‘paytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-dekabrdagi qarori bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlangan edi. Bosh rejaga ko‘ra, poytaxtimiz hududi 3 ta – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan.
Jumladan, renovatsiya zonasiga eski, kam qavatli uylar, shaharsozlik va zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan binolar kiritilgan. Ular bosqichma-bosqich bartaraf etilib, bo‘shatilgan hudud zamonaviy loyihalar asosida qaytadan qurilishi ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda shu boradagi rejalar haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan. 2025-2026- yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlar funsional jihatdan boyitiladi, aholi uchun sharoitlar yaxshilanadi, atrof obodonlashtiriladi. Natijada eski va zamonaviy mavzelar orasidagi tafovut bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi hamda ular o‘zaro uyg‘unlashtiriladi. Binolar kam maydonda qurilib, mavjud daraxtlar saqlab qolinadi, yangi yashil hududlar barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari bu loyihalarning shahar arxitekturasi va infratuzilmasiga mosligini chuqur o‘rganish, geologik va seysmik tahlillar asosida xavfsizlik jihatidan takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Turar joylar maktab-bog‘cha kabi ijtimoiy muassasalar, dam olish sharoitlari bilan hamohang bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Shaharning “o‘pkasi” daraxtzorlar bo‘lsa, ariq va kanallar uning “qon tomiri”. Prezidentimiz ko‘rsatmasi bilan, yangi bosh rejada bu masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlarni 3 karra ko‘paytirib, 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan. Bu, o‘z navbatida, suv yo‘llarini yaxshilashni talab etadi.
Taqdimotda shahar irrigatsiya va drenaj tarmoqlarining yangi bosh reja bilan uyg‘unlashtirilgan tizimi ham ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, 2030-yilgacha 100 kilometr kanallar rekonstruksiya qilinib, atrofida sayilgohlar tashkil etiladi.
Turkiyaning “Su-yapi engineering and consulting” kompaniyasi bilan birga drenaj tarmoqlaridagi muammolar o‘rganilgan. Aerofoto, geodeziya va yog‘ingarchilik tahlili asosida bu tarmoqlarni yangilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqilgan. O‘tgan yili 45 ta suv toshqini hududlari bartaraf etilgan. Bu yil yana 34 ta joyda shunday ishlar bajariladi.
Prezidentimiz bu ishlarni davom ettirib, qamrovini yanada oshirish, shu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbariga Toshkent shahrida investitsiya loyihalarining holati haqida ham axborot berildi.
Poytaxtimizda umumiy qiymati 25 milliard dollarlik 717 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Joriy yilda shundan 7 milliard 500 million dollari o‘zlashtirilib, 265 ta loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Bularning natijasida turar joylar, savdo va ko‘ngilochar majmualar qurilib, sanoat korxonalari tashkil etiladi va minglab ish o‘rinlari ochiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter