Mobiuz IQAir havo sifati datchigini o‘rnatdi

Mobiuz mobil aloqa operatori o‘zining korporativ ijtimoiy mas’uliyat tamoyillari va insonlarga g‘amxo‘rlik qilish falsafasiga amal qilmoqda.
Kompaniya Toshkentdagi markaziy ofisi binosiga IQAir professional havo sifati datchigini o‘rnatdi. Qurilmadan olingan ma’lumotlar hozirning o‘zida real vaqt rejimida IQAir.com xalqaro platformasida ko‘rinib turibdi. U yerda har kim Toshkent markazidagi havo ifloslanishining joriy darajasini tekshirishi mumkin.
Ushbu qadam Mobiuz nafaqat aloqa uchun texnologik yechimlarni, balki odamlarning turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarni joriy etishga intilayotganidan darak bermoqda. Operator raqamli kelajak faqatgina tezkor internet va innovatsion xizmatlardan iborat emasligiga, balki qulay yashash va ishlash uchun xavfsiz muhit ham muhim ekanligiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Mobiuz tashabbusi mamlakatimiz yetakchi kompaniyalari qo‘shilayotgan umumiy havo monitoringi tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu loyihalar real vaqt rejimida havo holati ishonchli manzarasini shakllantirish va mamlakat aholisining ekologik vaziyat haqidagi xabardorligini oshirish imkonini beradi.
Mobiuz datchikni o‘rnatishni barqaror rivojlanish masalalarini hal etishda yanada faolroq ishtirok etish uchun navbatdagi qadam sifatida baholamoqda. Axborotga ega bo‘lish ongli harakat qilish uchun muhim bosqichdir. Biz nima bilan nafas olayotganimizni bilsak, o‘zimiz, oilamiz, shahar-qishloqlarimizga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qila olamiz.
Bundan oldin kompaniya respublika bo‘ylab Xizmat ko‘rsatish markazlarida avtonom va ekologik toza energiya ta’minoti uchun quyosh fotoelektr stansiyalarini, shuningdek, quyosh suv isitish kollektorlarini o‘rnatgan edi.
Mobiuz an’anaviy telekom-biznes doirasidan tashqariga chiqib, jamiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishda davom etadi. Zero, biznes va jamiyat faqat birlashgandagina barcha uchun sog‘lom, texnologik va ilhomlantiruvchi kelajakni barpo eta oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter