Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyati va poytaxtda jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi

Toshkent viloyati va poytaxtda jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi

Foto: Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan «Dolzarb 40 kunlik» tezkor-profilaktik tadbirlari davomida kuchli ta’sir qiluvchi va psixotrop dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Xususan, Oqqo‘rg‘on tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi 58 yoshli ayol (L.G.) gumonlanib, tekshirilganda uning yonidan 57 dona «Zardeks» va «Tropikomid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, hujjatlashtirilib olingan.

Ushlangan shaxs bilan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, u dorilarni Farida (barcha ismlar o‘zgartirilgan) ismli tanishidan olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan.

Uchtepa tumanida davom etgan tadbirda, Farida, ya’ni 1991 yilda tug‘ilgan (F.A)ning xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Uning uyidan 2 ming donaga yaqin «Zardeks», «Lirika» va «Tropikomid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari daliliy ashyo sifatida olingan.

Bundan tashqari, ushbu xonadonda bo‘lgan 1993 yilda tug‘ilgan shaxs (N.U.) ham ayolga yordamchi ekani, u dorilarni sotish uchun mijozlar topish va tarqatilish bilan shug‘ullanishi aniqlangan.

Ushlanganlar bilan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, ular dori vositalarini Qobiljon ismli tanishidan sotib olgani aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan.

Shayxontohur tumanida davom etgan tadbirda Qobiljon, ya’ni 1994 yilda tug‘ilgan (Q.G‘.) 8 gramm mefedron sintetik giyohvandlik vositasini 300 dollar va 4,2 million so‘mga nazoratdagi xaridorga sotayotgan vaqtida viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.

Uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida yuvinish xonasida 46 gramm mefedron sintetik giyohvandlik vositasi o‘tkazish maqsadida saqlanayotgani aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan. Ushbu shaxs sintetik giyohvandlik vositalarini «zakladka» tarzida tarqatish bilan shug‘ullanishi aniqlangan.

To‘rt kun davomida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining savdosi bilan shug‘ullanuvchi 6 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh qo‘lga olinib, narxi 178 million so‘mga teng jami 2 ming donadan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop dorilar hamda sintetik giyohvandlik vositalari muomaladan olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring