Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent tumanida «Tez yordam» shifokori kaltaklandi

Toshkent tumanida «Tez yordam» shifokori kaltaklandi

Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi xonadonlarning biriga chaqiruv bilan borgan «Tez yordam» shifokori kaltaklandi.

Tuman hokimligining ma’lum qilishicha, janjalli vaziyat joriy yil 1-iyun kuni tumanning Chuvalachi hududi Dilkash ko‘chasi 15-uyda yashovchi 26 yoshli Jasur Odiljonov tomonidan sodir etilgan.

Xabarda aytilishicha, J.Odiljonov bosh og‘rig‘i shikoyati bilan «Tez yordam» chaqirgan. Chaqiruvga ko‘ra, shifokor Rajabov Temur va feldsher O‘lmasova Naziradan iborat brigada manzilga soat 16:45 da yetib borgan. Bemor shifokorga bosh og‘rig‘i, bezovtalik, umumiy xolsizlik, shikoyatlari borligini va buyrak kasalligi bo‘yicha davolanayotganini aytgan.

Shifokor birlamchi tekshiruvni o‘tkazib, og‘riqni qoldirish uchun feldsherga og‘riq qoldiruvchi dori vositasini shpritsga tortib taxlashini aytgan. Shu vaqtda shifokor bemorga qo‘shimcha kasalliklari bo‘yicha savollar bergan, ammo bemor shifokorni haqoratlab, undan ishini tezroq qilishini talab qilgan va to‘satdan uning yuziga musht bilan urgan. Shifokorning labi va pastki jag‘ sohasidan qon ketishni boshlagan va biroz vaqtga shifokorda karaxtlik xolati kuzatilgan. Holat bo‘yicha hudud profilaktika inspektori Q. To‘rayevga xabar berilgan.

Shifokor boshqa brigada bilan TTA-3 Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limiga olib kelingan. Jarohat joyi tikilib, qon oqishi to‘xtatilgan. Shifokor ishini davom ettirish maqsadida ish joyiga qaytgan. Biroz vaqtdan so‘ng, shifokorda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, umumiy xolsizlik kuzatila boshlagan va zudlik bilan TTA-2 klinikasiga gospitalizatsiya qilingan.

Shifokor TTA-2 Neyroxirurgiya bo‘limiga soat 23:45 da “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. O‘ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohati. O‘ng pastki jag‘da yumshoq to‘qimalar lat yeyishi” tashxisi bilan yotqizilgan.

Hozirgi vaqtda bemor-shifokor bo‘limda tibbiy muolajalarni qabul qilmoqda.

Hokimlikka ko‘ra, ayni paytda shifokor ariza bilan tegishli organlarga murojaat qilmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring