Toshkentda yaratilgan sakkizinchi mo‘’jiza

1928 yil «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 23 aprel sonida «Uzoqdagini yaqindan ko‘ramiz» sarlavhali maqola chiqdi. Uni o‘qiganlar uchun tasvirlangan voqelik xuddi ertakni eslatardi. Maqolada xalq o‘rtasida tarqalgan ertak va afsonalardagi jarayonlarni kuzatuvchi «oynai jahon» to‘g‘risida gapirilgan edi.
Odamzod azaldan o‘zi yashab turgan hududdan olisdagi o‘lkalarni ko‘rishga ishqiboz bo‘lib, asosan, savdogar, sayyohlardan ko‘rgan-kechirganlarini eshitaverib, u yerlarga borish imkoni bo‘lmagani bois «oynai jahon» degan ko‘zguni orzu qilgan. Bu orzu xalq o‘rtasida turli rivoyatlarni keltirib chiqargan. Shu asosda «Oynai Iskandariy», «Jomi Jamshid» kabi rivoyatlar tarqalgan. Hattoki, Alisher Navoiy hazratlari «Farhod va Shirin» dostonida «oynai jahon»ni shunday tasvirlab o‘tgan edi:
Emish ochib anga chun, qo‘ydi gomi,
Ko‘rundi toqida raxshanda jomi.
Safou tob aro andoqki xurshed,
Dema xurshed, balki Jomi Jamshed.
Bo‘lub geti aro mehri samo ul,
Hamul oyinai getinamo ul,
Bori maxfiy umur izhori anda,
Jahon holoti ravshan bor anda.
Tashida jilva aylab markazi xok,
Ichinda lek to‘qquz davri aflok.
Tashi ul nav’ikim komil zamiri,
Geti andoqki, sohibdil zamiri.
Ya’ni, Navoiy hazratlari dostonda xalq o‘rtasida tarqalgan rivoyatni badiiy tafakkuri shu’lasi bilan yoritgan. Buni qarangki, oradan asrlar o‘tib Navoiy orzu qilgan «oynai jahon» Toshkentda yaratildi...
Tasvirni uzatish bo‘yicha ko‘plab loyihalar turli davlatlarda keng tarqalgan edi. Bundan kelib chiqib tadqiqotchi B.V.Rozing televideniyega nazariy jihatdan asos solgan va TVning istiqbolini shunday bashorat qilgan edi: «Shunday davr keladiki, o‘shanda elektr teleskopiya keng tarqalib, hozirgi telefon singari hayotiy zaruratga aylanadi. Millionlab shunday asbob – «elektr ko‘zlar» ijtimoiy va shaxsiy hayotda, fan, texnika, sanoat, tibbiyot va qishloq xo‘jaligida xizmat ko‘rsata boshlaydi».
Darhaqiqat, shunday bo‘ldi: 1928 yilning bahorida toshkentlik Boris Pavlovich Grabovskiy (1901–1966) hamda Ivan Filippovich Belyanskiy (1907–1978) hamkorlikda O‘rta Osiyo aloqa okrugining Toshkentdagi tajriba sinash stansiyasida ishlab, elektrotexnikaga oid tajribalar o‘tkazishadi. Bu tajribalar natijasida ular harakatdagi tasvirni elektron nur yordamida bir joydan boshqa joyga uzatadigan va qabul qiladigan «radiotelefot» apparati yaratishdi va laboratoriya sharoitida ishlab chiqishdi.
Bu haqda biz yuqorida qayd etgan gazeta sonida shunday yozilgan: «B.P.Grabovskiy va I.F.Belyanskiy ming chaqirim uzoqdagi narsalarni ko‘rsatadigan apparatni ixtiro qildilar. Yana shu apparat vositasi bilan yer tagini yarim chaqirimgacha ko‘rish mumkin. U qishloq ro‘zg‘ori va aloqa ishiga ham juda qulay. Butun mamlakat shaharlaridan Nijniy va Toshkentda bu to‘g‘rida tajriba qilinmoqda. Apparat Toshkentdagi tajriba stansiyasida ishlatildi. Shanba kuni okrug aloqa idorasida ixtiro to‘g‘risida ma’ruza bo‘lib o‘tdi».
O‘sha yilning 26 iyulida Toshkentda sinov muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Professor N.N.Zlatovratskiy raisligidagi komissiya a’zolari ham sinov paytida hayratga tushishdi. Chunki apparat elektron tokka ulangan paytda mo‘’jazgina ekranda I.Belyanskiyning yurib turgan holati, bosh kiyimini bir necha marotaba kiyib-yechgani ko‘rinib turardi.
Oradan bir haftacha o‘tib, Toshkentning Yangi shahar qismidagi ko‘chalardan birida o‘sha apparat o‘rnatilgan holda, oddiy odamlarning ko‘z o‘ngida ham sinovdan o‘tkazildi. Bunda uzatuvchi va qabul qiluvchi apparatlar tayyor bo‘lgach, ular ishga solindi. Mazkur tasvirda ko‘chadan o‘tib borayotgan kishilarning, tramvay vagonlarining qiyofasi 35–45 metr masofadan turib ko‘rindi.
Shu tariqa olimlar va keng jamoatchilik tomonidan sinovdan o‘tgach, hozirgi TVga asos solgan Ivan Filippovich Belyanskiy va Boris Pavlovich Grabovskiylarga 5592 va 16733-raqamli ixtirochi degan patent topshiriladi. 1965 yilda har ikkala TV asoschisiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi degan unvon beriladi.
Ularning dunyoda «sakkizinchi mo‘’jiza» degulik bu ixtirolari xalqaro miqyosda e’tirof etildi va YuNESKOda shaxsiy fondlari ochildi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter