Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon aka-ukalarga sud hukmi o‘qildi

Buxoroda o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon aka-ukalarga sud hukmi o‘qildi

Buxoroda tez tibbiy yordam xodimlari hamda ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, ularni urib-tepib, haqoratlagan aka-ukalarga sud huqmi o‘qildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi sudyasi Dilshod Qulliyev ma’lum qildi.

«Davleniyang normalni ekan, nima uchun do‘xtirni chaqirding, quchog‘iga kirish uchun chaqirdingmi?!»

Bemor xotin yuziga kelib tushgan zarbli tarsakidan to‘shakka o‘tirgan joyidan yuz tuban uchib tushdi. Hali og‘iz juftlamay turib, uning qon bosimini o‘lchayotgan shifokor erkak badanining ham turli qismlariga musht va tepkilar kelib tusha boshladi...

Qorako‘l tumanidagi Mallaishayx mahallasida yashovchi bemor fuqaro M.J. chaqiruviga ko‘ra, uning xonadoniga Respublika tez-tibbiy yordam markazi Buxoro viloyati filialiga qarashli «Damas» rusumli «Tez yordam» avtotransport vositasi yetib kelgan. «Qon bosimingiz xavotirli emas. Ammo, yotib davolanishingiz kerak!»-deya bemor M.J.da tibbiy ko‘rik o‘tkazayotgan «Tez yordam» shifokori H.M. uning turmush o‘rtog‘i – fuqaro B.Sh.ning faol qarshiligiga uchragan. Hali o‘zini o‘nglab ulgurmagan shifokor erkak o‘ziga yordamchi bo‘lgan hamshira ayol I.T.ning ham B.Sh. tomonidan kaltaklanayotganiga guvoh bo‘lgan.

«Og‘zidan spirtli ichimlik hidi anqib turar, u dam o‘z xotiniga, dam menga va dam hamshiraga tashlanib, qutirardi. O‘rinsiz rashk tufayli urib, tepkilashdan tashqari, nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlashdan ham to‘xtamasdi. Shunday vaziyatdayam ahvoli yomonlashayotgan bemor ayolni va hamshirani himoyalashga harakat qildim. Ammo, vaziyat battarlashgach, biz uning xonadonidan qutilib chiqishga ulgurdik»,-deydi «Tez yordam» shifokori H.M.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi ish hujjatlariga ko‘ra, shifokor H.M. fuqaroning xonadondan otilib chiqqan. Shoshilinchda «Tez yordam» mashinasi saloniga kirayotganida B.Sh. uzunligi 2 metr bo‘lgan taxta bilan uning ortidan quvib chiqqan. Ortdan yugurib kelayotgan jarohatlangan hamshira ham bir ahvolda bo‘lishiga qaramay, ichkilik ta’sirida qutirayotgan fuqaro B.Sh.ning orqasidan boshqa bir taxta bilan urgan. Shunda B.Sh.ning qo‘lidagi taxta «Tez yordam» mashinasiga jiddiy shikast yetkazgan. U qasddan mashina oynalarini sindirib, eshik va tashqi tomonlariga shikast yetkazgan. Haydovchiga ham faol qarshilik ko‘rsatib, yo‘lini to‘sgan. Kuchli stressda ham charchoq, ham hansirashda qolgan B.Sh. shundoq «Tez yordam» mashinasi yonidagi suvli ariqqa depsinib yiqilgan. Haydovchi vaqtdan foydalanib, mashinaga o‘t berib, shifokor va hamshirani katta yo‘lgacha olib chiqqan. Biroq, qo‘rquv va hayajon tufayli haydovchi bir muddat rulni boshqarolmay qolgan.

Bu orada qo‘ni-qo‘shnilar holat yuzasidan ichki ishlar organlariga xabar berishgan bo‘lgan. «Tez yordam» tibbiy xodimlari mashinani qoldirib, Respublika tez-tibbiy yordam markazi Buxoro viloyati filialiga chaqiruv berishayotganda, B.Sh. oshxona pichog‘ini olib, ular ortidan quvib kela boshlagan. Odamlar tibbiyot xodimlariga tezroq bu yerdan qochib ketishlari kerakligini baqirib aytishgan. Bu paytda tibbiy xodimlar yo‘lda uchragan avtotransport vositalaridan birini to‘xtatib, voqea joyidan qochishga ulgurishgan.

Qo‘lida pichoq bilan baqir-chaqir qilib yugurib borayotgan fuqaro voqea joyiga yetib kelgan profilaktika inspektorlari tomonidan ushlangan. Kutilmaganda voqea joyiga paydo bo‘lgan Sh.B.ning akasi B.B. ham ukasiga qo‘shilib, ularni haqoratlab ketgan. Profilaktika inspektorlarining ularga nisbatan qonun talablariga bo‘ysinishlarini bildirishiga qaramay, aka-ukalar ularni qo‘l va oyoqlari bilan urib, tepib, tan jarohatlarii yetkazishgan. Ichki ishlar organlari xodimlari A.N., A.Yu., T.Yu. va R.Ch.larning qonuniy faoliyatiga faol qarshilik qilishgan. Xodimlar aholini hamda o‘z oila a’zolarini vahimaga soluvchi xatti-harakatlardan cheklanmagan va spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon aka-uka B.Sh. hamda B.B.larning qo‘llariga kishan solishga majbur bo‘lishgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, 3 nafar tibbiy va 4 nafar ichki ishlar organlari xodimlariga turli darajadagi o‘rta va og‘ir tan jarohatlari yetkazib, nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagan va oshxona pichog‘ida ularni o‘ldirish bilan qo‘rqitgan aka-ukalarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi hukmiga ko‘ra, B.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalariga ko‘ra, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lsa, akasi B.B.ga 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring