Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin NATO rahbarining bayonotiga Toshkentda javob qaytardi

Putin NATO rahbarining bayonotiga Toshkentda javob qaytardi

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg harbiy ittifoqqa a’zo davlatlarni Ukrainaning Rossiyadagi qonuniy nishonlarga zarba yo‘llashiga ruxsat berishga chaqirgan edi. Shimoliy alyans rahbarining ushbu bayonotiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda munosabat bildirdi.

Gap shundaki, Rossiya tajovuziga qarshi kurashda Ukrainaga ko‘mak berayotgan, qurol-aslaha yetkazayotgan aksar G‘arb davlatlari ushbu qurollar bilan Rossiya hududiga zarba bermaslik shartini qo‘ygan. Yens Stoltenberg ittifoqchilarni ayni shu taqiqni bekor qilishga chaqirmoqda.

Unga ko‘ra, Ukraina tomonidan Rossiyadagi nishonlarga G‘arb qurollari orqali zarba yo‘llash NATOni ushbu ziddiyatda ishtirokchiga aylantirmaydi.

Stoltenbergning ta’kidlashicha, Rossiyaning qo‘shni davlat hududiga hujumi xalqaro huquqning poymol etilishi sanaladi va Ukraina o‘zini mudofaa qilishga haqlidir.

«Taqiqlar Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining qo‘lini bog‘lab qo‘ygan. Bu esa ularning himoya salohiyatini pasaytiradi... (Rossiya hududi bo‘ylab nishonlarga zarba berish bo‘yicha) cheklovlar  butun NATOning emas, balki muayyan davlatlarning qaroridir. Ushbu cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi», – degan NATO bosh kotibi Bolgariyadagi yig‘ilishda.

Vladimir Putin O‘zbekistonga tashrifi yakunida Toshkent aeroportida Rossiya jurnalistlari savollariga javob berar ekan, NATO bosh kotibining ushbu chaqirig‘iga munosabat bildirdi.

«Agar u (Stoltenberg) Rossiya hududi bo‘ylab uzoq masofaga mo‘ljallangan, yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarba berish imkoniyati haqida gapirayotgan ekan, u harbiy-siyosiy tashkilot rahbari sifatida (aslida u ham meni kabi fuqarolik sohasi odami) uzoq masofaga mo‘ljallangan, yuqori aniqlikdagi qurollarni fazoviy razvedka vositalarisiz ishlatib bo‘lmasligini bilishi kerak», – degan u.

Putinga ko‘ra, masalan, Storm Shadow rusumli qanotli raketalarni otishda Ukraina harbiy xizmatchilari ishtirok etmaydi.  

«Buni kim amalga oshiradi? Buni mazkur zarb tizimlarini ishlab chiqarayotgan va Ukrainaga yetkazib berayotganlar amalga oshiradi», – degan Rossiya rahbari.

Bu bilan u NATO davlatlari Ukraina va Rossiya ziddiyatining bevosita ishtirokchisi bo‘lishiga shama qilgan. Putin, shuningdek, NATO mamlakatlari, xususan, Yevropaning aholisi zich joylashgan kichik davlatlarini Moskva bilan o‘ynashmaslik borasida ogohlantirib po‘pisa qilgan.

AQSh, Germaniya, Italiya, Belgiya kabi davlatlar Ukrainaga yetkazib berilgan qurol-aslaha mamlakat hududidagina ishlatilishi borasida shart qo‘ygan. Ammo keyingi vaqtlarda bu borada o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda.

«The New York Times» gazetasining yozishicha, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga yaqinda amalga oshirgan «ko‘zni ochuvchi» tashrifidan keyin taqiqni bekor qilish vaqti yetdi degan xulosaga kelgan. Xabarlarga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga AQShning qisqa masofaga uchuvchi raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar esa bu borada Ukrainaga cheklovlarni bekor qilish lozim degan pozitsiyada.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring