O‘zbekistonlik «Vagner»chiga sud hukmi o‘qildi

Joriy yil 6-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudining ochiq sud majlisida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollanish uchun 2022-yilda Rossiya davlatiga chiqib ketgan 50 yoshli fuqaroning jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘qildi.
Fuqaro A.M. (2025-yil 24-fevraldan qamoqda saqlangan) Jinoyat kodeksi JK 154-moddasining 1-qismi va 276-moddasining 1-qismi bilan ayblangan.
Sud tergovida ma’lum qilinishicha, A.M. 2022-yilning sentyabr oyi o‘rtalaridan 2023-yilning mart oyi o‘rtalariga qadar yollanish maqsadida Rossiyaning «Xutr Molkina» nomli shaharchasiga borib, u yerda RFning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. U, jumladan, jangarilar lagerlarida jangovar tayyorgarlikdan o‘tishni hamda Rossiya fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi bo‘lmasa-da, Ukraina Qurolli Kuchlariga qarshi to‘qnashuvlarda va harbiy harakatlarda qatnashib, bu uchun moddiy rag‘batlantirilishini ko‘zlagan.
Sudlanuvchi A.M.ning tergovda ma’lum qilishicha, u 2022-yil sentyabr oyilarida ijtimoiy tarmoq orqali «Vagner»ning e’loniga ko‘zi tushadi va 240 ming rubl oylik maoshga qiziqib, minib yurgan avtomobilini yo‘lkira qilish uchun 3000 AQSh dollariga sotadi. So‘ng u Rossiyaga uchib ketib, u yerda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga 4 oyga yollanadi. 20 kunlik tegishli harbiy tayyorgarliklardan so‘ng 170 kishilik rotaga qurol biriktirishadi va beshta katta avtobusda ularni Ukraina davlati Donetsk viloyati hududiga olib borishadi. A.M. 4 oy mobaynida o‘sha yerda bo‘ladi va taxminan 2023-yil yanvar oy oxirlarida rotada 24 ta askar qoladi. 2023-yilning 3-fevralida esa ular turgan o‘ra harbiy dronlar hujumiga uchraydi va A.M. yaqinida portlagan granata parchalaridan jarohatlanadi. So‘ng u gospitalda jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazadi.
Bir muddat davolanib, so‘ng u yana «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga tegishli harbiy bazaga qaytib boradi. Unga o‘tgan 6 oyi uchun maoshini berishadi va 45 kun ta’tilda bo‘lib qaytib kelishini aytishadi. Shu tariqa A.M. 2023-yilning 14-martida Toshkentga qaytadi.
Biroq, 2025-yil 11-fevral kuniga kelib, u yashab kelayotgan uyga Yangiyo‘l shahar IIB xodimlari kelishib, u turgan xonani xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirishganda xonadonidan giyohvandlik moddalari (nasha)dan tashqari Ukraina-Rossiya qurolli mojarosida ishtirok etib yaralangani va shu bo‘yicha davolangani qayd etilgan hujjatlar topiladi. Mazkur ashyoviy dalillar o‘z o‘rnida rasmiylashtiriladi va ish sudga oshiriladi.
A.M. JKning 154-moddasining 1-qismi va 276-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter