Erondan Turkmaniston orqali 60 ga yaqin o‘zbekistonlik Vatanga qaytarildi

Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat tufayli qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham o‘z fuqarolarini xavfsiz ravishda Vataniga qaytarish bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘rmoqda.
«Dunyo» AAning xabar qilishicha, ayni vaziyatda Turkmaniston rahbariyati tashabbusi bilan ushbu davlat o‘z hududini tranzit maqsadlari uchun taqdim etib, xalqaro gumanitar yordam ko‘rsatishda faollik ko‘rsatmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ko‘rsatmalariga muvofiq, mamlakatning Tehron va Ashxoboddagi diplomatik vakolatxonalarda kechayu-kunduz ishlaydigan tezkor shtablar tuzildi. Tezkor shtab Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini Turkmaniston orqali Vataniga qaytarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.
«O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi vatandoshlarimizning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha doimiy aloqa va muvofiqlashtiruv ishlarini olib boryapti. Ashxoboddagi elchixonamiz esa Turkmaniston rasmiylari bilan hamkorlikda fuqarolarini chegarada kutib olish, viza va transport masalalarini hal etish hamda Vataniga qaytarish jarayonini samarali tashkil etmoqda», – deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar Erondan Turkmaniston orqali jami 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari Vatanga qaytarildi.
TIVning «Dunyo» nashri, o‘z navbatida, ushbu chora-tadbirlar tashqi siyosatda mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va hamjihatlikni yana bir bor tasdiqlashini, O‘zbekistonning hech bir fuqarosi e’tiboran chetda qolmasligini ta’kidlagan.
Manba: dunyo.info
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter