Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Migratsiya masalalarini O‘zbekiston bilan birgalikda hal qilamiz – Putin

Migratsiya masalalarini O‘zbekiston bilan birgalikda hal qilamiz – Putin

19 iyun, payshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyo axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashdi va ularni qiziqtirgan savollariga javob berdi.

Mazkur tadbirda ishtirok etgan O‘zA Bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, jumladan, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyadagi ijtimoiy-huquqiy himoyalariga doir mamlakatda olib borilayotgan ishlarga doir Putinning fikri bilan qiziqdi.

Ko‘chimov, shuningdek, ikki tomonlama «aniq loyiha va yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli uzoq muddatli yoshlar almashinuv dasturini qabul qilish»ni ham taklif qilgan.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar juda muvaffaqiyatli, izchil rivojlanmoqda. Qozog‘istonlik hamkasbingizning savoliga javob berganimda, u yerda ko‘plab uch tomonlama loyihalarimiz borligini aytdim. Aytgancha, atom energetikasi sohasida O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Qozog‘istonda ham jiddiy loyihalarga qo‘l urilyapti. Biz bu borada qattiq ishlayapmiz va bu loyihalarni ishlab chiqishning yaxshi bosqichida turibmiz.

Darvoqe, suhbat avvalida Indoneziya haqida gapirganda, men dunyo juda tez rivojlanayotganini, Indoneziyada deyarli 300 million aholi borligini aytdim. Dunyo rostan ham juda tez o‘zgarmoqda. Qarang, O‘zbekistonda bundan 30 yil avval 15, balki 18 million odam bo‘lgan bo‘lsa, hozir 38 million aholi istiqomat qiladi va har yili bir millionga o‘syapti. Hamma narsa qanchalik tez o‘zgarib borayotganini ko‘ryapsizmi...

Albatta, biz mehnat bozorida juda ko‘p ijtimoiy muammolar borligini bilamiz va buni tushunib turibmiz. Shavkat Miromonovich bilan migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishga kelishib oldik. Nega? Chunki bugungi kunda mehnat bozorimiz qanday avholaligidan xabarimiz bor. Bu sizga biroz bosim bo‘lishi mumkin.

Ammo biz nima qilishni birgalikda kelishib oldik: Rossiyada ishlashni xohlaydiganlar oldindan tayyorlanadi. Bu rus tilini, rus madaniyatini o‘rganishga va boshqalarga tegishli. Umuman olganda, bu borada yaxshi rejalarimiz mavjud. Umid qilamanki, bularning barchasini tashkil qilamiz.

Shu nuqtai nazardan, yoshlar bilan ishlash masalsi – bu o‘z-o‘zidan juda muhim va qimmatli. Bu ma’noda men siz bilan to‘liq hamfikrman. Bilishimcha, Shavkat Miromonovichning yordamchisi – Saida Shavkatovna yaqinda Moskvada bo‘lib, hukumatdagi, Prezident ma’muriyatidagi ko‘plab xodimlarim bilan uchrashgan edi. U Prezidentingiz topshirig‘iga ko‘ra yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu yoshlar yo‘nalishini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Aniq takliflar bor, bu borada albatta birga ishlaymiz. Bu [ёшлар йўналиши] eng muhim yo‘nalishlardan biri - men siz bilan hamfikrman, – dedi RF prezidenti Vladimir Putin.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin Rossiya hududidagi ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani xabar qilingan, shuningdek, holat bo‘yicha Rossiya TIVga O‘zbekiston elchixonasi tomonidan nota yuborilgani aytilgan edi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring