Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konlar samaradorligini oshirish uchun Saneg ob’yektlarida GRDC modulli kompressor qurilmalari joriy qilinmoqda

Konlar samaradorligini oshirish uchun Saneg ob’yektlarida GRDC modulli kompressor qurilmalari joriy qilinmoqda

GRDC modulli kompressor qurilmalari Saneg ob’yektlarida joriy qilinmoqda. Ushbu qurilma tabiiy gaz qazib olish samaradorligini oshiradi va o‘zlashtirishning yakuniy bosqichida konlarning ishlash muddatini uzaytiradi.

GRDC bosh direktori Azizbek Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha Saneg kompaniyasining neft va gaz ob’yektlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkori GRDC (Geo Research and Development Company) ilmiy-texnologik markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Loyihaning birinchi bosqichida «Chuvama», «Pirnazar», «Qorovulbozor», «Shimoliy Maymanak» markazlashtirilgan modulli kompressor qurilmalari (MKQ) o‘rnatish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu kuniga 2,75 mln kubometr tabiiy gazni qazib olish imkonini beradi.

Ikkinchi bosqichda quduq og‘zi MKQlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bundan Saneg kompaniyasining Muborakdagi konlaridagi tabiiy gazni siqish va markazlashtirilgan MKQga tashish ko‘zlangan.

Keyin esa MTO (Methanol to Olefin) gaz-kimyo majmuasini xomashyo bilan ta’minlash maqsadida qazib olinayotgan gaz markazlashtirilgan MKQlardan «Qorako‘l» gazni qayta ishlash majmuasiga tashiladi.

«Saneg konlarning ishlash muddatini uzaytirish va qoldiq gazni qazib olish uchun zamonaviy texnologiyalarni izlamoqda, – deydi Saneg ijrochi direktori To‘lqin Yusupov. – MKQ konlardan past bosimli gazni qazib olish muammosini hal qiladi va har bir quduqda qazib olishni optimallashtirish imkonini beradi. MKQdan foydalanish samaradorligi «Chuvama» konida allaqachon o‘z isbotini topgan, bu yerda qurilma yordamida o‘rtacha kunlik gaz qazib olish hajmini 80% ga, 104 dan 178 ming kub metrgacha oshirishga muvaffaq bo‘ldik, keyin esa gazni Muborak gazni qayta ishlash zavodiga tashishga erishdik».

Loyiha bosh pudratchisi «Enter Engineering» kompaniyasi qiymati 1,6 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan texnologik inshootni qisqa muddatda qurib bitkazdi. Xitoyning yetakchi ishlab chiqarish kompaniyasi «Sichuan Jinxing Clean Energy Equipment Co., Ltd» zamonaviy gaz porshenli uskunalar hamda kompressorlarni yetkazib berdi.

Saneg Qashqadaryo viloyatidagi bir qator konlarda 40 ta quduq og‘zi MKQ kompressorlarini joriy etish va kuniga 7 mln kub metr tabiiy gazni tashishni ta’minlashni rejalashtirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring