«O‘zmilliybank» AJ: istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishda ishonchli hamkor (video)

Yangi tashabbus, yangi g‘oya hamda interaktiv loyihalar – biznesning muhim asosidir. Banklar esa ana shu amaliyotni jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish, sanoatni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, biznes va xizmat ko‘rsatishning yanada samaradorligini ta’minlashda asosiy moliyaviy manbadir. Bu esa hududlarning iqtisodiy-ijtimoiy infrastrukturasi o‘zgarishi hamda yangi ish o‘rinlarining vujudga kelishiga zamin yaratadi.
«O‘zmilliybank» AJ bu borada faol ishtirok etib, erishilayotgan ijobiy natijalarga munosib hissa qo‘shmoqda. Xususan, bank tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Buxoro viloyatiga tashkil etilgan press-tur doirasida ana shu yo‘nalishdagi ishlar bilan bevosita tanishildi.
So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida banklar tadbirkorlarning eng ishonchli hamkori sifatida namoyon bo‘layotgani e’tiborga molik.
Press-tur jarayonida jurnalistlar «O‘zmilliybank» AJ Buxoro viloyati Bosh boshqarmasida bo‘lib, Buxoro Amaliyot bank xizmatlari markazi faoliyatini o‘rgandi.
Bugungi kunda «O‘zmilliybank» AJ Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi tasarrufida 5 ta bank xizmatlari markazi va 6 ta bank xizmatlar ofisi faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, bankning Bosh boshqarmasi tomonidan o‘tgan yilning o‘zida sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohasida 211,6 milliard so‘mlikdan ziyod loyihalar amalga oshirilishi natijasida 700 dan ortiq yuqori daromadli yangi ish o‘rni yaratildi.
Hozirda boshqarma tasarrufidagi banklarda 17 ming 748 nafar mijozga xizmat ko‘rsatiladi. Mijozlarga plastik kartochkalardan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 61 ta bankomat, 11 ta ADM qurilmasi, 5235 ta savdo terminali o‘rnatilgan. Bundan tashqari, aholiga plastik kartalar amaliyotini yanada soddalashtirish uchun 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi 16 ta shoxobcha xizmati tashkil etilgan.
Bank xizmatlari markazida innovatsion xizmatlar ko‘rsatish hajmi tobora ortib borishi hisobiga ayni paytda mijozlarning 90 foizi masofadan boshqariladigan xizmatlardan foydalanish imkoniga ega. Bu borada hisobraqamlar orqali bank aylanmalarini amalga oshirish, onlayn kredit olish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda har qanday bank amaliyotlari hamda to‘lovlarini bajarish, omonatni rasmiylashtirish, xorijiy valyutalardagi amaliyotlar, pul o‘tkazmalari kabi tezkor hamda ishonchli bank xizmatlaridan foydalanish mumkin.
Ta’kidlash lozim, viloyatda xizmatlar sohasi iqtisodiyot rivojida salmoqli o‘rin egallaydi. Birgina o‘tgan yil yakunida xizmat ko‘rsatish korxonalari soni keskin o‘sgan. Xususan, «O‘zmilliybank» AJ servis tarmog‘ini rivojlantirishga mas’ul etib belgilangandan so‘ng, viloyatda o‘tgan 4 yil davomida mazkur moliya muassasasi tashabbusi bilan tijorat banklari bilan birgalikda xizmatlar sohasiga 9,3 trillion so‘m kredit ajratilgan. Bu 2021 yilda 1,8 trillion, 2022 yil 2,1 trillion, 2023 yil 2,3 trillion va 2024 yilda 3,1 trillion so‘mni tashkil etdi.
Press-tur davomida OAV vakillari Buxoro shahridagi «Mergantex» mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Mazkur korxona 1994 yilda tashkil topgan bo‘lib bank tomonidan tekstil uskunalari sotib olish uchun 4 million 250 ming yevro miqdoridagi kredit ajratilgan. Innovatsiya, sifat va zamonaviylik ekologik toza mahsulotlarda aks etgan.
- Korxonamizni tashkil topganiga 31 yil bo‘ldi. Biz shu davrga qadar O‘zmilliybank bilan ishonchli hamkorlikdamiz. Ilk ish boshlaganimizda 4 nafar xodimdan iborat korxonamizda ayni paytda ishchilar soni1200 nafarga yetdi. Yil yakuniga qadar fabrikamizda tayyor kiyim-kechaklar loyihasi ishga tushishi natijasida xodimlar sonini 1800 nafarga yetkazamiz, - deydi korxona direktori Ibrohim Xamrayev.
Press-tur ishtirokchilari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishuvdan so‘ng xizmat ko‘rsatish tarmog‘ining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan xususiy klinikada bo‘lishdi.
«Ameri Med Diagnostics» xususiy klinikasi 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, umumiy loyiha qiymati 15 milliard, ajratilgan kredit miqdori 1,95 milliard so‘mni tashkil etadi. Muasasada ishchi o‘rni 25 tadan iborat.
Klinika homilador ayollar uchun reabilitatsiya markazi va tug‘ruqxona sifatida faoliyat yuritadi. Bu tibbiy xizmatlar xorijdan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi.
Ma’lumki, Buxoro azal-azaldan sayyohlar gavjum hudud sifatida ma’lumu mashhur bo‘lib kelgan. Shu bois viloyatda mehmonxona xizmatiga bo‘lgan talab va ehtiyoj har doimgidek yuqori.
O‘zmilliybank esa servis tarmog‘ini rivojlantirishda aynan mazkur yo‘nalishdagi loyihalarni moliyalashda ham faol ishtirok etadi. Xususan, «Bakx Mir Palase» mehmonxonasi ana shunday loyihalardan biri deyish o‘rinli. Tadbirkor umumiy loyiha qiymati 18 milliard so‘m bo‘lgan mazkur mehmonxona qurilishi va ishga tushishi uchun bankning 12 milliard so‘mlik kredit mablag‘idan samarali foydalandi.
– Viloyatga sayyohlar oqimining ko‘payishi, turizm sohasini yanada rivojlanishiga xizmat qildi, – deydi mehmonxona rahbari Sohib Xodjayev. – Bu borada bizga «O‘zmilliybank» AJ xizmatlari ancha qo‘l keldi. Ulardan olingan kredit mablag‘lari evaziga qulay, shart-sharoitlarga ega yangi mehmonxonani ishga tushirdik. Natijada binoda 25 ta ishchi o‘rni yaratildi.
«G‘ijduvon Mashhurasi» xususiy korxonasi 2011 yilda tashkil etilgan. Uning tarkibida ishga tushgan «ZHMARBLE» sexi esa tashkil topganiga hali ko‘p bo‘lmadi, lekin allaqachon Fransiya, Germaniya, Turkiya, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga mahsulot yetkazib bermoqda.
Bu - polivinilxlorid (PVX)dan tayyorlangan, interer bezagida foydalaniladigan sun’iy qurilish materiali turi bo‘lib, mahsulot marmarga taqlid qiladi. Uning yuqori qismi tabiiy marmar, granit, oniks va boshqa materiallarning teksturasi va rangiga o‘xshatilgan qoplamadan iborat.
Korxona O‘zmilliybankdan yangi quvvati uchun qiymati 2,0 mln AQSh dollari bo‘lgan loyiha uchun 1,5 mln AQSh doll., miqdorida kredit ajratgan.
Muxtasar aytganda, O‘zmilliybank Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan bugun viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari ortib, hududda ko‘plab istiqbolli loyihalar ishga tushmoqda. «O‘zmilliybank» AJ esa doim tashabbuskor tadbirkorlar hamda ilg‘or takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter