AQShning vеnchur jamg‘armasi O‘zbekiston IT-sanoatiga sarmoya kiritadi
Kecha, 29-may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida O‘zbekistonning IT-sohasidagi imkoniyatlarini o‘rganish hamda uni rivojlantirish uchun sarmoya kiritish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan «Thiel Capital» venchur jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur jamg‘armaga xalqaro «Paypal» to‘lov tizimi asoschisi Piter Til tomonidan asos solingan. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Jamg‘arma bugungi kunda «Facebook», «LinkedIn», «Asana», «AirBNB», «Stripe» hamda boshqa ko‘plab nufuzli kompaniyalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan ishlab chiqaruvchilarga rivojlanish muhitini yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda ish boshlagan «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi (MUIC) ayni paytda mahalliy hamda xalqaro kompaniyalarning o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish yuzasidan loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, «Thiel Capital» kompaniyasining O‘zbekiston IT-sanoatiga qiziqishi ham aynan mana shu tashabbuslar mahsulidir.
Uchrashuvda tomonlar mamlakatning IT-sanoatini rivojlantirish, xususan eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan loyihalarni tashkil qilishni muhokama qildilar. O‘zbekiston tomoni mehmonlarni MUIC faoliyati misolida yurtimizda IT-kompaniyalarga yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishtirdilar.
«Thiel Capital» jamg‘armasi vakillari O‘zbekiston hukumati sohaga qaratayotgan e’tiborni hisobga olib, mamlakatda texnologiyalar sohasini rivojlantirishda katta imkoniyat borligini qayd etishdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22-yanvardagi Farmoniga ko‘ra, venchur jamg‘armalari hamda ular tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar 2023-yilga qadar har qanday soliq to‘lovlaridan ozod etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter