Zoyir Mirzayev: «Mirishkorning zo‘ravon hokimi viloyat nomiga dog‘ tushirdi»
Bugun Qashqadaryo viloyat hokimligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda dastlab kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabovning audiosi va Yakkabog‘ tumanidagi fermer ishchilari o‘rtasidagi nizolar muhokama etildi, deb xabar bermoqda «Nasafnews».
«Ish faoliyatimizning ko‘p qismi hokimlar va rahbarlarni tartibga chaqirish bilan o‘tib ketyapti. Mirishkorning zo‘ravon hokimi o‘z xatti-harakati bilan viloyat nomiga dog‘ tushirdi. Biror-bir hokimdan yaxshi tashabbus ko‘rmaymiz, odamlarning turmush-tarzini yaxshilash maqsadida ular taklif ham bermaydi. Afsuski, zamon o‘zgarayotganini siz rahbarlar sezmayapsizlar», — degan Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev.
Viloyat rahbari Yakkabog‘dagi fermer ishchisi ayollar ustiga kerosin sepib, yoqib yuborishga urinishi bilan bog‘liq holatni rahbarlarning uquvsizligi bilan bog‘ladi va tumanning ayrim mutasaddilari adolatsiz qaror chiqarganini tanqid qildi.
Shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosarlari aholi o‘rtasida qabul o‘tkazmagani, ko‘chma qabullar yo‘lga qo‘yilmagani ham tanqid qilinib, bu borada mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.
Yig‘ilishda viloyat hokimi Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabovning xatti-harakati Reglament va odob komissiyasi va deputatlar ishtirokida muhokama etilishi lozimligini ham aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, ularni jirkanch so‘kinishlar bilan «siylagani», hatto urib-turtgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Bosh prokuratura ushbu holat bo‘yicha tekshiruvlarni boshlagani ma’lum qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter