Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro shahar hokimi: «Hokim ko‘rinmayapti, degan savol... meni o‘ylantirib qo‘ydi»

Buxoro shahar hokimi: «Hokim ko‘rinmayapti, degan savol... meni o‘ylantirib qo‘ydi»

Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazida shahar hokimi Qurbon Tursunov ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bunday anjuman Qurbon Tursunov tomonidan birinchi marta o‘tkazildi. U lavozimga 2024 yilning 1 mayida tayinlangan. Bunga qadar Qurbon Tursunov Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining o‘rinbosari vazifasini bajarib kelgan.

Qator ommaviy axborot vositalari xodimlariga Buxoro shahar hududiga tegishli turli mavzular, ayniqsa, qurilish va bunyodkorlik sohasidagi muammolar hamda aholi tomonidan shikoyat-arizalar oshib ketgani bois, soha vakillarini ko‘plab savollarga javob qiziqtirayotgan edi.

Buxoro shahridagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf qilish, obodonlashtirish ishlari, shuningdek, «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablarining bajarilishi mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ilk savol: «Buxoro shahrida hokim bormi o‘zi, nima uchun ko‘rinmaydi?» bo‘ldi.

Xabar.uz muxbiri Laylo Hayitovaning ushbu savoliga Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov quyidagicha javob berdi.

«Ko‘rinmaydi, deganda nimani nazarda tutyapsiz? Qo‘ldan kelguncha, men savoli bor, muammosi bilan kelgan har bir fuqaroni qabul qilaman. Har kuni kechqurun soat 20:00 dan boshlab, shanba va yakshanbadan tashqari, oxirgi odam qolgunicha qabul qilaman. Endi matbuot kotibimizga keladigan bo‘lsak, bu shtat bizda 3-4 oy bo‘sh qoldi. Faoliyatni yoritib, yana faol bo‘lishga harakat qilamiz. Lekin ko‘rinmayapti, degan savol... meni yana o‘ylantirib qo‘ydi. Yana bir oddiy misol: telefonimni ko‘tarolmay qolsam, albatta, o‘sha shaxsga qaytib qo‘ng‘iroq qilaman. Barcha sohalar bo‘yicha muovin va yordamchilar bor, ular orqali ham savollarga yetarlicha javob olish, muammolar yechimiga kirishish mumkin. Xalq bilan, odamlar bilan qanchalik uchrashish muhim bo‘lsa, shunchalik uchrashamiz. Mening kunimning va vaqtimning yarmi fuqarolar bilan gaplashishga o‘tadi. Kelganimga bir yil bo‘lgan bo‘lsa, shu davr faqat odamlar bilan suhbatlaru ularning muammolari yechimi bilan o‘tdi. Ayniqsa, Buxoroda kechayotgan va shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan qurilishlar, o‘tgan yillar davomida renovatsiya dasturi asosida qurib, foydalanishga topshirilishi lozim bo‘lgan inshootlar, uy-joylar qurilishini yakunlashga doir avvalgi o‘rganishlarda berilgan topshiriqlar ijrosi bilan bo‘lamiz. Duch kelinayotgan muammolarni manzilli o‘rganamiz. Xullas, myen faqat kunduzlari ko‘chada bo‘laman. Ha, aytmoqchi, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan birinchi marotaba uchrashyapmiz. (Matbuot kotibiga qaragan ko‘yi): Dilshod, ko‘proq ko‘rsatish kerak ekan meni!»  – dedi Qurbon Tursunov.

Buxoro shahar hokimiga ko‘ra, «shahar hokimining ko‘rinmayotgani» go‘yoki faoliyatning ko‘proq matbuotda yoritilmayotgani bilan bog‘liq...

Matbuot anjumanida Buxoro shahri hokimi noqonuniy qurilishlar bo‘yicha tahlillarga tayandi. Unga ko‘ra, kadastr agentligi shahar bo‘limi tomonidan 2024 yilda hududda yerlardan foydalanish ahvoli yuzasidan monitoring o‘tkazilgan. 345 ta holatda o‘zboshimchalik bilan yer maydonini egallash va noqonuniy qurilish holatlari aniqlangan. Shundan 127 ta holatda fuqarolar tomonidan yuzaga kelgan noqonuniy qurilmalar ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan. 218 ta holatda qonunbuzarlarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Tegishli sudlarga bu qurilmalarni bartaraf etish to‘g‘risida da’vo arizalari kiritilib, ularni buzdirish yuzasidan hal qiluv qarorlari qabul qilingan.

«Xuddi shunday holat joriy yilning shu kuniga qadar 164 ta holatda qayd qilingan bo‘lib, ko‘rilgan ta’sir choralari, ogohlantirishlardan so‘ng 105 ta holatda qurilmalar fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda buzildi. Ammo 59 ta holatda o‘zboshimcha, qonunbuzar fuqarolarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilib, sudlarga bu qurilmalarni bartaraf etish to‘g‘risida da’vo arizalari kiritildi», – dedi shahar hokimi o‘z so‘zida.

Shundan so‘ng Buxoro shahar hokimi ayrim tadbirkorlar tomonidan «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablarining buzilayotgani va bu shahar tashqi ko‘rinishiga aks ta’sir qilayotgani xususida so‘z ochdi. 

Bildirilishicha, Buxoro viloyat hokimligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan tashqi reklama vositalarini «Davlat tili va reklama to‘g‘risida»gi qonunchilik talablariga moslashtirish borasida o‘rganishlar olib borilmoqda.

 «O‘z sub’yekti qo‘nim topgan, qimmatbaho toshlardan qad rostlagan binolarni o‘zboshimchalik bilan reklama-bannerlari bilan to‘sib, shahar fasadining buzilishiga olib kelgan tadbirkorlar ko‘plab topiladi. O‘rganishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida  viloyat bo‘yicha 1728 ta, jumladan, Buxoro shahri bo‘yicha 916 ta holatda qoidabuzarliklar aniqlandi hamda ularning mingga yaqini tushuntirish-targ‘ibot orqali joyida bartaraf etildi. Tushuntirish-targ‘ibot tadbirlaridan tegishli xulosa chiqarmagan 600 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan rasmiy ogohlantirish xatlari yuborildi. Qonuniy tarzda amaliy ishlar olib borilayotgan bir pallada turli ijtimoiy tarmoqlarla «shahar hokimligi vakillari tomonidan tadbirkorlik faoliyatimizga to‘siq qo‘yilmoqda» degan noo‘rin munosabatlar tarqala boshlaydi. Asl holatda esa noqonuniy holatlarning oldini olish yuzasidan ishlar bajariladi. Tadbirkorlarni va fuqarolarni shahar ko‘rkamligi hamda obodligi uchun olib borilayotgan ishlarda hamjihat bo‘lishlarini, to‘g‘ri xulosalar chiqarishlarini istardik», – dedi Qurbon Tursunov.

Shunga qaramasdan, qonunchilik talablarini qasddan buzishda davom etgan 33 ta tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha raqobat boshqarmasiga xatlar taqdim etilgan. Raqobat boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkazilgan o‘rganish davomida ushbu sub’yektlarining 23 tasi tomonidan qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan.

Buxoro viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov shahar tashqi ko‘rinishiga ta’sir qilayotgan holatlar, ayniqsa, tashqi reklamalar  ekanini ta’kidladi.

«10 ta tadbirkorlik sub’yektlarida O‘zbekiston Respublikasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni buzilganligi alomatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, ish qo‘zg‘atildi. 187,0 million so‘m miqdorida moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilib, undirildi. Shuningdek, shahar va tumanlardagi ishchi guruhlari tomonidan joriy yilda xatlov jarayonida 820 ta o‘rganish o‘tkazildi. Shundan 485 ta holatda qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Ushbu yuzasidan 16 ta holatda ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 10 ta qonunbuzilish holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. 6 ta tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi. Ayni kunda har bir qonunbuzilish holatini bartaraf etish bo‘yicha tadbirkorlarga ogohlantirish xatlari va tushuntirishlar berilgan», – dedi Akbar Rustamov.

Jurnalist va blogerlar Buxoro shahridagi yangi ko‘p qavatli uylardan ko‘plab murojaatlar tushayotgani, ko‘p sonli aholi aldanib qolayotgani, fuqarolardan katta miqdorda pul to‘lab, «chuv» tushishayotgani borasida qanday amallar bajarilayotgani, shuningdek, Buxoro shahrida barpo etilishi rejalashtirilgan va «to‘xtatilgan ekan» degan muhokamalarga sabab bo‘layotgan «Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik markazi haqidagi oxirgi xabarlarga hokim munosabati bilan qiziqishdi.

Shahar hokimi bu borada tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan bunyod etilgan ko‘p qavatli uylarda borayotgan ichki va tashqi pardozlash ishlarini yakunlash, liftlarni o‘rnatish, bolalar maydonchalari qurish va boshqa zarur infratuzilmani ta’minlash kerakligini ta’kidladi. Qurilish tashkiloti va xaridor-fuqarolar o‘rtasida jiddiy muammolari mavjud 31 ta ko‘p qavatli uylarning 25 tasi masalasi bartaraf etilgani, ayni paytda 6 ta shunday og‘riqli muammolari bor uylar bilan shug‘ullanilayotganini bildirdi.

«Buxoro shahri hududida muammolarga sabab bo‘layotgan har bir ko‘p qavatli uy-joylarning qurilish- montaj ishlari jadallashtirilishi bilan bog‘liq holatlar atroflicha muhokama etilmoqda. Mas’ullar qat’iy ogohlantirildi.

Qurilish me’yorlari va sifat talablarining buzilishiga, uylarning foydalanishga qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirishda sansolarlikka yo‘l qo‘ymaslik zarurligi alohida ta’kidlandi. Odamlar bilan o‘tkazilayotgan muloqotlarda eng ko‘p masala aynan renovatsiya dasturi asosidagi uy-joylar qurilishini yakunlash bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Mas’ul-mutasaddilar zimmasiga renovatsiya asosida qurilayotgan uylarda tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, bino-inshootlar atrofini obodonlashtirish bilan bog‘liq qator vazifalar ham yuklatildi. Odamlarni sarson qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Vazifa bitta: uy-joylar qurilishi tezda yakunlanishi va xonadon egalari yangi uylarda ko‘chib kirishi lozim. Buning uchun qanday amaliy yordam zarur bo‘lsa beramiz. «Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik markazi qurilishi ishlari borasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli qarash va munosabatlar: mish-mish va noto‘g‘ri shov-shuv. Va bu borada shu so‘z: «Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik markazi bunyod bo‘ladi», – dedi Buxoro shahar hokimi.

Matbuot anjumanida shahar hokimi: «O‘zi shu ishni amalga oshirishimiz kerakmi?»

Matbuot anjumani davomida «Xabar.uz» muxbiri  tomonidan bundan roppa-rosa bir yil ilgari internet nashrda Davlat madhiyasi musiqasi asoschisi Mutavakkil Burhonov hayoti, bosib o‘tgan yo‘li haqida maqola va videolavha chiqqani,  uning nomidagi uy-muzeyida bastakorning haykali o‘rnatilmagani va uni o‘rnatish bilan bog‘liq masalalar 2020 yildan buyon hali hanuz «uyqu»da ekanini, joriy yilning aprel oyida ham ushbu masala «Mening YurtimMY5» telekanali orqali «Gapiring+» ko‘rsatuvida ham ko‘tarilgani xususida bildirib, muammo qachon o‘z yechimini topishi borasidagi savol o‘rtaga tashlandi.

Holatga ko‘ra, ushbu masala yuzasidan hech qanday chora-tadbir belgilanmagan va ish bajarilmagan. Mutal Burxonov nomiga atab ishlangan haykal 2020 yildan buyon tayyor holatda. Biroq, haykaltaroshga xizmat haqi to‘lanishi paysalga solib kelinayotgani bois, haykal o‘rnatilmagan. 

«O‘tgan yil ushbu masala yuzasidan siz bilan gaplashgandan keyin qiziqib ko‘rdim. To‘g‘ri, tavsiyalar juda ko‘p. Ammo, uni moliyalashtirish uchun asos ko‘rmadim. Ya’ni byustni kim buyurtma bergan? Biror bir hujjat, asos bormi, shuncha miqdordagi pul bilan bog‘liq? Majburiyatni kim bo‘yniga olgan? Balki homiylik orqali, deyilgandir. Bu masalaning tagiga yetmaganim uchun mablag‘ni budjet hisobidan o‘tkazish chorasini ko‘rmadim. Shu bois, ochiqligicha turibdi. Haykaltarosh va kim o‘rtasida shartnoma bor? O‘zi shu ishni amalga oshirishimiz kerakmi?» – dedi Buxoro shahar hokimi.

Matbuot anjumanidan keyin jurnalist o‘rganuvida tadbirkor: «Haykal kerak – uning shaxsi O‘zbekiston uchun oltin fond!»

Jurnalistik surishtiruvga ko‘ra, 2019 yilning 10 may kuni Buxoro shahar hokimi (marhum) Karim Kamolov tomonidan O‘ktam Jumayev rahbarligidagi «Feruz Farhod invest” MChJ M.Burxonov uy-muzeyi binosini zamonaviy ko‘rinishga keltirish va ushbu ob’yektda qurilish-montaj ishlarini oshirish tavsiya qilingan. 2019 yilning 29 avgustida esa shahar hokimining 201-sonli farmoyishi bilan «Mutal Burxonov» uy-muzeyi oldida dam olish maskanini qurish hamda muzey yonida bastakor haykalini o‘rnatish ishlarini amalga oshirish masalasi shu MChJ zimmasiga yuklangan. Buxoro shahar hokimining ushbu farmoyishidan kelib chiqib, 2019 yilning 30 avgustida  «Feruz Farhod invest» MChJ hamda Buxoro shahar Obodonlashtirish boshqarmasi o‘rtasida muzeyning ta’mirlanishi uchun 15-sonli 131 385 599  so‘mga teng sharnoma, muzeyning  oldini obodonlashtirish hamda bastakor haykalini o‘rnatish uchun 16-sonli 576 007 989 so‘mga teng shartnoma tuzilgan.

«2019 yildan buyon shu masala ortidan sarson-sargardonmiz. Shartnomada ko‘rsatilgan barcha ishlar bajarilgan. Tajribali haykaltarosh Bekmurod Hakimov tomonidan ishlangan haykal 90 foiz tayyor holatda. Uning ortidan qancha mehnat, qancha zahmat chekilgan. Mas’ul tashkilotlar tomonidan shartnomadagi mablag‘ masalasiga panja ortidan qarab kelinavergan. Bu orada bir necha marotaba Buxoro shahri hokimlari o‘zgardi. Ayni paytdagi amaldagi hokim qabuliga ham shu masala yuzasidan ikki marotaba kirdik. Biroq, hali yechim yo‘q. Muzeyning ichki intereri uchun faqatgina 50 million so‘m oldindan moliyalashtirilgan edi. Tashqi qismi esa umuman moliyalashtirilmagan bo‘lsa-da, va’daga ishonib, ko‘p ishlar bajarildi. To‘g‘ri, biz shahar hokimidan arzimiz yo‘q, vaholanki, bu muammo u amalga kelishidan 4-5 yil ilgaridan buyon o‘zgarishsiz. Biroq, umid qilamizki, yosh hokim tomonidan bizni uzoq yildan buyon qiynab kelayotgan masala yechimini topishi kerak. Mutal Burhonov xotirasi uchun bu haykal kerak va bu byustning asl shaxsi, nafaqat, Buxoroning, balki, O‘zbekiston uchun oltin fonddir”– dedi «Feruz Farhod invest” MChJ ish yurituvchisi hamda yuristi Ismat Zokirov.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu haykalni o‘rnatish uchun O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, haykaltarosh va tadbirkor o‘rtasida 2019 yilning sentyabr oyida 5-sonli shartnoma bilan 53 777 475 so‘mga xizmat ko‘rsatishga oid shartnoma tuzilgan. Haykaltarosh esa Mutal Burxonov haykalini hech qanday moliyalashtirishsiz uni ikki marta kattalashtirilgan masshtabda yumshoq loy formasini suratlar va bastakorni tanigan odamlar maslahatlari asosida yaratgan. Haykalning 90 foiz holati tayyorlangan. Biroq, oradan shuncha yil o‘tsa ham na pudratchi tashkilot va na haykaltarosh mablag‘ bilan ta’minlanmagan.

Haykaltarosh: «U jasad emas, tarixiy shaxsning siymosi aks etgan tirik san’at asari»

Ayanchlisi, bu haykal 2019 yildan buyon tashqarini «ko‘rish» umidida qorong‘u devorlar ortida qolib ketmoqda.

«Buxoroning juda ko‘p zamonaviy va tarixiy maskanlarida mening ijodlarim mahsuli o‘rnatilgan. Mehnatlarim qadrlangan. Biroq, salkam 5 yildan ortiq vaqtdan buyon buyuk bastakor Mutal Burxonovning yaratilgan haykali oq matoga o‘ralgan ko‘yi qolib ketmoqda. Har gal ko‘zim tushganda, etim junjikib ketadi. To‘g‘ri, u jasad yoxud inson tanasi emas, ammo, bir tarixiy shaxsning siymosi aks etgan tirik san’at asari. Nahotki, 5 yildan buyon bu tirik asarni yorug‘likka olib chiqish uchun mablag‘ topilmayapti» – deya o‘z san’at asarining bitmagan namunasi suratini bizga yo‘llaydi haykaltarosh.

Ma’lumot o‘rnida: Tadbirkor hamda haykaltaroshni, shuningdek, bastakor uy-muzeyi xodimlarini o‘ylantirib kelayotgan masalani Buxoro shahar hokimiga yana bir karra bildirishga to‘g‘ri keldi. Hokim ushbu masalani to‘liq o‘rganib, xulosani ma’lum qilishini bildirdi.

Mavzuga qaytamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring