Qashqadaryoda firibgarlik qilgan uch advokat ushlandi

Qashqadaryoda 3 nafar advokatning firibgarlik harakatlari fosh etildi.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Qarshi shahridagi advokatlik byurosining advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan 2 nafar fuqaroga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini sud tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirib berishni va’da qilib, evaziga 4 000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Navbatdagi holatda Qarshi shahridagi advokatlik byurosi advokati fuqarolik ishlar bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining ish yurituvida bo‘lgan ishni huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaro foydasiga hal qilib berish yuzasidan u bilan shartnoma tuzib, xizmat haqi evaziga 2 mln so‘m va davlat boji uchun 1,5 mln so‘m olgan.
Ammo advokat mazkur fuqarolik ishini sud tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali hal qilishini aytib, qo‘shimcha 500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqa holatda esa Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaro bilan shartnoma tuzmagan holda, Muborak tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi ish yurituvida bo‘lgan bezorilik huquqbuzarligiga oid ishning unga tegishli qismini tergovchi orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, oldindan 2 mln so‘m oladi. Advokat ushbu ishni go‘yoki ijobiy hal qilganligini aytib, qo‘shimcha 2 mln so‘m olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.
Hozirda mazkur advokatlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter