Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yozuvchilar uyushmasi Do‘rmon bog‘i bo‘yicha raddiya berdi

Yozuvchilar uyushmasi Do‘rmon bog‘i bo‘yicha raddiya berdi

Kecha e’lon qilingan “Yozuvchilar bog‘ini stadionga aylantirgan futbolchilar” nomli maqoladan so‘ng O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati holatni o‘rganish uchun “Do‘rmon” ijod uyi direktori Asqar Ummatqulov bilan bog‘landi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda chindanam Samarqandning “Dinamo” futbol klubi futbolchilari Do‘rmon ijod uyida yashayapti. Direktorning aytishicha, Do‘rmonda futbolchilarning birinchi marta turishi emas, ular avvalgi yillarda ham bu joyga kelib yashashgan. Futbolchilar tongda ertalabki badantarbiya uchun 5-10 daqiqa chigalyozdi mashqlari bilan shug‘ullanishgan.

Do‘rmonda futbolchilar chim ustida mashq qilishmoqda. Foto: Zed News

– Ammo ular baqir-chaqir qilib, hammaning tinchini buzgani, bog‘dagi chimlarni ham tepalab tashashgani yo‘q, – deydi Asqar Ummatqulov. – Ular aniq maqsad bilan kelgan yigitlar, sog‘lom hayotni targ‘ibot qiluvchi odamlar. Toshkent viloyatida joylashgan va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga qarashli “Do‘rmon” ijod uyida 114 kishilik joy bor. Ammo yil davomida ushbu o‘rinlarni yozuvchi-shoirlar band qila olmaydi. Bo‘sh turgan joylardan unumli foydalanish hamda ijod uyining sharoitini yaxshilash, ijodkorlarga yanada yaxshi qulayliklar yaratish, qo‘shimcha daromad olish uchun “Do‘rmon” ijod uyining 38 o‘rinli qo‘shimcha binosidan mehmonxona sifatida foydalanib kelinadi. Ammo bu yerda tartib-intizom hamma uchun barobar.

Raddiyada yozilishicha, bu vaziyatdan Yozuvchilar uyushmasi xabardor. Futbolchilar ko‘proq va “ortiqcharoq” emas, tarifda belgilangan pulni to‘lashmoqda.

Bo‘sh turgan xonalardan qo‘shimcha daromad topila boshlangach, topilgan daromad hisobiga, “Do‘rmon” ijod uyidagi tashlandiq joyda choyxona ham tashkil etilgan. Bugun u joydagi o‘nga yaqin so‘rida dam oluvchilar hordiq chiqarishmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring