O‘zbekistonda karantin vaqtida «Karantin» nomli qissa yozildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida karantin vaqtida yozilgan «Karantin» qissasi onlayn tarzda muhokama qilindi. Risolat Haydarovaning qalamiga mansub asar muhokamasini taniqli yozuvchi Isajon Sulton olib bordi.
Qissa hozir nainki bizning xalqimiz, balki dunyo ahli kurashayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi amaliy tadbir sifatida yuzaga kelgan karantin davri haqida. Asar syujeti Toshkentdagi bir oila hayotida kechgan voqealar tasviriga asoslanadi. Garchi bu manzaralar bir oila hayotiga oid bo‘lsa ham, bugungi kunda O‘zbekistondagi barcha oilalar turmushidagi voqealarning timsoli, deyish mumkin. Zotan adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldosh muhokamada ta’kidlagandek: «Karantin jazo emas, balki sinov, bo‘lganda ham har bir odamning qanchalik darajadagi odamiyligi aniqlanadigan sinov».
«Biz qissa sahifalarida Vatan va xalq taqdiri haqida qayg‘uradigan kishilar galereyasi bilan, shuningdek, yangi tartiblarga ko‘nikolmay janjal ko‘taruvchi yengiltaklar bilan ham tanishamiz. Karantin munosabati bilan odamlar sajiyasida yangi paydo bo‘lgan jasoratlarga guvoh bo‘lamiz», deya o‘z mulohazalarini yozdi Miraziz A’zam.
Yosh adiba Nodirabegim Ibrohimova shunday dedi: «Qahramon o‘y-xayollari o‘quvchi ko‘nglidan ham o‘tadi, qissada shu kunlarimizda sodir bo‘layotgan real hodisalar ham chetda qolmagan. Masalan, aprelda birdan yoqqan qor, yoshlarimizning xatti harakatlari, kim volontyorlik qilyapti, kim yengiltaklik... Umuman, karantin bizni hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga o‘rgatdi», — degan mulohazalari bilan qatnashdi.
Muhokamada qizg‘in ruhda o‘tdi. Asar qayta ishlanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter