Yaponiya Orolbo‘yida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun 2 million dollar ajratadi
12 sentyabr kuni Toshkentda Yaponiya hukumatining «Orolbo‘yida iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali o‘zini o‘zi ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash» loyihasi bo‘yicha almashuv notasi imzolandi. Unga muvofiq, Kunchiqar o‘lka mintaqada iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun 280 million iyena (2 million AQSh dollari) miqdorida beg‘araz ko‘mak ajratadi.
Almashuv notasi Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori va BMT Taraqqiyot dasturining yurtimizdagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman tomonidan imzolandi.
Yaponiya elchixonasi xabarida Tokio O‘zbekistonda barqaror jamiyat qurish yo‘lida hamkorlikni davom ettirishi ta’kidlangan.
BMT Taraqqiyot dasturiga ko‘ra, ushbu yirik loyihadan Xo‘jayli, Chimboy, Kegeyli va Nukus tumanlarida yashovchi ko‘p ming sonli aholi bevosita foyda ko‘radi.
Boshlang‘ich bosqichda mahalliy jamoalarga yangi va oqilona qishloq xo‘jaligi amaliyoti, jumladan, yerdan qanday qilib ko‘proq daromad olish usullari o‘rgatiladi. Bu jarayonda iqlimga chidamli ijtimoiy xizmatlar, toza ichimlik suv va barqaror energiyadan foydalanish, aholi salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratiladi.
Loyiha doirasida Yaponiyaning innovatsion qishloq xo‘jaligi texnologiyalari bo‘yicha tajribasidan foydalaniladi.
Bugungi kunda Orol dengizi mintaqasida iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy farovonlik muammolariga global darajada e’tibor berilmoqda.
Mintaqaga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yining flora va faunasini yaxshilash, ekologik holatni barqarorlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilagan.
Yevropa Ittifoqi mintaqa uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga 5 million yevrodan ziyod mablag‘ ajratgan.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Global yashil o‘sish instituti (GGGI) o‘rtasida Orol dengizi inqiroziga qarshi kurashishga qaratilgan 5,6 million dollarlik qo‘shma loyiha imzolangan.
Germaniya mintaqada iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit degradatsiyasi salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida 700 ming yevro miqdorida navbatdagi moliyaviy ko‘makni yo‘llagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter