Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana bir yurtdoshimiz Yaponiyaning yuksak mukofotiga sazovor bo‘ldi

Yana bir yurtdoshimiz Yaponiyaning yuksak mukofotiga sazovor bo‘ldi

Toshkentdagi Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi direktori  Farrux Usmonov Yaponiyaning «Chiqayotgan quyosh, Oltin va kumush nurlar» (The Order of the Rising Sun, Gold and Silver Rays) ordeni bilan taqdirlandi.

Yuksak mukofot Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori tomonidan topshirildi.

«Farrux Usmonov O‘zbekiston madaniyati haqida chuqur bilimga ega bo‘lib qolmay, Yaponiyada tahsil olgani sababli yapon tilida erkin so‘zlashadi va yapon madaniyati borasida ham teran tasavvurga ega. Janob Usmonov Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi direktori sifatida Yaponiya madaniyati va san’atini ommalashtirishga hissa qo‘shmoqda, almashuv dasturlarida qatnashmoqda, shuningdek, Yaponiyadan taklif etilgan ijodkorlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu jihatdan F.Usmonovni o‘ziga xos xalq diplomati deb atash mumkin», — dedi elchi Takashi Hatori.

Ma’lumot o‘rnida: Farrux Usmonov 2006-yildan buyon Ikuo Hirayama xalqaro madaniy karvonsaroyining direktori lavozimida ishlab kelmoqda. «Chiqayotgan quyosh, Oltin va kumush nurlar» ordeni uning ikki xalq o‘rtasidagi madaniy robitalarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi e’tirofi sanaladi.  Ushbu orden o‘z sohasida yuqori natijalarga erishgan shaxslarga beriladi.

2024-yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, Xalq rassomi Akmal Nurga Yaponiya imperatorining «Chiqayotgan quyosh ordeni, Oltin nurli bo‘yin tasmasi» mukofoti taqdim etilgandi.

Avvalroq O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov va Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham Yaponiyaning «Chiqayotgan quyosh, Katta kordon» ordeni bilan taqdirlangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring