Umra to‘lovi bilan bog‘liq firibgarliklar sodir etilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda umra to‘lovi bilan bog‘liq ayrim fuqarolarning firibgarliklari aks etgan chiqishlar turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatida qayd etilishicha, «Haj» va «Umra» safarlari to‘lovlari faqat bank orqali amalga oshiriladi. Hech bir fuqaro yoki mansabdor shaxs muborak safarlarga oid mablag‘larni qabul qilish vakolatiga ega emas.
«Afsuski, ayrim shaxslar mo‘min-musulmonlar ishonchini suiste’mol qilib, umra amalini niyat qilgan hamyurtlarimizning pullarini aldov yo‘li bilan olib, o‘zining shaxsiy maqsadlari yo‘lida o‘zlashtirib yuborgani achchiq haqiqat va bundan barcha ogoh bo‘lishi lozim», deyiladi munosabatda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning tayyor ro‘yxati asosida umra ibodatini amalga oshiradi. Ya’ni, ziyoratchilarga viza olish, ularni kuzatish va kutib olish, Saudiya Arabistonida ibodat va ziyoratlarini tashkil etish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi. Bungacha bo‘lgan jarayonlar, ya’ni umra navbatini yuritish va fuqarolardan to‘lovlarni qabul qilish Diniy idora vakolatiga kirmaydi.
Ma’lum qilinishicha, umra ziyoratchilari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar har kuni Saudiya Arabistoniga amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar kuzgi mavsum doirasida 30 ming nafarga yaqin fuqaro muborak ibodatni amalga oshirishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter