«Ulli hovli» – turkmanlarning davrlar osha o‘tib kelayotgan qadimiy qal’asi
Xorazm viloyati Urganch tumanining G‘aybu qishlog‘ida joylashgan «Ulli hovli» tarixiy majmuasi qariyb 4 asrlik tarixga ega.
XVII asr boshlari turkmanlarning Soler urug‘i qiyin vaziyatga tushib qoladi. Ular turgan manzil suvsizlanib, tirikchilik o‘tkazish og‘irlashadi. Mana shunday holatda urug‘ oqsoqollari Xo‘jamberdi va Shermamatboy Xorazm xonligidan madad so‘raydi. Davlatni boshqarib turgan Abulg‘ozixon turkmanlarning chorloviga javob beradi va ularga xonlik hududidagi suvli joylardan birini ajratadi.
Shu tariqa turkman qabilasi xonlik hududiga ko‘chib o‘tadi. Oldinga o‘tib aytish lozim, bu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan. Jangari turkman yigitlari lozim bo‘lgan vaqtda xon qo‘shinlari safiga qo‘shilishlari, boshqa vaqtda esa savdo yo‘llarini qo‘riqlashlari lozim bo‘ladi.
Ulli hovli aynan shu yigitlar uchun qurib beriladi. Qo‘rg‘onda 15 ta oila istiqomat qilgani uchun «Ulli hovli», ya’ni «katta hovli» deb ataladi.
Ta’kidlash joizki, hozirga davrga kelib hovlining saqlanib qolgan katta-kichik xonalari soni 35 tani tashkil qiladi.
Xiva shahri 2024 yilda Islom Hamkorlik Tashkiloti turizm shahri sifatida e’lon qilinishi munosabati bilan xalqaro tadbirlarni yoritayotgan mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun Turizm qo‘mitasi tomonidan tarixiy majmuaga press-tur tashkil etildi.
Urganchdan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan Ulli Hovli qadimiy qal’asi bugungi kunda sayyohlik majmuasiga aylandi. Majmuada tuyalar, otlar va parrandalar saqlanadi. Ob’yektda hozirgacha eski tegirmon va qadimiy quduqlar ham saqlab qolingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu imoratlar poydevorsiz qurilgan, ya’ni devorlarning osti bir metr qazilib, qum solingan va ustiga qamish to‘shalib, so‘ng paxsa urilgan. Majmua salkam 1 gektar maydonni egallagan bo‘lib, hovlida o‘tovlar tikilgan. Bundan tashqari, hunarmandchilikning yettidan ortiq turi bilan shug‘ullanish uchun ustaxonalar tashkil etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter