Chirchiq daryosi bo‘yidagi 20 gektar hududda okeanarium quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni turizm va bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Shu yil 9-aprelda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari yurtimizning boy tarixi va madaniyati, ajoyib tabiatidan foydalanib, sayyohlarni hozirgidan 2-3 karra ko‘paytirish mumkinligini ta’kidlagan edi.
Shunday xushmanzara joylardan biri – Bo‘stonliqdagi “Chorvoq darvozasi” majmuasi. Prezidentimiz o‘tgani yili dekabrda uning qurilishini borib ko‘rgan edi, yaqinda loyihaning birinchi bosqichi ochildi. Majmuada 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, avtoturargoh bo‘ladi. Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi.
Taqdimotda majmuaning keyingi bosqichlarini qurish, sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish borasidagi ishlar haqida axborot berildi. Uni arzon va ekologik toza energiya bilan ta’minlash uchun Chirchiq daryosida kichik gidro elektr stansiya barpo etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Yana bir loyiha Toshkent shahrining Yashnobod tumanida okeanarium qurishga qaratilgan. Chirchiq daryosi bo‘yida 20 gektarda mo‘ljallangan ushbu okeanarium sayyohlarni jalb etadigan yana bir maskan bo‘ladi. Yonida savdo-mehmonxona majmuasi ham qurilib, ularda jami 1 ming 600 ta ish o‘rni ochiladi.
Shuningdek, Yakkasaroy tumanida turar-joy va ishbilarmonlik maskani barpo etish mo‘ljallangan. Unda ko‘p qavatli uylar, bog‘cha va maktablar, sport va sog‘lomlashtirish maskanlari, mehmonxona va savdo ofislari bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz loyihalarning huquqiy, moliyaviy jihatlari hamda infratuzilma masalalarini har tomonlama o‘ylab, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga sifat va muddatni aniq belgilab, bajarilishini nazorat qilish topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter