Prezident Mirakidagi turizm markaziga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumani Hisor tog‘i yon bag‘ridagi sayyohlik salohiyati bilan tanishdi.
Turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Qashqadaryoda ham bu borada imkoniyatlar ko‘p.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28 noyabrdagi qarori asosida Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm majmualari barpo etilmoqda. Jumladan, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida sayyohlar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Umumiy 240 gektar maydonda 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilayotir. Buning natijasida esa 1 ming 700 ta doimiy ish o‘rni ochiladi.
Bugun Mirakidagi o‘zgarishlar mazkur qaror va turizm bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlar natijasi.
Ilgari bu so‘lim joylardan har kim o‘z bilganicha foydalanar edi. Soy bo‘ylari betartib, oromgohlarda infratuzilma yetishmasdi. Bugun bu manzil yaxlit turizm klasteriga – “Miraki” xalqaro turizm markaziga aylandi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi obodlik va qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda yurish uchun o‘n kilometrlik “eko yo‘lak” tashkil etilgan. Bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar bog‘, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda ko‘chma savdo shoxobchalari mahalla ko‘rkini oshirgan.
“Miraki and spa resort” dam olish hududi turizm markazining zamonaviy qismi. Bu yerda ikkita mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar majmua barpo qilingan. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 600 nafar sayyohni qabul qiluvchi mehmonxonalar, 300 o‘rinli oilaviy xostel ochilgan. Bu yiliga 300 mingdan ortiq mehmonga xizmat ko‘rsatilishini anglatadi.
Davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Sayyohlik bo‘yicha istiqboldagi muhim loyihalar haqida ma’lumot berildi.
- Shahrisabzning ustun tarafi - yil davomida sayohatga kelish mumkin. Buning uchun yo‘l, kommunikatsiya, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xizmat turlarini ko‘paytirishni o‘ylash kerak. Masalan, Mirakiga kelgan mehmon vaqtini qanday o‘tkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targ‘ib etish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi sayyohlik markaziga investorlarni jalb etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Mirakiga eltuvchi va mahalla ichidagi yo‘llar mukammal ta’mirlangan. Elektr ta’minoti yaxshilangan. Sayyohlarni qiziqtirish uchun Hisorak suv omboriga tutash hududda ikki kilometrdan ortiq dor yo‘li va dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda restoran ham barpo etilgan.
Bunday keng qulayliklar Qashqadaryoga keluvchi sayyohlar sonini oshirmoqda. O‘tgan yili viloyatga ikki yarim million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Shundan besh yuz ming nafarga yaqini aynan Shahrisabz tumaniga kelgan. Hududdagi bu o‘zgarishlardan keyin keltirilgan raqam bir necha barobar o‘sishi tabiiy.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter