Toshkentdagi maktablarning biri kiyinish xonasiga kamera o‘rnatilgan. Holatga izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchi qizlarning kiyinish xonasiga video kuzatuv kameralari o‘rnatilganligi va bundan ota-onalar norozi ekanligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar XTBB munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini «tanganing ikkinchi tomoni borligini unutmaslik»ka chaqirmoqda.
Poytaxt XTBBga ko‘ra, holat bo‘yicha Ishchi guruhi o‘rganish olib borib, unda haqiqatan maktab ma’muriyati o‘quvchilar kiyinish xonasiga video kuzatuv kamerasi o‘rnatganini ma’lum qilgan.
«Bu etika va axloq qoidalariga zid bo‘lsa-da, ushbu holatni maktab direktori U.Rashidova keyingi paytlarda o‘quvchilar o‘rtasida o‘g‘irlik va shunga o‘xshash holatlarni oldini olish, ular o‘rtasida tartib-intizom o‘rnatish, nazoratni kuchaytirish hamda o‘quvchilar hushyorligini oshirish maqsadida Ota-onalar kuzatuv Kengashi taklifiga ko‘ra, kamera o‘rnatishga majbur bo‘lganligi bilan izohladi», – deyiladi munosabatda.
Ta’kidlanishicha, maktabda o‘quvchilar jismoniy tarbiya darsi mashg‘ulotlariga chiqqan mahalida bir necha marotaba mobil telefon, taqinchoqlar, pullar yo‘qolgan. Bu kabi noxush holatlar bo‘yicha bir necha marotaba ichki ishlar idoralari vakillari, ota-onalar ishtirokida bayonnomalar tuzilgan.
«Bu kamera orqali faqat yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz holat sababchilarini aniqlash ko‘zda tutilgan, xolos.
Unda kamera tasvirga olgan lavhalar jamoatchilikka taqdim etilmagan, video kuzatuv faqat direktor xonasida o‘rnatilgan «pult» orqali amalga oshirilgan», – deyiladi XTBB munosabatida.
Shuningdek, poytaxt XTBBning bildirishicha, hozirda maktab ma’muriyati tomonidan kiyinish xonasidagi kamera olib tashlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter