Toshkentdagi so‘lim «orolcha»ga hujum bo‘lmoqda (foto)
Telejurnalist Shohira Hamro bugungi kunda keng muhokamada bo‘lib turgan buzilishlar, e’tibordan chetdagi Astronomiya instituti hududi masalasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
«Astronomiya instituti hududida 20 ta xonadon bor. Institut hududida O‘zbekiston Astronomiya fani rivojiga juda ulkan hissa qo‘shgan akademiklar, professorlar, fan doktorlari, o‘qimishli-ziyoli insonlar va ularning farzandlari bir asrdan beri yashab kelishadi. Yaqin vaqtlarga qadar bu shahar o‘rtasidagi kichkina jannatmisol «orolcha»da chekkadan kelib yashayotgan «begona» yo‘q edi. Hududda faqat Astronomiya ilmiy-tekshirish instituti xodimlariga berilgan uylar bor edi. Chunki, o‘z vaqtida 1941-1945-yillarda butun sobiq Sovet Ittifoqiga «Otdel vremya» orqali eng to‘g‘ri vaqtni berib turgan institutga Moskvadagi Pulkovo instituti ko‘chirilgan, Toshkentning eng baland nuqtasida joylashgan bu hududdan turib osmon jismlarini, yulduzlarni, koinotni kuzatish imkoni bor edi. O‘sha vaqtlari Toshkent osmoni haqiqatdan, sarkazmlarsiz «musaffo» bo‘lib, olimlarga ana shu imkonni bergan ekan. Bu bog‘da 20 dan ortiq teleskoplar joylashtirilgan edi. Hozirda ularning faqat bittasi qolgan va u ham asosan maktab o‘quvchilari uchun ekskursiyada eksponat sifatida ishlatiladi. Qolganlari sotib yuborildi, talon-toroj qilindi.
Hududda o‘sha vaqtlari birorta daraxt kesish, ikki qavatli uylar qurish, tabiatiga zarar yetkazishga ruxsat etilmasdi. Chunki, ilmiy kuzatuvlar uchun tabiatning holati ham muhim ekan. Endi esa 100 yillik, raqamlab, davlat hisobida turgan chinor, yong‘oq daraxtlari kesib, olib ketildi. Astronomik kuzatuvlar tunda olib borilgani sababli, institut o‘z ilmiy xodimlariga sharoit yaratish, ishni to‘g‘ri tashkil etish uchun o‘z hududidagi binolarni yashash uchun ajratgan o‘sha zamonlarda. Keyinchalik, xususiylashtirishga ham ruxsat bergan.
Bugun esa bu yerda «Astronomiya va aeronavtika» bog‘i qurilishi bahonasida, investorga 49 yilga ijaraga berilgan hududda turarjoy binolari qurishga kirishishdi. Prezidentga bog‘ uchun loyiha taqdim etib, imzolatib, bugun o‘sha rejaga o‘zgartirishlar kiritib, uy-joy qurilishi boshlanish arafasida. Lekin uylarimiz buzilishi haqida 2017 yil martida olgan xabar bilan, biz haligacha chang-to‘zon, qum-tuproq, buldozeru-ekskavatorlar orasida qolib, yashab yuribmiz. Astronomiya va aeronavtika bog‘i kerak ekanu, shu fanning O‘zbekistonda bor bo‘lishi uchun umrini, bor orzu-umidlarini shu fanga tikkanlar va ularning oilalari hech kimga kerak emas ekan. Mening turmush o‘rtog‘im astronom. U Xalqaro «Iris» loyihasida, Kumbel kuzatuv ishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Ham o‘sha yerda, ham yangi baza va teleskop qurilish ishlarida ishlagan o‘z vaqtida. Bugunga kelib nima bo‘layapti? Hamma (investor, hokimiyat) bizni eshitmayapti, ko‘rmayapti, sezmayapti. Yarmi, Prezident kelib ochib beradigan institut binosi, qolgani mo‘may pul olib keladigan turar joy qurish bilan ovora.
Kichik ma’lumot, bu yerlarning 1 sotixi 30 ming dollar atrofida baholanadi, ko‘chaning narigi betidagi yangi qurilishdagi uylarning 1 kv.metri 2.200 dollardan sotilmoqda. Institut yopiq hudud, 6 oy ozodlikdan mahrum qilinganlar bilan ham yashadik. Arzon yoki tekin ishchi kuchi sifatida aholi yashaydigan hududda bunday g‘ayriqonuniy ishlarni qilishga ham istihola qilishmadi investorlar.
Xullas, gapirsa gap ko‘p, gapirmasa...
Bu bog‘ga birinchi marta hujum bo‘layotgani yo‘q. 2009-yilda ham bir guruh «kazo-kazolar» bu yerni bo‘lib olib, uy-joy qilishmoqchi bo‘lishgan edi. Lekin hurmatli ustozimiz, rahmatli Ozod Sharofitdinov «Xalq mulki daxlsiz» degan katta bir tahliliy-tanqidiy maqola yozib, «Xalq so‘zi» gazetasida chop ettirganlarilan keyin, bir kunda hamma ish to‘xtatilgan edi. Bugun shu inson oramizda yo‘qliklaridan o‘ksinaman. Ziyolilarimiz orasida bir og‘iz so‘zi bilan haqiqatni tiklay oladigan shaxslar kerak ekan deb o‘ylab qolaman», deydi jurnalist Shohira Hamro.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter