«Toshkent–Andijon» pullik yo‘li qurilishi 4,65 milliard dollarga tushadi
Umumiy uzunligi 314 km bo‘lishi aytilgan «Toshkent–Andijon» pulli yo‘lini yaratish ishlari yakuniga yetib qolgan.
Bu haqda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan «Infrastrukturadagi investitsion loyihalar» mavzusidagi panel sessiyasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.
«Iyun oyi oxirigacha biz texnik-iqtisodiy ishlarni tugatamiz. Yangi pulli yo‘l Toshkent va boshqa hududlarni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 km bo‘lib, uning qiymati 4,65 milliard dollarni tashkil qiladi», – deydi Jasurbek Choriyev.
U, shuningdek, nima uchun transport tizimiga sarmoya kiritish muhim ekanligiga tщxtaldi.
«Birinchisi – iqtisodiy o‘sish. Transport infratuzilmasi biznesni bozor bilan bog‘lash, odamlar va mahsulotlarni tashish orqali iqtisodiyotda asosiy rollardan birini o‘ynaydi. Infratuzilmani yaxshilash savdo, investitsiyalar oshishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va albatta iqtisodiy o‘sishga yordam beradi.
Ikkinchisi – ishlab chiqarishdagi samaradorlik. Transport tizimi narxlarni pasaytirib, yo‘llarni yaqinroq qiladi. Bu ayniqsa ikki tomonlama dengizga chiqishi chegaralangan O‘zbekiston uchun juda muhim hisoblanadi.
Uchinchisi – foydalanish imkoniyati. Transport tizimiga investitsiya kiritish shahar va qishloqlar aholisi uchun muhim xizmatlarga ega bo‘lishiga yordam beradi, ish kuchi yaratiladi», – deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter