Tanqiddan keyin Qarshidagi zavod faoliyati to‘xtatildi
Qarshi shahri Shayxali shaharchasi Koson yo‘li ko‘chasida joylashgan terini qayta ishlovchi JV «Qarshi Leater» MChJ qo‘shma korxonasidan chiqayotgan badbo‘y hiddan aholi aziyat chekayotgani haqida qator xabar va videolar tarqalgandi. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va Qarshi shahar hokimligi munosabat bildirdi.
Ushbu holatni joyiga borib o‘rganish maqsadida Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboyev, deputatlar hamda tegishli tashkilotlar mas’ullari hududga borib, aholi vakillari bilan uchrashdi. Muloqot jarayonida aholi muammolariga quloq tutilib, holat bo‘yicha zavod mas’ullarining ham fikrlari eshitildi.
O‘rganishlar jarayonida korxona o‘n kundan buyon faoliyat yuritmayotgani aniqlandi. Uchrashuvda shahar hokimi korxona mutasaddilari tarafidan tegishli tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan barcha texnik shartlar bajarilib, zavoddan chiqayotgan oqova suvlarni haydash uchun yopiq kanalizatsiya tizimi ishga tushirilmaguncha faoliyat yuritishlariga ruxsat berilmasligini aytdi. Bu zavodning ishlashidan, undan chiqadigan badbo‘y hiddan atrofda yashayotgan oddiy aholi aziyat chekishi kerak emas, dedi shahar hokimi.
Shahar hokimi aholi vakillari va tegishli mas’ullar ishtirokida korxonadan chiqqan oqova suvlar to‘plangan ochiq havzani ham borib ko‘rdi. Bu yerdan taralayotgan qo‘lansa hidni yo‘qotish uchun ochiq havzani tuproq bilan yopish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Muloqot jarayonida aholi vakillarining boshqa masalalar, jumladan, elektr ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, yosh bolalar o‘tadigan asosiy katta yo‘lga maxsus yo‘l belgisi o‘rnatib berish bo‘yicha murojaatlari ham tinglandi. Shu yerda mas’ullarga elektr ta’minotini yaxshilash uchun transformator o‘rnatish, tuproq yo‘lga tosh-shag‘al aralashmasi yotqizish, piyodalar kesib o‘tadigan katta yo‘lga yo‘l chiziq belgisini chizib berish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Bundan tashqari shahar hokimligi tomonidan aholini ko‘mir bilan ta’minlashga ham yordam berilishi aytildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter