Samarqand viloyati hokimligi huzurida jamoatchilik kengashi tuzildi
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov 2018-yil 13-sentabr kuni viloyat hokimligi huzurida jamoatchilik kengashi tashkil etish haqidagi qarorni imzoladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
21 kishidan iborat kengash tarkibiga viloyatdagi nodavlat notijorat, jamoat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, nuroniylar va mehnat faxriylari kiritilgan.
Kengashi raisligiga «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov tasdiqlangan.
Jamoatchilik kengashi viloyat hokimligi tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, qarorlar, shuningdek, hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va fikri hisobga olinishini nazorat qiladi.
Hokimlik zimmasiga yuklangan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlari ko‘rsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha viloyat hokimligi va mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Viloyat hokimligi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, uni amalga oshirishda ishtirok etadi.
Nizomda jamoatchilik kengashi nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun viloyat hokimligini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan «ko‘prik» rolini bajarishi belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter