«Reestr.uz endi faqat «spravochnik» bo‘lib qolmaydi» — Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi bo‘limi boshlig‘i
Bugun Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi bo‘limi boshlig‘i Doniyor Maksumov bilan Reestr.uz saytini rivojlantirish, nega bunga ehtiyoj tug‘ilgani, jamoa o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘ygani haqida suhbatlashdik.
– Ayting-chi, respublikamizda axborot tizimlarining yagona bazasini yaratish bizga nima beradi?
– Vazirlar Mahkamasining “Elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida hukumatimiz tomonidan bizning oldimizga ikkita masala qo‘yildi. Shulardan biri, respublikamizdagi barcha davlat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan axborot tizimlarining yagona bazasini yaratish. Ya’ni qaysi davlat tashkilotlarida nechta va qanday axborot tizimlari joriy qilingan, ularning ro‘yxatini yuritish, monitoringini olib borish, samaradorligini o‘rganish va hokazo. Shuningdek, bir xil vazifani bajaruvchi takroriy axborot tizimlari joriy etilishining oldini olish evaziga yaratilishiga ketadigan ortiqcha xarajatlarni tejash.
Respublikada joriy etilayotgan axborot tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini (integratsiyasini) ta’minlash, ularning yaratilishida yagona yondashuv asosida unumli texnologiyalardan foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidan normativ-huquqiy hujjatlarga va davlat standartlariga rioya etishni ta’minlashga asos bo‘ladi.
Axborot tizimi deganda axborotni to‘plash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan jami axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari tushuniladi, ya’ni bu – ma’lum bir sohani avtomatlashtirishga qaratilgan dasturiy ta’minot.
Axborot resursi deganda esa axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, ma’lumotlar bazasini tushunishimiz lozim.
– Bilishimizcha, Reestr.uz sayti avvaldan bo‘lgan. Yangi talqinini yaratishdan maqsad nima?
– Bilasizmi, endilikda davlat tashkilotlari o‘z axborot tizimini joriy etishdan oldin ma’lumotlarini Reestr.uz saytiga joylashtirib borishi va axborot tizimiga tegishli loyiha-texnik hujjatlarini mazkur sayt orqali elektron shaklda kelishishi lozim bo‘ladi.
Hozirgi kungacha bu sayt faqat «spravochnik», ya’ni ma’lumotnoma vazifasini o‘tab keldi. Unda tashkilotning faoliyati, monitoringi, tahlili, nazorati masalalari ko‘zda tutilmagan. Agar an’anaviy tartibda ko‘radigan bo‘lsak, davlat tashkilotining o‘zidagi axborotni shu reyestrga qo‘yishi uchun bazasi bor, uni yuritadi, lekin mavjud holati to‘liq emas. Xo‘sh, biz nimaga intilyapmiz? Biz uning nafaqat bazasini yuritish, balki avtomatlashtirishga ham erishmoqchimiz. Bu tizim yo‘lga qo‘yilsa, juda ko‘p ovoragarchilik, qog‘ozbozlik, vaqt, hattoki moliyaviy xarajatlar tejalishiga bir omil bo‘ladi. O‘zaro axborotlar almashinuvida esa ancha yengillik beradi.
– Yaxshiroq anglashimiz uchun jarayonni misollar bilan tushuntirib bersangiz...
– Albatta. Tasavvur qilaylik, turizm sohasida respublikaga tashrif buyurgan turistlarni ro‘yxatga oladigan va ularga interaktiv onlayn xizmatlar ko‘rsatadigan axborot tizimi yaratiladigan bo‘lsa, avval, belgilangan tartibda mazkur tizimning pasporti, konsepsiyasi, so‘ngra texnik topshirig‘i ishlab chiqiladi.
Pasportda tizimning nomi, maqsadi, vazifalari va uning davlat organlari yoki xorijiy mamlakatlarning qaysi mutasaddi idoralari axborot tizimlari bilan integratsiyalashganligi va loyihaning umumiy qiymati ko‘rsatib o‘tiladi.
Konsepsiyada mazkur axborot tizimining samaradorligi, joriy etilishida qaysi xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganligi hamda kelgusida takomillashtiriladigan bo‘lsa, istiqboldagi vazifalari nimadan iboratligi keltiriladi.
Pasport va konsepsiyaning ishlab chiqilishi “nimani?”, texnik topshiriq “qanday qilib?” degan savolga javob beradi va bunda axborot tizimini ishlab chiqishning texnik yechimini ko‘rsatib beradigan mexanizm yoritiladi.
Texnik topshiriqni qurilish sohasi misolida tushuntiradigan bo‘lsam, quruvchiga ma’lum bir turdagi binoni qurish kerak, degan talab qo‘yilsa, uning texnik topshirig‘ida tayyorgarlik jarayoni (loyiha hujjatlarini tayyorlash), poydevor yaratish, gidroizolyasiyasini ta’minlash, devorlarini qurish, tomini yopish, suv o‘tkazish va chiqarish bosqichlarini inobatga olish hamda bino qurilishida uning xarakteristikasi, qavatlar soni, balandligi, arxitekturasi, qanday qurilish ashyolaridan foydalanishi kabi talablar qo‘yiladi.
Axborot tizimida ham texnik topshiriq xuddi shu tartibda ishlab chiqiladi. Barcha texnik hujjatlar belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgach, tashabbuskor tomonidan dasturchilarni jalb etgan holda axborot tizimlari yaratiladi, sinovdan o‘tkaziladi va amaliyotga joriy qilinadi.
Ko‘ryapsizmi, har bir jarayonda markazga qog‘ozlar, xatlar ko‘tarib, necha martalab murojaat etishga to‘g‘ri kelyapti. Demak, mazkur texnik hujjatlarni ko‘rib chiqish bosqichlarida an’anaviy yozma kelishuvlardan voz kechib, zamonaviy elektron kelishuvga o‘tish orqali davlat tashkilotlarida joriy etilayotgan axborot tizimlari va resurslari hamda ular bazasida shakllanayotgan interaktiv xizmatlarning o‘z vaqtida va sifatli joriy etilishiga erishamiz.
– Yaqin-yaqingacha mahalladan oddiy ma’lumotnoma olish uchun qancha ovora bo‘lganlarim yodimga tushdi. Doimiy hujjatlar bilan ishlaydigan tashkilotlarga ham osonmas. Demak, hademay eshikma-eshik qog‘oz ko‘tarib yurishlar o‘tmishda qolarkan-da?..
– Elektron hukumatimiz aynan shu maqsad sari qadam qo‘ygan. Bundan 5-6 yil oldin shoshilinch, tezlashtirilgan holda ishlab chiqilgan Reestr.uz sayti shu vaqtgacha faqat ma’lumot olish vazifasini o‘tagan bo‘lsa, endi u orqali davlat tashkilotining pasportini, konsepsiyasini, texnik topshirig‘ini elektron qabul qilish, onlayn kelishish, masofadan xulosa berish va joriy etish mumkin. Shuningdek, tashkilotning axborot tizimini tahlil qilish, onlayn nazoratini olib borishni ham yo‘lga qo‘yyapmiz.
– Ushbu dastur qachondan amaliyotga joriy etiladi?
– Dasturiy ta’minot bo‘yicha barcha ishlarni yaqin kunlarda yakunlaymiz hamda axborot tizimlari va resurslari soni ko‘p bo‘lgan davlat idoralari bilan hamkorlikda sinovdan o‘tkazamiz. Nasib bo‘lsa, kelayotgan oyda to‘laqonli ishga tushiramiz. O‘ylaymanki, tizim yo‘lga qo‘yilgach o‘z samarasini beradi va hujjatlar kelishuvining avtomatlashtirilgan biznes jarayonini o‘z ichiga qamrab oladi.
– Qarshi bo‘lmasangiz, yangi tizimning afzallik jihatlari bilan ham qisqacha tanishsak...
– Endilikda reyestrga qo‘shilgan har bir axborot tizimi pasportiga ID raqam beriladi. Ixtiyoriy axborot tizimi bo‘yicha tashkilotlar doirasida qidirib topish va maqsadli foydalanib kelinayotganlari to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi. Bunda: axborot tizimlarining faol holati idoralararo ekanligi, ular qanday ma’lumotlarni boshqarish tizimlaridan foydalanayotganligi, qanday server qurilmalarini qo‘llayotgani, mazkur tizimlarni o‘z kuchi bilanmi yoki tashqi dasturchi kompaniyalarni jalb etgan holda ishlab chiqayotganini tahlil qilib, respublikada axborot tizimlarini yaratish, joriy etish va takomillashtirish belgilangan siyosatni yanada rivojlantirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, axborot tizimlari va resurslarining yagona reyestrida texnik hujjatlar elektron kiritilishining har bir bosqichi qanday amalga oshirilishi to‘g‘risida yo‘riqnoma belgilab beriladi. Muhim jihatlaridan yana biriga to‘xtalsak, buyurtma berayotganda har bir davlat tashkilotining shaxsiy kabineti bo‘ladi. Yagona identifikatsiya tizimi – One.ID orqali shaxsiy kabinetga kirganda, axborot tizimi pasportiga tegishli savolnomalar: bu axborot tizimimi yoki axborot resursi, mavjud tizimmi yoki yangi, o‘z ichida shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlaydimi-yo‘qmi, kabi savollarga javob bergan holda elektron to‘ldiriladi.
Agar tizim yangi bo‘lsa, barcha kelishish jarayonlaridan elektron shaklda o‘tish talab etiladi. Hozirgi paytgacha amaliyotga joriy qilingan va ishlab turgan bo‘lsa, unda shart emas, ma’qullab qo‘ysa, avtomatik tarzda reyestrga qo‘shilib boradi.
– Bunda aynan qaysi jarayonlar avtomatlashtiriladi?
– E’tiborli jihati ham shu. Bunda qaysidir biri emas, balki barcha jarayonlar avtomatlashtiriladi. Masalan, pasport qismida biz savolnomani to‘ldirishni shartli ravishda to‘rt qismga bo‘lganmiz.
Birinchi bosqichda: qisqa nomi, yuridik manzili, mas’ul xodimlari, maqsadi, vazifalari, qachon joriy qilinishi kabi ma’lumotlar to‘ldiriladi.
Ikkinchi bosqichda: qanday xizmatlar ko‘zda tutilgani, qaysi axborot tizimlarini o‘z ichiga olishi, davlat tashkilotlari bilan integratsiyasi, ya’ni bog‘liqlik joyi va hokazolar kiritiladi.
Uchinchisiga o‘tganida: bu tizimning qachon joriy etilgani, mutasaddi idoralardan axborot xavfsizligi talablariga muvofiq ekspertizadan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘ldiriladi. To‘rtinchi qadamda axborot tizimining o‘rnatilgan yoki o‘rnatiladigan server qurilmasi texnik parametrlari kiritib boriladi: tizim qayerda joylashadi, server xizmati qayerda ko‘rsatiladi, ma’lumotlar bazasi, himoya vositasi, elektr ta’minot manbaini ta’minlashda qanday qurilma va texnologiyalardan foydalanyapti kabilar.
Barcha ma’lumotlar to‘liq kiritilgach, davlat tashkiloti rahbari tomonidan ma’qullanadi va elektron portal orqali ekspertizadan o‘tkazish uchun markazga yuboriladi. Markaz operatori tomonidan ma’lumotlar tekshirilib, elektron xulosa taqdim etiladi va ID raqam berilgan tartibda davlat tashkilotining shaxsiy kabinetiga kelib tushadi. Demak, avtomatlashtirish tizimining eng afzalligi vaqtni, qog‘ozni, xarajatlarni tejashi, ortiqcha asabiylashishlarning oldini olishidir.
– Endi tizimga ma’lumotlarning kiritib borilishi ustidan nazorat o‘rnatiladimi? Ushbu vazifaga kimlar mas’ul bo‘ladi?
– Tizimda audit vazifasining joriy etilishi manbaga kiritilgan axborot tizimlari va reyestrlarining pasportlari, konsepsiyasi, texnik topshiriq loyihalari ustidan nazorat qilish va monitoring olib borish, axborot tizimlari amaliyotga joriy etilgach esa, ular samaradorligining tahlilini olib borish imkonini yaratadi.
Mazkur vazifa vakolatli davlat idoralariga beriladi va ular tomonidan har bir texnik hujjatning kelishish jarayoni, ma’lumotlarning o‘z vaqtida kiritib borilishi, respublikamizdagi axborot tizimlarining axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qiluvchi organdan ekspertizadan o‘tkazilgani, tizimlar samaradorligi: tizim joriy etilishi natijasida vaqt tejalishi, xarajatlar qisqarishi, inson omili kamaytirilgani, qog‘oz tejamkorligi va boshqalar kuzatib boriladi.
Shohida Isroilova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter