Eng shaffof boshqaruv (video)
Raqamli iqtisodiyot davlat boshqaruvida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, yillar davomida barcha tizimlarda urchigan korrupsiya va byurokratizmga barham berishda dunyo tajribasidan o‘tgan usuldir. Aynan pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanishda uning o‘rni juda bilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yilga «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» nomi berilib, shu yilning 28 aprelida «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorning imzolanishi mamlakatimizda raqamli O‘zbekiston dasturini jadal ro‘yobga chiqarishdek yangi yo‘lni tanlashimizga turtki bo‘ldi.
Jumladan, mazkur qarorda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi» davlat muassasasini tashkil etish topshirig‘i ham qayd etilib, Markazga aholi va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni elektron shaklda yo‘lga qo‘yishdek mas’uliyatli vazifa ishonib topshirildi.
Shu bilan birga, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markaziga elektron hukumatni rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash, davlat organlari va tashkilotlarida raqamli rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, ijro intizomining yagona idoralararo elektron tizimini joriy etish hamda sohadagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bosqichlarini muvofiqlashtirish kabilar asosiy vazifalar etib belgilab berildi.
Bugun Elektron hukumat tizimiga 100 dan ortiq axborot tizimlari ulangan. Barcha vazirlik va davlat tashkilotlarining axborot tizimiga esa yagona identifikatsiya tizimi, ya’ni ONE ID (https://id.egov.uz) orqali kirish mumkin. 2020 yilda Markaz tomonidan ushbu tizimning kengroq imkoniyatga ega, texnologiyasi mukammal va tezligi o‘zgargan hamda nisbatan xavfsiz bo‘lgan yangi talqini ishlab chiqildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz) esa 210 ziyod xizmatlar bilan boyitildi. Endilikda aholi STIR ochish, bolani bog‘chaga navbatga qo‘yish, doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatga turish, kadastr pasportini shakllantirish, pasportini ID-kartaga almashtirish, davlat organlari talab qiladigan turli ma’lumotnomalarni olishda elektron hukumat xizmatlaridan oson va qulay tarzda foydalanish imkoniyatiga ega.
Shu kungacha elektron hukumat doirasidagi iqtisodiyot tarmoqlari, mahalliy hokimiyat organlari va vazirlik idoralarida 100 dan ziyod yirik loyihalar amalga oshirildi. Xizmat ko‘rsatishni avtomatlashtirishdan tashqari, tizimlarni ishlab chiqarish bo‘yicha vazirlik va idoralardan kelayotgan 250 dan ortiq texnik topshiriqlarga xulosalar berilib, 600 dan ziyodiga taklif va mulohazalar yetkazildi.
Ha, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani, shubhasiz. Buni birgina Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan amaliyotga keng joriy etilayotgan ko‘plab loyihalar hamda foydalanuvchilar soni kun sayin ortib borayotgan elektron hukumat xizmatlaridan ham anglash mumkin.
Xulosa shuki, Elektron hukumat bu – fuqarolari haqida qayg‘urib, ularning xavfsizligi va huquqlarini kafolatlovchi eng shaffof boshqaruv. Uning rivojlanishi ertangi kunimiz yanada yorqin kelishidan darak!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter