Tok urishidan vafot etgan bog‘cha tarbiyalanuvchisi ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

Maktabgacha ta’lim muassasida ikki yoshli bola tok urishi oqibatida vafot etgan holati bo‘yicha xabar berilgan edi.
RShTYoIM Buxoro filialining qo‘shimcha qilishicha, 2025-yil 28-mart kuni soat 16:40 da xususiy bolalar bog‘chasi xodimlari tomonidan 2023-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolaning jasadi yo‘lovchi mashinasida olib kelingan. Bog‘cha xodimlarining so‘zidan: bola elektr kabelini ushlagandan so‘ng hushdan ketib, kontaktga kirishmagan.
Shu vaqtning o‘zida shahar IIB 102-navbatchisi 6-operator Jalolovga tibbiyot xodimlari tomonidan xabar berilgan.
Tegishli barcha mutaxassislar ko‘ruvi hamda tekshiruvlar xulosalariga asoslanib, 2025-yil 28-mart kuni soat 16.43 da «biologik o‘lim» holati qayd qilingan.
RShTYoIM Buxoro filiali bosh shifokori Muhsin Rajabovning bildirishicha, bola o‘lim holati bilan kasalxonaga keltirilgan va bu haqda zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar berilgan.
- RShTYoIM Buxoro filialiga tok urushidan jabrlangan 1,5 yoshli o‘g‘il bola o‘lim holati bilan ikki nafar ayol murabbiy tomonidan keltirildi. Biz bu vaziyatda bolaga hech qanday ko‘mak bera olmasligimiz ayon. Zudlik bilan ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qilindi va bu haqda akt tuzildi, -dedi Muhsin Rajabov.
Buxoro viloyat prokuraturasi axborot xizmati rahbarining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Buxoro tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshuruv o‘tkazilmoqda. Yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi.
Ayni paytda Buxoro tumanidagi YaTT Xolboyeva O‘lmas Uzoq qizi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lgan jurnalist va blogerlar tashkilot rahbari bilan bog‘lanolishmadi. Bog‘cha bolasi tok urishidan jabrlangandan keyin uning shifoxonaga olib ketilgani va holat yuzasidan oilasiga xabar berilmagani og‘riqli savol bo‘lib qolmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter