«Qo‘ying, internetga chiqarmang» – bir qo‘l bilan ishlab yurgan bog‘bon
Uni dastlab yer chopayotgan payti ko‘rdim. Belkurakni biqiniga tirab, yerga bosar va yagona qo‘li bilan tuproq ag‘darardi. Keyin gulzorlarni ketmon bilan tozalashiga ko‘zim tushdi. Bolalarim o‘qiydigan maktab devorlarini bo‘yab yurganida tushundimki, navbatdagi qahramonim qarshimda.
Yosh jurnalistlar maqolalar uchun qahramonlarni qanday topish haqida ko‘p so‘rashadi. Buning hech qanday siri yo‘q, ular oramizda, har qadamda uchraydi. Faqat ochib berish kerak xolos.
Bir qo‘lidan ayrilganiga qaramay maktabda bog‘bon bo‘lib ishlayotgan Abduvohid aka bilan suhbatimiz juda qisqa bo‘ldi. Eng qizig‘i, har qancha so‘rashimga qaramay na familiyasini, na yoshini bila oldim.
– Qo‘lni qayerda yo‘qotgansiz?
– Temiryo‘lda ishlaganman. Bir baxtsiz hodisa bo‘lib, qo‘limdan ayrilganman.
– Maktabda shtat asosida ishlaysizmi, qiynalmaysizmi?
– Yo‘q, o‘rganib qolganman. Tong sahar 5-6 bo‘lmay turaman va shu bilan kechgacha harakatdaman. Ish juda ko‘p. Maktabni o‘quv yiliga tayyorlashda qatnashdim. Hozir oxirgi bo‘yoq ishlarini bajaryapman. Ishlamasam, kasal bo‘lib qolaman.
– Qo‘lingizdan ayrilganda tushkunlikka tushgandirsiz?
– Ha, 5-6 oy yotib qolganman. Faqat iltimos, meni internetga chiqarib yubormang.
– Nega endi? Soppa-sog‘ odamlar ish yo‘q deb, boqimanda bo‘lib, yordam so‘rab yotishadi. Siz kabi insonlar ularga o‘rnak bo‘lishi kerak.
– Rahmat. Endi shu yerlarni obod qilaylik, deb yuribmizda biz ham. Davlat pensiya ham beradi, lekin kamroq. Shu kamini to‘ldiraylik deb qimir-qimirda...
Abduvohid aka shu maktabda ishlayotganidan juda xursand bo‘ldim. Chunki hayotga juda yengil qaraydigan bolalar uning qiyofasida irodasini kuchaytirsalar ajab emas.
Abror Zohidov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter