Qiz-juvonlarni «pullash» bilan shug‘ullangan ayol qamaldi
«Opa, qizim betob, iltimos, avval pulni bering, keyin navbatdagi shartlaringizni ham bajaraman...», degan N.Sh.ning iltijolari havoda qoldi.
Shaxsni ekspluatatsiya qilish maqsadida ayollarni fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish «ilmi»ni yaxshigina o‘zlashtirgan 29 yoshli G.I.ning yuragi o‘z qarshisida ko‘z yosh to‘kib turgan yosh juvonga ham achinmadi. O‘z xonadonida tashkil etgan fohishaxonasida N.Sh.ni ketma-ket ikki mijoz bilan xufyona ishqiy munosabatga kirishishga majburlagan. Keyin esa N.Sh.ni yarim yalong‘och holda yuvinish xonasidan chiqayotganida suratga olib, agar uning aytganlarini bajarmagan taqdirda ushbu suratlarni oila a’zolariga yuborish bilan qo‘rqitgan. Eridan ajralgach, ota-onasining uyiga qaytgan N.Sh. aka-ukalari va yangalarining oldida sharmanda bo‘lishdan cho‘chib, G.I.ning shartlariga ko‘nib kelgan.
«Mening «mijoz»larim «ishim» uchun necha so‘m to‘lashlaridan xabarim bo‘lmagan. G.I. har bir mijozdan menga «ana, sening haqing» deya 50 ming yoki 100 ming so‘m berardi. Men sharmandalikdan qo‘rqib, uning shartlariga ko‘nishga majbur bo‘lganman», — degan sud majlisida N.Sh.
N.Sh.ning so‘ziga ko‘ra, turmushi buzilib, ota-onasining uyiga qaytgach, ursa-o‘poq, tursa-so‘poq bo‘lgan. Bir nafar voyaga yetmagan farzandining davolanishi uchun pul topolmay, ancha qiynalgan. Yangalarining qiyin-qistovi bilan ijara uyga chiqib ketishiga to‘g‘ri kelgan. U ijara uy izlab, G‘ijduvon tumanidan Buxoro shahriga qarab yo‘lga tushgan. Taksiga chiqqach, haydovchiga yetarlicha puli yo‘qligini aytib tushuntirgan. Ushbu taksida G.I. ham bo‘lgan va qarshisida turmushidan ezilib turgan ayolni «o‘lja»siga aylantirgan. «Ayni muddao. Men ijarachi izlab yurgandim...» — deya aldab, N.Sh.ni 100 ming so‘m miqdoridagi pul bilan ham avragan. Begona ayoldan saxovat ko‘rgan N.Sh. o‘sha daqiqadan boshlab, o‘zi bilmagan holda unga tobe bo‘lib qolgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, N.Sh. qo‘shmachilikda «pishgan» G.I.ning birinchi o‘ljasi bo‘lmagan. U bundan ilgari ham ko‘plab g‘ijduvonlik va shofirkonlik qiz, juvonlarni aldagan, pullagan. Moddiy jihatdan qiynalgan ayollarni nomuayyan doiradagi jinsiy sheriklar bilan shahvoniy munosabatlarga kirishishidan muttasil foydalanib kelgan. Qiz-juvonlarni sotish evaziga shaxsi aniq va aniq bo‘lmagan erkaklarni shahvoniy maqsadlarda yollab, ularning har biridan turli miqdordagi pullarni undirib kelgan.
Ayrim qizlarning sog‘ligi yomonlashgan paytida ham shafqatni unutgan. Ayollarni o‘z ta’siri ostida ularning erkiga xilof ravishda har qanday ish yoki xizmatni bajarishga majbur qilgan. Biroq, sud jarayonida bir nechta qizlar bunday «ish»ga o‘z ixtiyorlari bilan rozi bo‘lganliklarini ham bildirishgan.
«G.I.ning xatti-harakatlari izchil o‘rganildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan aybdor, deb topilib, ikki yili ikki oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U sud hukmi o‘qib eshittirilgach, sud zalidan qamoqqa olindi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi», — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi raisi Bobur Umarov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter